(Prezident Sh.M.Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” kitobida bayon etilgan davlatimiz mintaqaviy siyosati talqini)
Vatanimiz dunyoga, dunyo esa yurtimizga keng ochilmoqda. Mintaqamiz va butun jahonda do‘stlarimiz, hamkorlarimiz ko‘paymoqda. O‘zbekiston hozirgi kunda aholi soni bo‘yicha jahondagi eng yirik 40 ta davlatdan biri hisoblanadi. Yurtimiz shiddatli demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib bormoqda.
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida ulkan amaliy qadamlar qo‘yildi. Mustaqil yurtimizning har bir qutlug‘ odimida va bunyodkor xalqimizning har qaysi yutug‘ida Istiqlolning buyuk qudrati yorqin namoyon bo‘lmoqda. Shuning uchun, Prezidentimiz e’tirof etganidek, bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas, bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas!
Millat Sardori xalqimizni yana bir haqiqatni unutmaslikka chorlamoqda. Ya’ni: bugungi O‘zbekiston – bu hali tom ma’nodagi, biz orzu qilayotgan, intilayotgan Yangi O‘zbekiston emas. Hali bu marraga yetish uchun oldimizda juda olis va mashaqqatli yo‘l turibdi. Lekin biz dadil oldinga borishdan, kerak bo‘lsa, kutilmagan, ammo pirovard natijasi samarali va xalqimiz manfaatlariga javob beradigan noan’anaviy qarorlar qabul qilishdan cho‘chimasligimiz zarur.
Shu nuqtayi nazardan, dastavval, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2024-yilda nashrdan chiqqan “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston”[1] nomli navbatdagi salmoqli siyosiy asarining quyidagi asosiy xususiyatlarini sanab o‘tish o‘rinli:
birinchi xususiyati: O‘zbekistonning umumbashariy muammolarni bartaraf etish va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan global tashabbuslariga e’tibor qaratilgan;
ikkinchi xususiyati: mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari alohida ta’kidlangan;
uchinchi xususiyati: Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish hamda milliy davlatchiligimiz asoslarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarning mohiyati va ahamiyati chuqur mushohada qilingan;
to‘rtinchi xususiyati: rivojlanish strategiyalarimizning maqsadi, asosiy tamoyillari, falsafasi va mazmun-mohiyati keng ochib berilgan;
beshinchi xususiyati: hozirgi zamonda Yangi O‘zbekistonni taraqqiy ettirishning joriy holatiga xolis baho berilgan holda, milliy taraqqiyotimiz istiqbollari haqida atroflicha fikr yuritilgan.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston inson huquqlari sohasiga oid 80 dan ortiq xalqaro hujjatga qo‘shildi va ularni ratifikatsiya qildi. So‘nggi 7-yilda qabul qilingan uchta kompleks taraqqiyot strategiyasi hamda turli sohalarni rivojlantirishga oid 60 dan ziyod strategiya, konsepsiya va dasturlarga insonning huquq va erkinliklarini himoya qilish, uning rivojlanishi va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratish, ijtimoiy tenglik kabi tamoyillar, g‘oyalar to‘liq singdirildi[2].
O‘zbekiston Prezidenti “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy va adolatli davlat qurish yo‘llarini keng ochib berdi”[3], deb ta’kidlagani zamirida g‘oyat ulug‘vor haqiqatlar mujassam. Konstitutsiyamizda davlat va jamiyat taraqqiyotining huquqiy mafkurasi, xalqimiz Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida tayanadigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillar qat’iy belgilab berilgani bu fikrning yaqqol isbotidir.
Konstitutsiyamiz Muqaddimasida xalqimiz “xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda, O‘zbekistonning jahon hamjamiyati, eng avvalo, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarini hamkorlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirishga intilib”[4], Konstitutsiyani qabul qilganligi alohida e’tirof etilgani bejiz emas. Zero, 2023-yil 30-aprel kuni mamlakatimiz Asosiy qonunining yangi tahrirdagi ushbu matniga “yagona O‘zbekiston xalqi” bevosita umumxalq referendumida – to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz bergan.
