Navro‘z  – umuminsoniyat bayrami

Har yili 21-mart kuni millionlab odamlar tomonidan nishonlanadigan Navro‘z bayrami qadimiy va fayzli an’analarga ega bo‘lib, yangi yilning, tabiatning uyg‘onish ramzi hisoblanadi. Bu bayram asrlar davomida turli xalqlarning madaniyatida alohida o‘rin tutib kelgan. U  bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Navro‘z so‘zi forscha “yangi kun” ma’nosini anglatadi. U dastlab qadimgi zardushtiylik diniga mansub xalqlar tomonidan bahorgi teng kunlik kuni – 21-martda nishonlangan. Ushbu kun tabiatning jonlanishi, yangilanishi va hayotning qaytadan boshlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, keyinchalik Markaziy Osiyo, Kavkaz, Yaqin Sharq va boshqa ko‘plab hududlarda milliy an’ana sifatida keng tarqaldi. 2009-yilda Navro‘z bayrami YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi. 2010-yildan boshlab esa BMT Bosh Assambleyasi 21-martni Xalqaro Navro‘z kuni deb e’lon qildi. Navro‘z bayrami har bir xalqda o‘ziga xos urf-odat va an’analar bilan nishonlanadi.

Navro‘z – O‘zbekistonda eng qadimiy va eng sevimli bayramlardan biri bo‘lib, har yili 21-mart kuni katta tantanalar bilan nishonlanadi. Bu bayram xalqimizning madaniy merosi, qadriyatlari va an’analarini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, tabiatning uyg‘onishi, yangi yilning boshlanish ramzi hisoblanadi. Ushbu kun kecha bilan kunduzning  tenglashgan paytidir. O‘zbek xalqi uchun Navro‘z – mehr-oqibat, ezgulik va hamjihatlik bayramidir.  Bu kun oilalar bir joyga yig‘ilib, bayram taomlari tayyorlashadi, o‘zaro mehmondorchilik qilishadi va yoshi ulug‘ insonlarga hurmat bajo keltirishadi.

Eng asosiy an’analardan biri sumalak tayyorlash bo‘lib, bu taom hayot va barakat ramzi sifatida Navro‘z kechalarida tayyorlanadi. Bundan tashqari, halim, ko‘k somsa, shirinliklar va boshqa milliy taomlar tayyorlanadi. Shuningdek, ko‘pkari, kurash, dorbozlik kabi xalq o‘yinlari tashkil etiladi. Yosh bolalar va katta yoshdagilar Navro‘zni qo‘shiq, raqs va sayillar bilan nishonlaydilar. Bir-biriga tabrik aytish, o‘zaro mehmondorchilik qilish va yoshi ulug‘ odamlarga hurmat bajo keltirish ham bayramning muhim qadriyatlaridan biri hisoblanadi. Bayram insonlarni poklik, saxovat, do‘stlik va tinchlik sari undaydi. O‘zbekistonda Navro‘z umumxalq bayrami sifatida mustaqillik yillarida yanada katta e’tibor bilan nishonlana boshlandi. Har yili 21-mart rasmiy dam olish kuni sifatida belgilangan.

Navro‘z bayrami nafaqat tabiatning yangilanishi, balki insonlar qalbining poklanishi va yaxshi niyatlar bilan hayotda yangi bosqich boshlashini anglatadi. U mehr-oqibat, tinchlik, do‘stlik va birodarlik kabi ezgu g‘oyalarni targ‘ib qiladi. Navro‘z odamlarni atrof-muhitni asrashga, mehnat qilishga va kelajakka umid bilan qarashga undaydi. Navro‘z – tabiatning uyg‘onishi, insonlarning yuragida yangi umidlar va ezgu tilaklar paydo bo‘lishi bayramidir. Qadimiy an’analarga boy ushbu kun xalqlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlab, yangi hayotga qadam qo‘yish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi. Shu bois Navro‘z har bir inson uchun yangilanish va baxt keltiradigan ulug‘ ayyom sifatida qadrlanadi.

2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayrami mamlakatimizda “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada keng nishonlanmoqda. Bu borada Prezidentimizning tegishli qarori qabul qilindi.

Xujjatga ko‘ra, Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Bosh vazir raisligida tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlanadi. Tashkiliy qo‘mita Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlari, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda Konsepsiya asosida ishlab chiqiladigan Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlash bo‘yicha tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot tadbirlari dasturi amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Bu yilgi Navro‘z bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama e’zozlash, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan va ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun bayram dasturxoni yozish hamda turli xayriya tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Shuningdek, Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” majmuasida xalq sayillari tashkil etilmoqda.

O‘zbekistonda Navro‘z faqatgina bayram emas, balki milliy qadriyat va urf-odatlarni asrab-avaylash, tabiat bilan uyg‘un yashash va insonlarga mehr-muhabbat ulashish bayramidir. Bu kun odamlar qalbida ezgu tilaklar bilan yangi hayotga qadam qo‘yadi. Shu bois Navro‘z xalqimizning eng sevimli va qadrli bayramlaridan biri sifatida doimo o‘z o‘rnini saqlab qoladi.

Bayram barchaga qutlug‘ kelsin! Navro‘zingiz muborak bo‘lsin!

 

Dilnoza Rahimova,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi xodimi

«INSON va QONUN» gazetasining 2025-yil 25-mart kungi 12 (1476)-soni

Powered by GSpeech