Insoniyat taraqqiyoti – adolat va tenglik asosida barqaror

21-mart – Xalqaro irqiy

kamsitishlarga barham berish kuni

 

Mamlakatimiz irqiy va milliy kamsitishning oldini olish, millatlararo totuvlikni mustahkamlash hamda fuqarolarning teng huquqliligini ta’minlashga qaratilgan huquqiy va institutsional mexanizmlarni yaratishga katta e’tibor qaratib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19-moddasida barcha fuqarolarning millati, irqi, tili va diniy mansubligidan qat’i nazar, teng huquqlarga egaligi belgilangan bo‘lib, bu mamlakatda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning muhim kafolati hisoblanadi.

Prezidentimizning 2019-yil 15-noyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi bu boradagi muhim normativ-huquqiy hujjatdir. Ushbu Konsepsiya O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, irqiy va etnik kamsitishlarning oldini olish hamda barcha fuqarolarning huquq va manfaatlarini teng ta’minlashga qaratilgan.

Diskriminatsiya –  xalqaro hamjamiyatning ish stolida doimiy tarzda hal qilinishi muhim bo‘lgan “bosh og‘riqlar” qatorida turuvchi insoniyat muammosi. Diskriminatsiya so‘zini lug‘aviy tahlilidan shuni tushunish mumkinki, uch subyekt – davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari xuddi shu uch subyekt tomonidan har qanday tarzda cheklanishi demak.

Diskriminatsiya inson huquqlari buzilishi va suiiste’mol qilinishining eng keng tarqalgan turidir. Diskriminatsiya jinsga, shaxsning jismoniy holatiga, yoshiga, diniy e’tiqodiga va etnik kelib chiqishiga nisbatan bo‘lishi mumkin. Eng ko‘p diskriminatsiya holatlari irqiy kamsitish borasida kuzatilyapti. Diskriminatsiyaning xavfi shundaki, u jamiyatda ijtimoiy tengsizlikni haddan tashqari kuchaytirib yuboradi.

Odamlar diskriminatsiyaga yoshi, imkoniyati cheklanganligi, millati, kelib chiqishi, siyosiy qarashlari, irqi, dini, jinsi, tili, madaniyati va boshqa sabablar tufayli duch kelishi mumkin. Ko‘pincha noto‘g‘ri qarashlar natijasida yuzaga keladigan diskriminatsiya odamlarni nochor va noqulay vaziyatda qoldiradi, ularning faol fuqaro bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi, ularning o‘z mahoratini takomillashtirishida, ishga joylashishida, salomatlik, ta’lim yoki uy-joy masalalarida qiyinchiliklar tug‘diradi.

Irqiy va etnik kamsitish, ksenofobiya, gender (jinsiy) kamsitish, nogironligi tufayli kamsitish – bugungi kunda diskirminatsiyaning keng tarqalgan turlariga kiradi.

Irqiy kamsitish – irqiy yoki etnik kelib chiqishiga qarab odamlarga nisbatan tengsiz, salbiy munosabatdir. U hayotning turli sohalarida, jumladan, mehnat munosabatlari, ta’lim, uy-joy, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda namoyon bo‘lishi mumkin. Bunday kamsitilishlar tenglik prinsipi, ya’ni ko‘plab xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan, barcha odamlar o‘z qadr-qimmati va huquqlarida erkin va teng tug‘iladi, degan asosiy tamoyilining buzilishi hisoblanadi.

Irqiy kamsitish ijtimoiy tengsizlikka olib keladi va jamiyatda to‘liq ishtirok etish uchun to‘siqlar yaratadi. Irqiy kamsitish qurbonlari rivojlanish imkoniyatlaridan foydalanishning cheklanishiga duch keladi. Ular qabul qilinmaslik va begonalashish tuyg‘usini boshdan kechirishlari mumkin, bu esa o‘z qadr-qimmati va ishonchiga putur yetishiga olib keladi.

Zamonaviy dunyoda ko‘plab davlatlar tenglik va adolat sari intilayotgan bo‘lsa-da, hanuzgacha irqiy kamsitish va diskriminatsiya kabi salbiy holatlar uchrab turibdi. Butun jahonda har yili 21-mart kuni – Xalqaro irqiy kamsitishlarga barham berish kuni sifatida nishonlanadi. Bu sana irqiy tengsizlik va diskriminatsiyaga qarshi kurashda global hamkorlikni mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish va adolatli jamiyat qurish uchun muhim ahamiyatga ega.