O‘zbekiston Konstitutsiyasida qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni o‘zaro hamkorlik, qo‘llab-quvvatlash, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik tamoyillari asosida mustahkamlash belgilanganligi xalqaro, mintaqaviy va xorijiy ekspertlar tomonidan ijobiy baholanmoqda. Xususan, YEXHT Parlament Assambleyasi sobiq raisi, Avstriyaning Yevropa tadqiqotlari va xavfsizlik siyosati instituti vitse-prezidenti Kristin Muttonen ta’kidlaganidek, “Mintaqadagi og‘ir siyosiy vaziyat, davlatlar o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvi, iqlim o‘zgarishi inqirozi hamda iqtisodiy muammolar xavf solayotgan bir vaqtda O‘zbekistonda keng ko‘lamli o‘zgarishlarni ro‘yobga chiqarish va xalq farovonligi yo‘lida konstitutsiyaviy islohotlarni samarali olib borishga bugungi kunda faqat sanoqli davlatlar qodir ekanligini ta’kidlash joizdir” [5].
Qozog‘istonlik ekspert – “ARGO” fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasining mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi Kaysha Aataxanovaning fikricha, “Bu, ayniqsa, Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatayotganimiz bilan ahamiyatlidir. O‘zbekiston bugungi notinch davrda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashda yetakchi bo‘la oladi”[6].
Qirg‘izistonlik siyosatshunos Mars Sariyev ham konstitutsiyaviy islohot orqali O‘zbekiston butun Markaziy Osiyo taraqqiyotining lokomotivi bo‘lgan davlatning yangi modelini namoyish etayotganini e’tirof etgan. Shu munosabat bilan “Biz, qo‘shni qardosh respublikalar O‘zbekistonning davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish bo‘yicha innovatsion tajribasini puxta o‘rganmoqdamiz. Bu – Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishi va gullab-yashnashi uchun sharoit yaratadi” [7], deb ta’kidlaydi u.
Yangi O‘zbekistonning Asosiy qonunida mamlakatimizning ichki va tashqi, jumladan mintaqaviy siyosati aniq va qat’iy belgilab qo‘yilgan. Konstitutsiyaning 17-moddasiga binoan, “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli subyektidir. O‘zbekistonning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplariga hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa prinsip va normalariga asoslanadi”[8].
O‘z navbatida, Bosh qomusimizning 18-moddasiga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshiradi”[9].
Shu mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asosga tayanib, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirmoqda. Binobarin, “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham mamlakatimiz dunyoning barcha mamlakatlari bilan manfaatli hamkorlik qilishga va BMT hamda uning institutlari bilan amaliy muloqotga hamisha tayyorligi ta’kidlangan.
Yangi O‘zbekiston — o‘z xalqaro majburiyatlariga sodiq davlat, ishonchli tashqi iqtisodiy sherikdir. O‘zgarib borayotgan O‘zbekiston biznes va sarmoyadorlar uchun iqtisodiy ochiqligi va jozibadorligi bilan tavsiflanadi, ustuvor vektori Markaziy Osiyo bo‘lgan davlatning samarali tashqi siyosati uning qo‘shnilar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishiga, Afg‘oniston bilan o‘zaro aloqalarni kuchaytirishga, mintaqa va jahon davlatlari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlashiga yordam beradi.
Turli xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning mavqei yaxshilanmoqda. O‘zbekiston rahbarining pragmatik tashqi siyosiy tashabbuslari butun dunyoda e’tirof etilmoqda. Dunyodagi hech bir mamlakatda so‘nggi yillarda O‘zbekistondagi kabi keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmagan. Toshkentning yaxshi qo‘shnichilik siyosati tufayli Markaziy Osiyo davlatlari ilk bor dolzarb mintaqaviy masalalarni ochiq va samimiy muhokama qila boshladi.
O‘zbekiston jahon minbarlaridan ilgari surgan xalqaro, mintaqaviy va milliy tashabbuslar inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga, bir so‘z bilan aytganda, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarishga qaratilgani uchun xalqaro hamjamiyatning e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Bu fikrlarni O‘zbekiston Prezidenti ilgari surgan mintaqaviy tashabbuslar asosida keyingi yillarda BMT Bosh Assambleyasining bir qator rezolyutsiyalari qabul qilingani yaqqol isbotlab turibdi.
Bulardan birinchisi – BMT Bosh Assambleyasining 2018-yil 22-iyundagi yalpi majlisida qabul qilingan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi;
ikkinchisi – davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan g‘oya asosida 2018-yil 12-dekabrda Bosh Assambleyaning yalpi sessiyasida qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi;
uchinchisi – 2018-yil 27-noyabrda Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasiga asos solinishiga xizmat qilgan rezolyutsiya;
to‘rtinchisi – O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan va 2019-yil 19-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida qabul qilingan “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish” maxsus rezolyutsiyasi;
beshinchisi – 2021-yil 18-may kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taklifiga binoan qabul qilingan “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya;
oltinchisi – 2022-yil 11-iyul kuni BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasida «Markaziy va Janubiy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash» nomli rezolyutsiyadir.
