20 fevral - Butunjahon ijtimoiy adolat kuni
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining muqaddimasi “Insoniyat oilasining hamma a’zolariga xos qadr-qimmat va ularning teng, ajralmas huquqlarini tan olish erkinlik, adolat va yalpi tinchlik asosi” e’tirofi bilan boshlanishi bejiz emas.
Yangi texnologiyalar keng joriy etilgan, g‘oyalar, mahsulotlar va xizmatlar jadal ayirboshlanayotgan, kapital va moliyaviy oqimlar tobora kengayib borayotgan, biznes va tadbirkorlik faoliyati ommalashgan hozirgi sharoitlarda mehnat sohasida ham chuqur o‘zgarishlar ro‘y bermoqda.
Keng va chuqur iqtisodiy hamkorlik, mehnat sohalarida integratsiyalashuv jarayonlari faqat iqtisodiy o‘sish sur’atlari ortishiga va ish bilan bandlik kengayishiga yordam berishi bilan birga iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot maqsadlariga xizmat qilishi bilan bir qatorda integratsiya va innovatsiya jarayonlarini jadallashtirmoqda. Shu bilan birga globallashgan jarayonlari ko‘pgina mamlakatlar va iqtisodiyot tarmoqlarida ishsizlik darajasi yuqori bo‘lishi, daromadlarda tengsizlik, ish bilan bandlik ta’minlanmasligi kabi jiddiy muammolarni yuzaga chiqaradi.
Mana shu jihatlar hisobga olinib, 1995 yilda Kopengagenda 117 davlat va hukumat boshliqlari ishtirokida oliy darajada umumjahon uchrashuvi o‘tkazildi. Ushbu anjumanda mehnatkashlarning turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha ish beruvchilarning aniq majburiyatlari belgilab olindi. Jahon hamjamiyati mamlakatlar o‘rtasida tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash bilan bir qatorda mehnat sohasida ijtimoiy taraqqiyot va ijtimoiy adolat zarur, degan xulosaga keldi. O‘z navbatida ijtimoiy taraqqiyot va ijtimoiy adolatga insonning huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilish natijasidagina erishish mumkinligi e’tirof etildi.
Ushbu tamoyillar Xalqaro mehnat tashkilotining “Adolatli globallashuv maqsadlarida ijtimoiy adolat to‘g‘risida”gi deklaratsiyasida mustahkamlab qo‘yildi. Bu masalada munosib mehnat dasturi umumjahon xususiyatiga egaligiga doir bayonot ishlab chiqildi. Unda Xalqaro mehnat tashkilotiga a’zo barcha davlatlar ish bilan bandlik, ijtimoiy himoya, ijtimoiy muloqot hamda mehnat sohasidagi huquqlar masalalarida strategik vazifalarni hal etishga yo‘naltirilgan siyosatni olib borishlari zarurligi ta’kidlangan.
Ushbu siyosat doirasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi bu huquqlar ahamiyati hisobga olinb, 2007 yilning 18 dekabridagi o‘zining maxsus rezolyutsiyasida 20 fevralni Butunjahon ijtimoiy adolat kuni deb e’lon qildi. Bu bayram 2009 yildan boshlab har yili nishonlab kelinmoqda.
Ushbu xalqaro bayram qashshoqlikka barham berish, erkaklar va ayollarning ish bilan bandligini teng ta’minlash, shuningdek, hamma uchun ijtimoiy farovonlik va ijtimoiy adolat o‘rnatishni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Butunjahon ijtimoiy adolat kuni, shuningdek, barcha mamlakatlarni inson qadriyatlariga e’tiborni kuchaytirish va hamma uchun imkoniyatlar yaratishga da’vat etishi zarurligiga da’vat etadi.
O‘zbekistonda inson huquqlari va asosiy erkinliklariga oid ijtimoiy adolat qonuniy hal etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 14-moddasida “Davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi. Davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi” deb mustahkamlab qo‘yilgan. Shu bilan birga 2019 yilda “Erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan.
O‘zbekistonda gender tenglik tamoyillarini hayotga joriy etish uchun faol sa’y-harakatlar qilinmoqda. Mamlakatimizning yangi parlamentida deputat ayollarning soni Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining 32 foizini, senator ayollar esa Senat a’zolarining 25 foizini tashkil etadi.
O‘zbekistonning 2024-2027 yillarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqtisodiy va ijtimoiy kengashi a’zosi etib saylanishi mamlakatimizning global darajadagi xalqaro nufuzining ortayotganini tasdiqlaydi. Shunisi e’tiborga loyiqki, mamlakatimizning nomzodi BMTda 185 ta ovoz oldi, chunki bu xalqaro miqyosda nomzod bo‘lish uchun belgilab qo‘yilganidan ancha ko‘p hasoblanadi. Ana shu holat xalqaro hamjamiyatning ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish sohalarida o‘tkazayotgan islohotlari ahamiyatini namoyon etadi. Bu e’tirof mamlakatimiz manfaatlarini ta’minlash bilan bir qatorda dolzarb masalalar bo‘yicha xalqaro siyosatni shakllantirishda faol ishtirok etishiga ham ko‘maklashmoqda.
O‘zbekiston vakilining Xalqaro mehnat tashkiloti ma’muriy kengashiga 2024-2027 yillarda a’zo etib saylanishi ham muhim ahamiyatga egadir. Bunday ishonch mamlakatimizning mehnat munosabatlarini xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshirayotganligini tasdiqlaydi.
O‘zbekiston iqtisodiy barqarorlik, ijtimoiy adolat hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga taalluqli innovatsiyaviy yondashuvlarni muhokama qilishda ishtirok etish imkoniyatiga ham ega. Bunday ishonch kambag‘allikka barham berish, tengsizlikka yo‘l qo‘ymaslik, atrof-muhit o‘zgarishi bilan kurashish kabi global ahamiyatga ega masalalarni hal etishga, tajriba almashishga imkoniyat bermoqda.
Ushbu holatlar mamlakatimizning mehnat munosabatlari sohasida xalqaro standartlarga mos bo‘lishiga intilishini tasdiqlaydi. Imkoniyati chegaralangan fuqurolarning ijtimoiy hayotning barcha sohalarida qo‘llab-quvvatlash, nogiron shaxslar huquqlarini himoya qilish, kam ta’minlangan va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb etish, ularni kasbiy tayyorlash, zarur shart-sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan davlat siyosati yangi darajaga ko‘tarilmoqda.
O‘zbekistonda, jumladan, Nogironligi bo‘lgan shaxslarning idoralararo kengashi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, ish bilan bandlikka ko‘maklashish markazlari o‘z faoliyatlarini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Toshkentda Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari ishtirokida “O‘zbekistonda ish bilan bandlik va ijtimoiy himoya orqali ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Ijtimoiy davlat eng avvalo inson imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish, munosib turmush kechirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, kambag‘allikni kamaytirish uchun muhimdir. Bu ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish hamda muhtojlarga yordam berish bo‘yicha samarali siyosat yuritish modelidir.
Ijtimoiy adolat - eng avvalo inson salohiyatidan to‘liq foydalanish, odamlarning munosib turmush kechirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, kambag‘allikni iloji boricha kamaytirishdir. Bu - ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish va muhtojlarga yordam ko‘rsatish siyosatidir. Ushbu insonparvarlik maqsadlari mamlakatimizda aholi turmush darajasini oshirish, ishsizlikdan himoya qilish, sifatli ta’lim berishni kafolatlash, hamma uchun keng imkoniyatlar yaratishdir.
Erkin ERNAZAROV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist
- Qo'shildi: 20.02.2025
- Ko'rishlar: 235
- Chop etish