Ushbu sananing tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 1960-yil 21-martda Janubiy Afrikaning Sharpeville shahrida irqiy segregatsiyaga qarshi tinch namoyishga politsiya o‘t ochib, 69 nafar begunoh insonning halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Ushbu fojiali voqea xalqaro hamjamiyatni larzaga soldi va irqiy kamsitish muammosiga jiddiy e’tibor qaratishga turtki berdi. BMT Bosh Assambleyasi 1966-yilda 21-martni Xalqaro irqiy kamsitishlarga barham berish kuni deb e’lon qildi.

Bu xalqaro kunning 2025 yilgi mavzusi – Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaning 60-yilligi. BMT Bosh Assambleyasi 1965-yil 21-dekabrda Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani qabul qildi, bu irqchilikni yo‘q qilish bo‘yicha global sa’y-harakatlarda inqilobiy qadam bo‘ldi.

Konvensiya BMTning inson huquqlari bo‘yicha asosiy xalqaro shartnomalaridan birinchisi bo‘lib, inson huquqlari sohasida kelajakdagi yutuqlarga zamin yaratdi. Uning irqiy kamsitishni bartaraf etish va tenglikni rag‘batlantirishga sodiqligi irqiy ajratishdan xoli global o‘zaro tushunish va birdamlikni mustahkamlashga qaratilgan irqchilik g‘oyalari va amaliyotiga qarshi kurashni kuchaytirdi.

BMTning Irqiy kamsitishlarga barham berish bo‘yicha qo‘mitasi 1970-yilda tashkil etildi. Ushbu Qo‘mita ishtirokchi davlatlar tomonidan Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi konvensiyaning bajarilishini nazorat qiluvchi 18 nafar mustaqil ekspertdan tuzilgan BMTning shartnomaviy organi hisoblanadi.

Barcha ishtirokchi davlatlar Qo‘mitaga tegishli huquqlarni amalga oshirish yuzasidan muntazam ravishda hisobotlar taqdim etib boradi. Ishtirokchi-davlatlar Konvensiyaga qo‘shilganidan keyin bir yil o‘tgach, dastlabki hisobotlarni, so‘ngra har ikki yilda bir marta davriy hisobotlarni taqdim etishlari shart. Qo‘mita taqdim etilgan hisobotni o‘rganib chiqib, ishtirokchi-davlatga “yakuniy mulohazalar” shaklida o‘z fikr va tavsiyalarini beradi.

Qo‘mita har yili Jenevada uchta sessiyadan iborat majlis o‘tkazadi, sessiya odatda uch-to‘rt hafta davom etadi. Qo‘mita, shuningdek, inson huquqlari qoidalarining mazmuni va sharhlarini, tematik masalalar bo‘yicha umumiy tavsiyalar yoki umumiy sharhlarni nashr qiladi hamda ma’lum mavzu doirasida muhokamalarni tashkillashtiradi.

O‘zbekistonda tarixiy nuqtayi nazardan har doim ko‘plab madaniyatlar va irqlar vakillari ahil yashab kelgan va bu yurtimizning afzalliklaridan biridir. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi 1995-yilda Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga qo‘shildi. Ushbu Konvensiya qoidalari bajarilishi yuzasidan O‘zbekistonning 1999-yilda dastlabki va  ikkinchi, 2005-yilda uchinchi-beshinchi, 2008-yilda oltinchi-yettinchi, 2012-yilda sakkizinchi-to‘qqizinchi, 2018-yilda o‘ninchi-o‘n ikkinchi, 2022-yilda o‘n uchinchi-o‘n to‘rtinchi davriy hisobotlari BMTning Irqiy kamsitishni tugatish qo‘mitasiga topshirilgan.

Shu bilan bir qatorda, 2001-yilda Janubiy Afrikaning Durban shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning irqchilik, irqiy kamsitish, ksenofobiya va ularga aloqador murosasizlikka qarshi Butunjahon konferensiyasida xalqaro hamjamiyat irqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha keng qamrovli dastur qabul qildi. Ushbu konferensiyada qabul qilingan Durban deklaratsiyasi va Harakat dasturi afrikalik kelib chiqishga ega shaxslarning tarixiy adolatsizlik qurbonlari bo‘lganini tasdiqlab, ularning huquqlarini himoya qilish va teng imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha muhim chora-tadbirlarni ilgari surdi.