BMTning 75-yillik butun tarixi davomida muayyan bir shaxsning tashabbusi bilan shuncha rezolyutsiya qabul qilinishi tajribasi kuzatilmagan. Prezident Sh.M.Mirziyoyev mintaqamizning jadal rivojlanish istiqbollari va jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini strategik jihatdan teran ko‘ra bilgani tufayli Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi tarixiy-sivilizatsiyaviy aloqalarni tiklash tashabbusini ilgari surdi.
Bu tashabbus – O‘zbekiston keyingi 5-6-yil davomida izchillik bilan ilgari surayotgan va jahon hamjamiyati keng qo‘llab-quvvatlayotgan, yanada muhimi, amaliyotga teran tatbiq etilayotgan xalqaro huquq ijodkorligi sohasidagi tashabbuslarining uzviy davomidir.
Bu tashabbus – Markaziy va Janubiy Osiyo, umuman, Yevroosiyo mintaqasini barqaror, iqtisodiy rivojlangan farovon hududga aylantirishga qaratilgan tarixiy va ma’rifiy, ilmiy va amaliy, izchil va mantiqiy, istiqbolli va samarali, sodda qilib aytganda, har tomonlama mag‘zi to‘q dasturilamal hisoblanadi.
BMT Bosh Assambleyasining «Markaziy va Janubiy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash» nomli rezolyutsiyasi, ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbekiston Prezidentining mintaqalararo uzviy bog‘liqlik konsepsiyasini amalga oshirish yo‘lida qo‘yilgan olamshumul qadamdir. Bu zalvorli qadam, albatta, xalqaro hamjamiyat Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan ulkan birdamlik g‘oyasiga uzoqni ko‘ra bilish va to‘g‘ri prognoz qilish qobiliyatining hosilasi sifatida yuksak baho berganini anglatadi.
Global ko‘lamda tinchlik va barqarorlikka tahdidlar yanada keskinlashgan hozirgi tahlikali davrda mamlakatimiz BMTni zamonaviy talablar asosida isloh qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Yangi tashabbuslar va qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsadida O‘zbekiston tomonidan BMT bilan o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” izchil amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining yangi kitobida hozirgi zamonda xalqaro maydonda hukm surayotgan murakkab, tahlikali jarayonlar, oqibatini bashorat qilib bo‘lmaydigan o‘zgarishlar, dunyoning va mamlakatimizning barqaror rivojlanishi yo‘lidagi xavf-xatarlar, tahdidlar atroflicha tahlil etilganligini alohida ta’kidlash lozim. Muallif ushbu asarini yozishiga qadar ham “Hozirgi zamon” tushunchasi borasida nihoyatda teran mushohada yuritib kelgani bunda katta ahamiyat kasb etadi.
