O‘zbekistonning ijtimoiy-ma’naviy rivojlanishida mahalla institutining o‘ziga xos o‘rni bor. U qadimdan xalqimizning turmush tarziga singib ketgan va ijtimoiy hayotning ajralmas qismiga aylangan. Mahalla – nafaqat yashash hududi, balki o‘zining o‘ziga xos ma’naviy va ijtimoiy mohiyati bilan jamiyatning barqarorligi, uyg‘unligi va taraqqiyoti uchun zarur tizim hisoblanadi.
Mahalla, xususan, jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarning saqlanib qolishida va uning muhim ijtimoiy, ma’naviy ahamiyatini kuchaytirishda katta rol o‘ynaydi. Har bir hududda, ayniqsa, qishloq joylarida mahalla o‘zining qadimiy an’analari, urf-odatlari bilan jamiyatni shakllantirishda katta o‘rin tutadi.
Bugungi kunda mahalla bolalar tarbiyasida ham alohida ahamiyat kasb etadi. Mahalla faqat jismoniy tarbiyani emas, balki ma’naviy, ijtimoiy va axloqiy tarbiyani ham ta’minlaydi.
Mahallaning bolalar tarbiyasidagi roli nafaqat an’analarga tayangan holda, balki jamiyatdagi yangilanishlarga ham mos ravishda amalga oshirilmoqda. Yangi O‘zbekistonning yangicha siyosati va islohotlari, ayniqsa, mahalla tizimining rivojlanishi va yosh avlodni tarbiyalashda o‘zining alohida o‘rnini ko‘rsatdi.
Mahalla – tarbiya maskani hamdir. Mahallada ulg‘ayayotgan har bir bolaning axloq-odobi uchun butun mahalla ahli mas’ul hisoblanadi. Shuning uchun ham «Bir bolaga yetti mahalla ota-ona» kabi naqllar bejiz paydo bo‘lmagan. Mahallaning har bir yosh taqdiriga javobgarligi, ularni nazorat va tarbiya qilishi barkamol insonni voyaga yetkazishning negizidir.
Shu bilan birga, mahalla institutining rivojlanishi yoshlar va bolalarning ijtimoiy faolligini oshirishda, milliy qadriyatlarni, axloqiy me’yorlarni saqlashda va yangi zamon talablariga moslashishda muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekistondagi keng qamrovli islohotlar orqali mahalla tizimi o‘zining ahamiyatini yanada oshirib, jamiyatni ijtimoiy barqarorlikka erishishida munosib hissa qo‘shishda davom etmoqda. Zero, O‘zbekistonning barkamol va yetuk yosh avlodini tarbiyalash, yurtimizning rivojlanishiga hissa qo‘shish, jamiyatdagi barcha qatlamlar bilan hamkorlikni mustahkamlash davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Shu ma’noda, 2022-yil 19-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani bejiz emas. Mazkur qaror asosida yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlari joriy etildi.
Ya’ni, yoshlar bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish maqsadida har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi. Hozirgi kunda mahallalarda yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular yoshlarning tarbiyasida muhim rol o‘ynamoqda.
O‘zbekiston bola huquqlarini yanada takomillashtirish maqsadida o‘zining xalqaro majburiyatlariga, jumladan, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq qabul qilingan majburiyatlarga sodiq bo‘lib kelmoqda. Mazkur siyosatni takomillashtirishda BMT konvensiyaviy organlari, YUNISEF va xalqaro ekspertlarning tavsiyalariga katta e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitaning 2022-yil bo‘lib o‘tgan 91-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalari bajarilishi yuzasidan Beshinchi davriy hisobotini ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan taklif va tavsiyalarida bolalarni tarbiyalashning ijobiy, zo‘ravonliksiz va ishtirokchi shakllarini, oilada, mahallada va maktabda intizom va munosabatni o‘zgartirishga ko‘maklashish, shu jumladan, xabardorlikni oshirish lozimligi ta’kidlangan.
Mazkur tavsiyalarni amaliyotga tatbiq qilish maqsadida mamlakatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarini bartaraf etish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Birinchidan, 2023-yil 11-aprel kuni “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani alohida ahamiyat kasb etganini qayd etish ayni muddaodir.
Qonunda oilaviy va maishiy zo‘ravonlik uchun, ta’qib qilish, shahvoniy shilqimlik, ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlik ko‘z tutilgan. Ayni chog‘da, ayollarni jinsiy aloqa qilishga majbur etish, turmush qurishga majburlash yoki to‘sqinlik qilish uchun yarashish institutini qo‘llamaslik ham belgilangan.
Shu bilan birga, joriy yilning 2024-yil 14-noyabr kuni “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Qonun bilan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllariga berilgan ta’riflar soni uchtadan (jismoniy, jinsiy, psixologik) oltitagacha (g‘amxo‘rlik qilmaslik, ekspluatatsiya, bulling) kengaytirildi.
Qonun bilan ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning javobgarligi oshirildi. Xususan, ular bolalarning hayotini asrash, ularga g‘amxo‘rlik qilish, mehr-muhabbat ko‘rsatish va sog‘liqqa zarar yetkazuvchi axborotlardan himoya qilishlari hamda tarbiya usullari dag‘al, shafqatsiz bo‘lmasligi, inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yo‘l qo‘ymasligi belgilandi.
Ikkinchidan, aholining bola huquqlari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish tadbirlari izchil amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturida aholining bola huquqlari bo‘yicha xabardorligini oshirish tadbirlari belgilandi. Shuningdek, ta’lim muassasalarida «Inson huquqlari», «Ayollar huquqlari», «Bola huquqlari» o‘quv kurslari joriy etildi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida fuqarolarning bola huquqlaridan xabardorligini oshirish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 2023-yil 1-10-dekabr kunlari “Inson huquqlari” o‘n kunligi tadbirlari o‘tkazilib, mamlakatdagi umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan kunga bag‘ishlangan umummilliy dars o‘tkazildi.
Bundan tashqari, 2024-yil aprel oyida BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilinganligining 35-yilligini nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi qabul qilindi. Uning doirasida bola xuquqlarini ta’minlash to‘g‘risida aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot, ma’naviy-ma’rifiy, o‘quv, ilmiy va ommabop tadbirlar tashkil qilinmoqda.
Xulosa qilib aytganda, mahalla – yosh avlodni barkamol tarbiyalashda muhim rol o‘ynaydigan ijtimoiy maskan. U milliy qadriyatlarni asrash, yoshlarni ma’naviy va jismoniy rivojlantirishda asosiy institut sifatida o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi.
Xalqaro ekspertlar fikriga ko‘ra, mahalla institutining takomillashuvi va uning zamonaviy yondashuvlarga moslashishi, uning yoshlarni tarbiyalashda yanada samarali vositaga aylanishini ta’minlaydi. Mahalla tizimi, o‘zining yangi yondashuvlari bilan, nafaqat xalqimiz, balki butun dunyo bo‘ylab yoshlarni rivojlantirishga va jamiyatning barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shishi tayin.
Husniddin Xolmamatov,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi Inson huquqlari sohasidagi
tahlil va tadqiqotlar bo‘limi bosh mutaxassisi
- Qo'shildi: 18.12.2024
- Ko'rishlar: 240
- Chop etish