Hujjatda irqiy kamsitish va unga sabab bo‘luvchi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha davlatlar zimmasiga xalqaro majburiyatlar yuklatilgan. Bundan tashqari, Durban deklaratsiyasi irqchilikning har qanday ko‘rinishini qoralab, barcha davlatlarni inson huquqlari va adolatni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni kuchaytirishga chaqiradi.

Ushbu xalqaro hujjatning qabul qilinishi nafaqat tarixiy voqea, balki BMT tomonidan irqiy tenglik va ijtimoiy adolat sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi.

Mamlakatimiz inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lidan izchil odimlamoqda. Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashi 2020-yil 15-oktyabrda bu borada muhim ahamiyat kasb etadigan qo‘shma qaror qabul qildi.

Ushbu qo‘shma qaror bilan "Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya qoidalarini bajarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining o‘ninchi – o‘n ikkinchi davriy hisobotlarini ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan BMT Irqiy kamsitishni tugatish bo‘yicha qo‘mitasining yakuniy mulohazalari va tavsiyalarini bajarish yuzasidan 2020 – 2022-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi" tasdiqlandi.

Milliy harakatlar rejasida BMT Irqiy kamsitishni tugatish bo‘yicha qo‘mitasining 19 ta tavsiyasini amalga oshirish bo‘yicha bir qator aniq tadbirlar qayd etilgan. Ushbu vazifalarni amalga oshirish mexanizmlari aniq belgilab berilgan.

Xususan, aholining turli etnik guruhlari huquqlarini ta’minlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2020-2025-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish, O‘zbekiston Respublikasining 1954 yilgi Apatridlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiya va 1961 yilgi Fuqarolikka ega bo‘lmaganlikni qisqartirish to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilishining maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani o‘rganish kabi muhim vazifalar belgilangan. Milliy harakatlar rejasida millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosatini takomillashtirishga qaratilgan jami 20 dan ortiq chora-tadbirni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Shuni ham qayd etish kerakki, “Har bir inson uchun adolat” yangi tashabbusi irqiy tengsizlikka qarshi kurashning zamonaviy yechimlarini ko‘rib chiqishda e’tiborga loyiqdir. U O‘zbekistonning barcha fuqarolarini adolat uchun qayg‘urishga va kamsitishning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashishga undaydi. Bu tashabbus muammo haqida xabardorlikni oshirish va irqiy hamda etnik farqlarga hurmat ruhini singdirishga qaratilgan ta’lim va axborot kampaniyasidir.

O‘zbekiston hukumatining irqiy tengsizlikka qarshi kurashda sezilarli sa’y-harakatlari bo‘lishiga qaramay, muammo hali ham mavjud va qo‘shimcha e’tibor talab etadi. Aholini bag‘rikenglik, tenglik va hurmat tushunchalari bilan tanishtiruvchi ta’lim dasturlarini yanada rivojlantirish zarur. O‘zbekistonda irqiy tengsizlikni to‘liq bartaraf etishga faqat davlat va jamiyatning faol ishtiroki orqali erishish mumkin.

Irqiy tengsizlik murakkab va ko‘p qirrali muammo bo‘lib, uni hal etish jamiyatning barcha a’zolarining hamkorlikdagi sa’y-harakatlarini talab qiladi. O‘zbekistonda bu illatga qarshi kurashish uchun siyosiy va ijtimoiy choralar allaqachon mavjud va ularni jadal va izchil tarzda amalga oshirish, shuningdek, kelajakda irqiy tengsizlikning oldini olish uchun yangi strategiyalar ishlab chiqish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, mamlakatimizda Konstitutsiyada belgilangan inson huquq va erkinliklarini ta’minlashni cheklovchi mavjud muammolarni hal etishning aniq tizimi shakllanmoqda.

Xulosa qilib aytganda, 21-mart bilan bog‘liq xalqaro sana – irqiy kamsitishga qarshi kurash yo‘lidagi global harakatning ramzi. Ushbu sana nafaqat o‘tgan fojialarni eslash, balki kelajak avlodlar uchun adolatli va teng jamiyat barpo etish yo‘lida astoydil harakat qilish uchun imkoniyatdir.

Har bir inson irqiy kamsitishga qarshi kurashishi, teng huquqli jamiyat shakllanishiga hissasini qo‘shishi lozim. Chunki insoniyatning taraqqiyoti faqat adolat va tenglik asosida barqaror bo‘lishi mumkin.

 

Asilbek MIRJALILOV,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi mas’ul xodimi

Powered by GSpeech