Prezident Sh.M.Mirziyoyevning ta’rifi va talqinlariga ko‘ra, hozirgi zamonda:
birinchidan, ko‘z o‘ngimizda dunyoning butunlay yangi, beqaror, xavotirli geosiyosiy va geoiqtisodiy arxitekturasi shakllanmoqda;
ikkinchidan, turli mamlakatlar o‘rtasida nizo va adovatlar, qarama-qarshilik, ishonchsizlik muhiti kuchaymoqda hamda jamiyatlar ichida ma’naviy tanazzul ildiz otmoqda;
uchinchidan, notinch va tahlikali zamonda azaliy qadriyatlarni, odamiylik qiyofasini saqlab qolish tobora mushkul bo‘lib bormoqda;
to‘rtinchidan, yangi vayronkor mojarolar paydo bo‘lmoqda, global va mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlar kuchaymoqda;
beshinchidan, tashvishli jihati shundaki, bu xavf-xatarlar davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch kamayayotgan, qarama-qarshilik va ziddiyatlar ortishi natijasida geosiyosiy keskinlik ortayotgan vaziyatda kechmoqda;
oltinchidan, xalqaro huquq normalari va prinsiplari tez-tez buzilmoqda;
yettinchidan, inqiroz va muammolarni hal qilish bo‘yicha jahon hamjamiyatida mavjud bo‘lgan xalqaro-huquqiy vositalar, afsuski, o‘zining samaradorligini borgan sari yo‘qotmoqda;
sakkizinchidan, dunyo ishonch, adolat va hamjihatlik qayta tiklanishiga har qachongidan ham ko‘proq ehtiyoj sezmoqda;
to‘qqizinchidan, global siyosiy va iqtisodiy “parchalanishlar”, urushlar va mojarolar xalqaro munosabatlar tizimi asosi va hal qiluvchi tamoyillarining yemirilishiga olib kelmoqda;
o‘ninchidan, qarama-qarshilik va proteksionizm[10] jahon iqtisodiyoti parchalanishi va yetkazib berish zanjirlari uzilishiga sabab bo‘lmoqda;
o‘n birinchidan, mamlakatlarning savdo, moliya, sarmoya, texnologiya va innovatsiyalar transferi sohalaridagi samarali hamkorligida to‘sqinlik qiladigan yangi ajratuvchi chegaralar vujudga kelmoqda;
o‘n ikkinchidan, dunyoda davom etayotgan turli mojarolar, gumanitar, epidemiologik va iqlim inqirozlari BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish hamda kambag‘allikning barcha ko‘rinishlarini qisqartirish borasidagi sa’y-harakatlarga jiddiy tahdid solmoqda;
o‘n uchinchidan, global iqlim o‘zgarishi oqibatida sayyoramizda keskin ekologik vaziyat yuzaga kelib, barcha qit’alarda va mamlakatlarda ichimlik suvi taqchilligi, atrof-muhit ifloslanishi, tuproq yemirilishi, kuchli chang va qum bo‘ronlari, bioxilma-xillikning yo‘qolishi, qishloq xo‘jaligi hosildorligining pasayishi kabi muammolar avjiga chiqmoqda;
o‘n to‘rtinchidan, jahon iqtisodiyotida beqarorlik kuchayib, energetika, oziq-ovqat sohalari va ekologik tizimda inqirozlar o‘tkir tus olmoqda;
o‘n beshinchidan, shu bilan birga, butun jahon iqtisodiyoti raqamlashtirish jarayoniga o‘tmoqda, “yashil” texnologiyalar va innovatsion taraqqiyot har qanday soha va biznes rivoji uchun ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimizning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” kitobidagi dastlabki qism – “Insoniyat tanlagan barqaror rivojlanish yo‘li”[11] deb nomlangani e’tiborlidir. Unda BMTning Mingyillik rivojlanish deklaratsiyasida, keyinchalik “2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish kun tartibi” nomli hujjatda belgilab qo‘yilgan insoniyatning I asrdagi taraqqiyotiga doir ustuvor mezonlar hamda global ahamiyatga ega ezgu maqsadlar haqida fikr yuritilgan.
Prezident Sh.M.Mirziyoyev asosli e’tirof etganidek, “barqaror rivojlanish yo‘li – bashariyat uchun yagona to‘g‘ri yo‘l”[12]. Kitobda barqaror rivojlanish yo‘lidagi 10 ta xavf-xatar va tahdid batafsil tahlil nazaridan o‘tkazilgan bo‘lib, O‘zbekiston Prezidentining ushbu tahdidlarga bergan aniq va lo‘nda tavsiflariga muxtasar to‘xtalish o‘rinlidir.
Birinchidan. Tobora avj olayotgan dunyoda geosiyosiy va geoiqtisodiy qarama-qarshiliklar keskinlashmoqda, xalqaro munosabatlar tizimida yuzaga kelayotgan mojaro va ziddiyatlarni kuch ishlatish orqali hal etishga bo‘lgan intilishlar kuchaymoqda.
Ikkinchidan. Ona sayyoramizda iqlim o‘zgarishi va ekologik vaziyatning keskinlashuvi bioxilma-xillikning qisqarishi, atrof-muhit ifloslanishi va tabiiy resurslarning kamayishi bilan bog‘liq. Ochig‘i, bugun ekologik xatarlar kun sayin o‘zining “halokatli nuqtasi”ga yaqinlashmoqda.
Uchinchidan. Insoniyat boshiga kutilmaganda yopirilib, millionlab kishilarning hayotiga zomin bo‘lgan COVID-19 koronavirus pandemiyasi dunyo sog‘liqni saqlash tizimi va infratuzilmalarining bunday ofatlarga, yuqumli kasalliklarning yangi turlariga qarshi kurashishga tayyor emasligini yaqqol namoyish etdi.
