Joriy yil 3-7 iyul kunlari yurtimizda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi hamda “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi” shiori ostida xalqaro konferensiyalar o‘tkazilmoqda.
Toshkent shahridagi “Ivent-xoll” majmualar saroyida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi o‘rinbosari, akademik Akmal Saidov O‘zA muxbiriga mazkur xalqaro anjumanning mazmun-mohiyati xususida o‘z fikrlarini bayon etdi.
– Bugungi kunda “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” tushunchalari dunyo siyosati lug‘atiga kirib, beqiyos ilmiy ahamiyat kasb etmoqda. “Yangi O‘zbekiston” iborasi so‘nggi yillarda ilgari surilgan va bugungi kunda butun xalqimiz shuuridan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan ezgu g‘oyadir.
Mazkur g‘oya zamirida, bir tomondan, bugungi va ertangi avlodlarimizning “Uchinchi Renessans” poydevorini qo‘yishdek ezgu maqsad-muddaosi, ikkinchi tomondan milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi Uyg‘onish davrlariga asos solgan ulug‘ ajdodlarimiz, alloma bobolarimiz orzu-intilishi, armonlari, shuningdek, bunyodkorlik, ma’rifat va ma’naviyatga da’vat mujassamdir.
Zero, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi – ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishda ana shu ikkita mustahkam ustunga, ya’ni, bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyotga hamda ajdodla rimizning boy merosi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyatga tayanamiz”.
Yangi O‘zbekistonni barpo etish shunchaki xohish-istak, sub’ektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asosga ega, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyat taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishiga mos, milliy manfaatiga to‘la javob beradigan ob’ektiv zaruratdir.
Diyorimizda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish asosiy maqsad etib belgilangan. Bu masala strategik vazifa sifatida millatni birlashtiruvchi g‘oya darajasiga ko‘tarilmoqda.
Renessans, ya’ni fransuzcha “Renaissonce”, italyancha – “Rinascimento” – “qayta yuzaga kelmoq”, “yangidan tug‘ilmoq”, “uyg‘onish” ma’nolarini anglatadi. O‘tmishga nazar tashlasak, tarix faniga “Musulmon Renessansi” tushunchasi taniqli Avstriya sharqshunosi Adam Mets tomonidan XX asr boshlarida, aniqrog‘i 1909 yil kiritilgan. Olim “Sharq” atamasini tarixiy mazmunda ishlatib, O‘rta yer dengizidan to Yevropa qit’asigacha bo‘lgan yurtlarni nazarda tutadi va bu hududlarda IX-XII asrlarda madaniyat yuksak darajaga ko‘tarilganiga urg‘u beradi. Shu bois, mazkur o‘lkalar qadimiy sivilizatsiya beshigi sifatida e’tirof etiladi.
Sobiq sovet davri tarix va o‘quv adabiyotlarida faqat G‘arb Uyg‘onish davri haqida so‘z ketardi, Sharqdagi Uyg‘onish jarayoni haqida lom-lim deyilmacdi. Zero, tarix fanida “yevropotsentrizm” g‘oyasi hukmron, “G‘arb – ilg‘or, Sharq – qoloq” aqidasi ustuvor edi. Vaholanki, ulug‘ ajdodlarimiz tarixda bir emas, ikki bor Ma’rifiy Renessansga asos solganlar.
Tarixiy manbalarda “islom madaniyatining oltin asri” deya e’tirof etiladigan bu davrda ona zaminimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Ali Ibn Sino, Xorazmiy, Beruniy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abul Mu’in Nasafiy, Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Davlatshoh Samarqandiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulug‘ mutafakkirlar butun musulmon olamiga dong taratgan.
XX asr ma’rifatparvar jadidlari mamlakatimizda Uchinchi Renessansni amalga oshirishlari mumkin edi. Negaki, bu fidoyi va jonkuyar zotlar butun umrini milliy uyg‘onish g‘oyasiga bag‘ishlab, o‘lkani jaholatdan, qoloqlikdan olib chiqish, millatimizni g‘aflat botqog‘idan qutqarish uchun bor kuchi, imkoniyatini safarbar etgan.
Ular shu yo‘lda aziz jonini ham qurbon qilganlar, “Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas” degan hadisi sharifni hayotiy e’tiqod deb bilganlar. Milliy istiqlolga, taraqqiyot va farovonlikka, avvalo, ma’rifat orqali, dunyoviy va diniy bilim, zamonaviy ilm-hunarlarni chuqur egallash orqali erishish mumkin, deb hisoblaganlar.
Bu davrda Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xo‘jayev, Abdurauf Fitrat, Ibrat domla, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, Ashurali Zohiriy, Hoji Muin kabi yuzlab ulug‘ insonlar Milliy uyg‘onish, Millatparvarlik harakatining oldingi saflarida turgan. Ular yangi usul maktablari ochish barobarida odamlar dunyoqarashi va turmush tarzini o‘zgartirishga qaratilgan gazeta-jurnal, nashriyot va kutubxona, teatrlar tashkil etgan.
Jadidlarimiz o‘z ezgu maqsadlarini amalga oshirishiga mavjud vaziyat, ijtimoiy tuzum yo‘l bermagan. Ular davrning tuhmat-malomatiga duchor bo‘lgan. Dastlab Rus podshohligi, keyinchalik sho‘ro hukumati ularni ayovsiz quvg‘in, qatag‘on qilgan. Oqibatda milliy uyg‘onish va taraqqiyot harakati Vatanimiz uchun yorqin xotiraga aylandi. Yurtimiz ozodligi va xalqimiz baxt-saodati yo‘lida jonini fido qilgan jadidlarning ilmiy-ma’rifiy, adabiy-badiiy merosi hozir ham beqiyos ahamiyatga ega.