To‘rtinchidan. Global iqtisodiyotda tizimli uzilishlar vujudga kelishi, savdo, investitsiya va innovatsiya sohalarida erkin almashish yo‘lida yangi to‘siqlar paydo bo‘lishi, tovarlar va xizmatlar aylanishining izdan chiqishi, energetik xavfsizlikka bo‘lgan tahdidlarning oshishi tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Beshinchidan. Oziq-ovqat xavfsizligiga tahdidlar halokatli tus olishi oqibatida ko‘plab mintaqalarda ijtimoiy larzalar va beqarorlik holatlari sodir bo‘lmoqda.
Oltinchidan. To‘rtinchi sanoat inqilobiga jadal sur’atlarda o‘tilishi, raqamli texnologiyalar, jumladan, “buyumlar interneti”, robototexnika, katta ma’lumotlar tahlili va kiberfizik tizimlarning hayotda keng qo‘llanilishi, sun’iy intellektning rivojlanishi va insoniyat hayotining barcha jabhalariga jadal kirib kelishi jarayonida ham qator yangi tahdidlar vujudga kelmoqda.
Yettinchidan. Shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda har qanday davlat va jamiyatni ich-ichidan yemiradigan korrupsiya balosi Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan rejalarni ro‘yobga chiqarishda jiddiy to‘siq bo‘lib turibdi.
Sakkizinchidan. Dunyoning turli mintaqalarida o‘zaro shafqatsiz raqobat, millatlararo ziddiyatlar, diniy toqatsizlik, ayirmachilik, separatizm, millatchilik, radikalizm, ekstremizm va terrorizm kabi qator tahdidlar tobora kuchayib, insoniyatning tinch-totuv hayot kechirishiga, barqaror rivojlanishiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
To‘qqizinchidan. Xalqaro xavfsizlik va mintaqamizning barqaror rivojlanishi Afg‘onistondagi jarayonlar bilan bevosita bog‘liq.
O‘ninchidan. Insonlarning erkin harakatlanishi, xavfsiz turizm va iqtisodiyotning zamonaviy sohalari rivojiga xalaqit beruvchi doimiy tusga ega bo‘lgan xatar va tahdidlar ham ortib bormoqda[13].
O‘zbekistonda 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha qamrovdor sa’y-harakatlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bu yo‘ldagi barcha intilishlarimiz BMTning har bir inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan “Hech kimni unutmaslik va ortda qoldirmaslik” asosiy tamoyiliga muvofiqdir.
Bu haqda so‘z borganda, Prezident Sh.M. Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” nomli kitobida XX asrning ikkinchi yarmida “sovuq urush”ni boshidan kechirgan insoniyat ayni kezda global iqlim o‘zgarishi, ekologik inqirozlar va boshqa ko‘plab ijtimoiy-siyosiy muammolarning jabrini tortishga majbur bo‘layotgani haqidagi asosli fikrlariga e’tibor qaratish o‘rinlidir. Chunki, xuddi shuning uchun ham, I asrda umumiy taraqqiyot yo‘lini aniqlab olish, barcha xalqlarning manfaatlariga birday xizmat qiladigan maqsadlarni belgilash va unga intilishga kuchli ehtiyoj paydo bo‘ldi.
Shundan kelib chiqib, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Birlashgan Millatlar Tashkiloti, dunyo mamlakatlari, ularning parlamentlari va fuqarolik jamiyati institutlari, biznes hamjamiyatlari o‘rtasidagi uzoq davom etgan “global maslahatlashuvlar” natijasida barqaror rivojlanish yo‘li – bashariyat uchun yagona to‘g‘ri yo‘l, degan umumiy xulosaga kelinib, uning ustuvor mezonlari belgilab olindi”[14].
Bugungi murakkab davrda – qurolli nizolar ko‘lami misli ko‘rilmagan darajada kengayib, xalqaro tinchlik va barqarorlikka tahdid tobora kuchayib borayotgan qaltis sharoitda Birlashgan Millatlar Tashkilotining roli hamda mas’uliyati yanada ortmoqda. Binobarin, O‘zbekiston Prezidenti komil ishonch bilan ta’kidlaganidek, “zamonaviy tahdidlarni faqatgina muloqot vositasida, bir-birining manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilish, umume’tirof etilgan xalqaro huquq me’yorlariga qat’iy amal qilish orqali yengib o‘tish hamda aynan shu yo‘l bilan dunyo hamjamiyatining demokratik taraqqiyot yo‘lidan og‘ishmay qadam tashlashiga erishish mumkin”[15].
Shu jihatdan, O‘zbekiston “Kun tartibi-2030”da belgilangan barcha majburiyatlarga to‘la va qat’iy amal qilib kelmoqda. Prezident Sh.M.Mirziyoyev ayni mavzuda so‘z yuritar ekan, avvalambor, “barqaror rivojlanish tamoyillari, barqaror rivojlanish huquqi va BRMlarning yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida aks ettirilishi xalqaro hamjamiyat, xususan, BMT tomonidan yuksak baholandi”[16], deb ta’kidlaydi.
“Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” kitobining alohida bir fasli “Yangi O‘zbekistonning mintaqaviy siyosati”[17] deb nomlangan. Asar muallifi mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va nizolarning oldini olishga xizmat qiladigan bir qator muhim mezonlarni qayd etgani diqqatga sazovor.
Birinchi mezon: Markaziy Osiyo xalqlarini ming yillik qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik, quda-andachilik rishtalari bog‘lab turadi. Xalqlarimiz hamisha bir-biriga yelkadosh va hamjihat bo‘lib yashab kelgan. Prezident Sh.M.Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Bizni yagona tarix, yagona din, umumiy madaniyat va an’analar birlashtiradi”[1].
Ikkinchi mezon: butun mintaqamiz ahli Markaziy Osiyo atalmish umumiy uyimizni har xil balo-qazolardan asrash, farzandlarimizni turli nizo va qarama-qarshiliklardan himoya qilish, mintaqamizda tinchlik va farovonlik bardavom bo‘lishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishi zarur. O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, “Bunda mintaqaviy integratsion jarayonlar qo‘shnilar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kuchaytirishga asoslanishi, har birimiz qo‘shnimizning yutug‘ini – o‘zimizning ham yutug‘imiz, uning tinch va farovon hayotini – butun mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni saqlashning garovi, deb bilishimiz lozim” [2].
Uchinchi mezon: Yevroosiyo kengliklarining naq “yuragi”da joylashgan, tabiiy resurslarga juda boy, insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan noyob madaniyat va taraqqiyot salohiyatiga ega Markaziy Osiyo mintaqasida ayni paytda turli davlatlar va kuch markazlarining manfaatlari kesishmoqda. Shundoq ham ayrim beqarorlik va qarama-qarshilik o‘choqlariga tutash bo‘lgan ushbu mintaqa yaqin va uzoq xorijda ro‘y berayotgan mojarolarning ham salbiy ta’sirini o‘zida his etmoqda. Bunday murakkab sharoitda Prezident Sh.M.Mirziyoyev qat’iyat bilan uqtirganidek, “Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlarning mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishdan boshqa yo‘li yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas”[3].
To‘rtinchi mezon: bugun bizni umumiy sa’y-harakatlarimiz bilan Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga, o‘zaro ishonch va do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va manfaatli hamkorlik makoniga aylantirishdek yagona maqsad birlashtirmoqda. Hech shubhasiz, O‘zbekiston Prezidenti qayd etganidek, “amaliy hamkorlikka astoydil intilish, Markaziy Osiyoning kelajagi uchun mas’uliyatni chuqur his etish – mintaqamizning barqaror taraqqiyoti, farovonligi va xavfsizligi uchun mustahkam kafolat va poydevor vazifasini o‘taydi”[4].
Beshinchi mezon: bugun Markaziy Osiyo mamlakatlari aynan yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillariga tayangan holda savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalarda, xavfsizlik va barqarorlik masalalarida o‘z salohiyatini yanada kengroq namoyon qilishi mumkin. Chunki, Prezident Sh.M.Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Bizning nafaqat tariximiz, balki kelajagimiz, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham mushtarakdir”[5].
Oltinchi mezon: o‘tgan yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda ushbu uchrashuvlar mintaqada o‘zaro hamjihatlik va hurmat, yaqin qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhidagi mutlaqo yangi siyosiy muhitni mustahkamlash, muhim hayotiy masalalarni hal qilish va ko‘p qirrali hamkorligimizni sifat jihatidan yangi mazmun bilan to‘ldirish borasida samarali platformaga aylandi.