Hozir biz uchinchi Uyg‘onish davri ostonasida turibmiz. Agar keyingi qariyb yetti yilda hayotimizning birgina yo‘nalishi, ya’ni ma’rifat, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish yo‘lida qabul qilingan qonun, farmon va qarorlar, tasdiqlagan davlat dasturlari, ilgari surgan yangidan-yangi tashabbuslari mag‘zini to‘la chaqib ko‘rilsa, navbatdagi Ma’rifat Renessansining markazi Yangi O‘zbekiston ekaniga hech kimda shubha qolmaydi.
Konstitutsiyaviy islohot va Uchinchi Renessans poydevori mustahkamlanishi esa bir-biriga chambarchas bog‘liq, deyish mumkin. Xalqimiz “Yangi O‘zbekistonni yuksak bilimli, intellektual salohiyatli insonlar yurtiga, ma’rifiy jamiyatga aylantirish” g‘oyasini mamlakatimizda Uchinchi Renessans asosi yaratilishining zarur va majburiy sharti sifatida ko‘ryapti.
Diyorimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishga qodir zamonaviy ilmga ega avlodni tarbiyalash bugungi va ertangi kunimizni, yorqin kelajakni ta’minlaydigan yuksak malakali muallim va murabbiylar, professor-o‘qituvchilar, haqiqiy ziyolilarni yetishtirish, qo‘llab-quvvatlashni talab etadi. Shu ma’noda Yangi O‘zbekiston uchun eng zarur investitsiya ta’lim va tarbiyani konstitutsiyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashdir.
Keng imkoniyatlar, amaliy ishlar mamlakatiga aylanib borayotgan Yangi O‘zbekistondagi jadal demokratik o‘zgarishlar mamlakat davlatchiligi rivojining uch ming yillik tarixiy tajribasi, jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosiga tayanib amalga oshirilmoqda.
Ushbu qoida yaqinda qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham mustahkamlab, belgilab qo‘yildi. Zero, jahon tajribasiga murojaat qilsak, Konstitutsiya nafaqat huquqiy hujjat, balki davlatning siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy qiyofasi, qadriyati, o‘zligini ko‘rsatib, aniqlab beruvchi va aks ettiruvchi Asosiy qonun ekaniga amin bo‘lamiz.
Albatta, Birinchi va Ikkinchi Renessans kabi Uchinchi Renessans ham uzoq davom etadigan jarayon. Uchinchi Renessans poydevorini yaratish besh-o‘n yil emas, yanada uzoqroq vaqt, juda ko‘p kuch, mashaqqat talab qiladi. Buning uchun minglab iste’dodli kadrlar, iqtidorli zamonaviy yoshlar, fidoyi insonlar nihoyatda zarur.
Yurtimizda ulug‘ niyatlar bilan poydevori qo‘yilayotgan Yangi Uyg‘onish davrining yorqin sahifalarga boy buyuk tarixi yaratilmoqda. Bu olamshumul, samarali voqea-hodisalarga boy davr kelgusi avlodlarga munosib meros qoldirishi shak-shubhasiz.
Shu bilan birga, mamlakatimizda o‘tayotgan navbatdagi yirik anjuman – “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Haftalikning asosiy maqsadi xorijiy va milliy ekspertlar, tahlilchilar o‘rtasida Yangi O‘zbekistondagi demokratik islohotlar, ularning mohiyati, erishilgan yutuqlar va navbatdagi dolzarb vazifalar, mamlakatda vujudga kelayotgan mutlaqo yangi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy makon va muhit, davlat tashqi va ichki siyosatining ustuvor vazifalari to‘g‘risida fikr almashishdan iborat.
“Haftalik” doirasida mamlakatimizda “innovatsion va bilimlar iqtisodiyoti” hamda barqaror rivojlanish “drayveri” bo‘lgan raqamli texnologiyalarning rivoji masalalariga bag‘ishlangan forumlar tashkil etilmoqda.
Shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish va ta’lim tizimini isloh etish, ijtimoiy davlat qurish, “yashil taraqqiyot” sohalaridagi yangi O‘zbekiston tajribasi va dunyodagi jarayonlar, yurtimizda yuzaga kelayotgan qulay biznes va innovatsion muhit kabi qator masalalarga bag‘ishlangan muloqotlar uchun alohida platformalar tashkil etiladi. Jumladan, mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha 17 ta yig‘ilish va qator qiziqarli uchrashuvlar o‘tkazilishi nazarda tutilgan.
“Haftalik” doirasida tadqiqot va tahliliy markazlar, biznes hamjamiyat, vazirlik va idoralar tomonidan 300 dan ortiq xorijiy hamkorlari bilan birgalikda 50 dan ziyod konferensiya, davra suhbatlari va amaliy muloqotlar ham tashkil etiladi. Natijada xorijiy va xalqaro sheriklar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan bitimlarni imzolash, qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirish borasida qator kelishuvlarga erishish kutilmoqda.
Mazkur xalqaro darajadagi “Haftalik” Yangi O‘zbekistonda madaniyat, iqtisodiyot, siyosat kabi turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mazmun-mohiyatini targ‘ib etish, jahon maydonidagi imijimizni yanada yaxshilashga xizmat qilishi shubhasiz.
O‘zA muxbiri
Behruz XUDOYBERDIEV yozib oldi
- Qo'shildi: 04.07.2023
- Ko'rishlar: 3694
- Chop etish