Yettinchi mezon: mintaqamizda o‘zaro savdo va investitsiyalarning o‘sishiga xizmat qilayotgan qulay muhit shakllantirildi. So‘nggi yillarda mintaqa mamlakatlarining umumiy ichki mahsuloti 40 foiz ko‘paydi. Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida savdo hajmining barqaror o‘sishi kuzatilmoqda.
Sakkizinchi mezon: mintaqamiz davlatlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarning faolllashishi natijasida xalqlarimiz yanada yaqinlashmoqda. Mintaqa doirasidagi siyosiy muloqotlar va parlamentlararo almashuvlar doimiy tus olmoqda. O‘zbekiston Prezidenti e’tirof etganidek, “Eng muhimi, barcha ijobiy o‘zgarishlarni qo‘shni davlatlardagi birodar xalqlar teran his etmoqda. Markaziy Osiyoda barqarorlik va birdamlik mustahkamlanmoqda”[6].
To‘qqizinchi mezon: xalqaro siyosiy lug‘atda mintaqaviy taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiluvchi o‘ziga xos modelni aks ettiradigan “Markaziy Osiyo ruhi” atamasi paydo bo‘ldi. Bugun biz global va mintaqaviy siyosat kun tartibidagi ko‘plab dolzarb masalalar bo‘yicha yagona pozitsiyada turib harakat qilmoqdamiz. O‘zbekiston Prezidenti qayd etganidek, “Mamlakatlarimiz 2017-yildan buyon Markaziy Osiyoda taraqqiyot va sheriklikning muhim masalalari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining 10 dan ziyod rezolyutsiyasi qabul qilinishiga erishdi”[7].
O‘ninchi mezon: qisqa davrda dunyoda mintaqamizga nisbatan ishonch va hamkorlikka intilish kuchaydi. “Markaziy Osiyo +” formatida 10 dan ortiq hamkorlik muloqoti yo‘lga qo‘yilgani buni tasdiqlaydi.
Shunday qilib, keyingi yillarda Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar O‘zbekiston tashqi siyosatining katta yutug‘idir. Prezidentimiz e’tirof etganidek, “Markaziy Osiyoni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish bundan buyon ham O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor maqsadi bo‘lib qolaveradi”[8].
Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimiz rahbari mintaqamizning barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun kelgusida alohida e’tibor qaratiladigan quyidagi yo‘nalishlarga to‘xtalgan.
Birinchi yo‘nalish: “Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni izchil davom ettiramiz”[9].
Ikkinchi yo‘nalish: “Sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish orqali mustahkam qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish choralarini ko‘ramiz”[10].
Uchinchi yo‘nalish: “Transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash asosiy vazifalarimiz sirasiga kiradi”[11].
To‘rtinchi yo‘nalish: “afsuski, mintaqada energetika infratuzilmalarini rivojlantirish sur’atlari sanoatlashtirish va urbanizatsiya jarayonlari hamda demografik o‘sishdan orqada qolmoqda. Bu esa, mamlakatlarimizning uzoq muddatli barqaror rivojlanish yo‘lidagi jiddiy to‘siqdir.
Shu bois biz tegishli vazirliklar va milliy kompaniyalarimizning geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va istiqbolli konlarni o‘zlashtirish, energiya resurslarini saqlash va yetkazib berish bo‘yicha mavjud infratuzilmalarni kengaytirish va zamonaviy infratuzilmalarni yaratish sohasidagi hamkorligini yanada kuchaytirish tarafdorimiz”[12].
Beshinchi yo‘nalish: bugun dunyo aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash hamda oziq-ovqat xavfsizligiga erishish bilan bog‘liq muammolar tobora chuqurlashib bormoqda. Jahonning muayyan bir mintaqalarida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxi oshishi va ularning taqchilligi kuzatilmoqda. O‘zbekiston Prezidenti uqtirganidek, “Bu sohada sa’y-harakatlarimizni birlashtirish va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ko‘magida mintaqaviy Sheriklik dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish zarur, deb hisoblaymiz. Zero, mamlakatlarimiz mintaqaning ichki bozorini oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlash barobarida, xorijga ham eksport qilish imkoniyatiga ega”[13].
Oltinchi yo‘nalish: “iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi kurashish, mintaqadagi ekologik muammolarni bartaraf etish, ayniqsa, Orol dengizining halokatli oqibatlarini yumshatish kabi muhim hayotiy masalalar bugun mintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlashning eng muhim omili hisoblanadi”[14].
Yettinchi yo‘nalish: “mintaqamiz bo‘ylab amalga oshiriladigan turistik sayohatlar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishda muhim omil hisoblanadi”[15].
Sakkizinchi yo‘nalish: “aholisining deyarli yarmi yosh avlod vakillari bo‘lgan Markaziy Osiyo uchun yoshlar va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi ayniqsa dolzarb ahamiyatga ega”[16].
To‘qqizinchi yo‘nalish: “mintaqaviy xavfsizlik eng avvalo, bizning sherikligimiz qay darajada samarali yo‘lga qo‘yilganiga bog‘liq”[17].
O‘zbekiston Prezidenti bu haqda atroflicha to‘xtalar ekan, bir qator amaliy takliflarni ilgari suradi. Jumladan:
birinchi taklif – Markaziy Osiyoda umumiy tahdid va xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha jamoaviy qarorlar ishlab chiqish uchun biz doimiy ravishda o‘zaro fikr almashib turishimiz lozim;
ikkinchi taklif – ayniqsa, ekstremizm va terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafik kabi an’anaviy tahdidlarga qarshi kurashda amaliy hamkorlikni bundan buyon ham kuchaytirib borishimiz zarur;
uchinchi taklif – so‘nggi yillarda internet jahon axborot tarmog‘ida tobora ortib borayotgan noqonuniy faoliyat bilan bog‘liq yangi xavf-xatarlarga ham alohida e’tibor qaratishimiz talab etiladi;
to‘rtinchi taklif – Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlik kengashlari kotiblari tomonidan muvofiqlashtiriladigan maslahat yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib borish lozim;
beshinchi taklif – Markaziy Osiyo mamlakatlari chegaralarini himoya qilish va mustahkamlash bo‘yicha Davlatlararo dasturni ishlab chiqish maqsadga muvofiq;
oltinchi taklif – xavfsizlikka nisbatan an’anaviy va yangi xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasidagi ssenariylarni amalda qo‘llash bo‘yicha qo‘shma harbiy-o‘quv mashqlarini davom ettirish ham muhimdir;
yettinchi taklif – favqulodda vaziyatlarni prognoz qilish, ularning oldini olish, barvaqt ogohlantirish va ularga birgalikda qarshi turish borasida mintaqaviy tizimni shakllantirishni ham hayotning o‘zi taqozo etmoqda[18].
Muxtasar aytganda, keyingi davrda sayyoramiz miqyosidagi beqarorlik shu darajaga yetdiki, hatto bir-birini yaqin-yaqinlargacha do‘stu hamkor hisoblab kelgan davlatlar o‘rtasidagi ishonchga ham putur yetmoqda. Ertaga dunyodagi bu notinchlik ko‘lami qayergacha kengayishini, afsuski, hech kim bilmaydi.
O‘zbekiston Prezidenti dunyodagi va mintaqamizdagi vaziyatga g‘oyat sinchkovlik bilan aniq va xolis baho berar ekan, zamonaviy tahdidlarni bartaraf etish uchun ikki tomonlama va ko‘p tomonlama, mintaqaviy va global darajalardagi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligini alohida ta’kidlagani juda muhim. Davlatimiz rahbari haqli qayd etganidek, “Bunday murakkab sharoitda hech bir mamlakat yakka holda barcha zamonaviy xavf-xatarlarni chetlab o‘tib, ularning sabab-oqibatlarini bartaraf etishga qodir emasligi ayni haqiqatdir”[19].
Akmal SAIDOV,
akademik
[1] O‘sha manba. – B. 459.
[2] O‘sha manba. – B. 460.
[3] O‘sha joyda.
[4] Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston. – Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2024. – B. 461.
[5] O‘sha joyda.
[6] O‘sha manba. – B. 464.
[7] Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston. – Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2024. – B. 464.
[8] O‘sha manba. – B. 465.
[9] O‘sha joyda.
[10] O‘sha manba. – B. 466.
[11] O‘sha manba. – B. 468.
[12] O‘sha manba. – B. 471.
[13] Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston. – Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2024. – B. 473.
[14] O‘sha joyda.
[15] O‘sha manba. – B. 476.
[16] O‘sha manba. – B. 478.
[17] O‘sha manba. – B. 479.
[18] Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston. – Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2024. – B. 479-481.
[19] O‘sha manba. – B. 6.
- Qo'shildi: 18.12.2024
- Ko'rishlar: 281
- Chop etish