INSON HUQUQLARI BO‘YICHA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY MARKAZI – 2021 YILDA

Faoliyatning asosiy yo‘nalishlari

 

Mamlakatimizda keng ko‘lamli islohotlarni izchil amalga oshirish  natijasida Yangi O‘zbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslari yaratilmoqda. Shu jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasini  izchil amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rildi.

O‘zbekiston Respublikasi mamlakatimiz tarixida birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashining a’zosi etib saylandi va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ushbu nufuzli xalqaro tashkilotning 46-sessiyasida nutq so‘zlab, quyidagi tashabbuslarni ilgari surdi:

- ijtimoiy-siyosiy hayotda va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirish;

- BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o‘ninchi forumida “Yoshlar huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiya loyihasini taqdim etish;

- Yoshlar huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi institutini ta’sis etish;

- alohida ehtiyojga ega bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash;

- “Inson huquqlari sohasida ta’lim” deklaratsiyasining 10 yilligiga bag‘ishlab global forum o‘tkazish;

- fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish;

- fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish, so‘z erkinligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

- qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish.

Mamlakatimizda inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasi tuzildi. O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotni inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida Birlashgan  Millatlar Tashkilotining “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi xalqaro konvensiyasi va Xalqaro mehnat tashkilotining “Mehnat xavfsizligi va gigienasiga ko‘maklashuvchi asoslar to‘g‘risida”gi konvensiyasini ratifikatsiya qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va  “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ham inson huquq va erkinliklarining huquqiy asoslarini takomillashtirishga yo‘naltirilgan.

Milliy strategiya “yo‘l xaritasi”ning ijrosi doirasida BMTning Inson huquqlari va Qochoqlar masalalari bo‘yicha Oliy komissarlari boshqarmalari, BMTning Rivojlantirish  dasturi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi  bilan hamkorlikda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 500 nafardan ortiq rahbar-xodimlarining inson huquqlari sohasidagi malakasi oshirildi.

O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zoligi doirasida 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” asosida mamlakatimiz tarixida birinchi marotaba O‘zbekiston Respublikasi tashabbusi bilan “COVID–19 pandemiyasining yoshlar huquqlariga ta’siri to‘g‘risida”gi rezolyusiya qabul qilindi.

Shuningdek, AQSh Davlat departamenti tomonidan O‘zbekiston diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” ro‘yxatidan chiqarildi hamda mamlakatimizning odam savdosiga qarshi kurash sohasida erishgan yutuqlari e’tirof etildi.

Yangi O‘zbekistonning 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi ham “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish maqsadlariga yo‘naltirilgan. Bu 2022 yil mamlakatimizda  “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb e’lon qilinishida ham o‘z ifodasini topdi.

Taraqqiyot strategiyasi nomini olgan bu ulkan rejalarda  inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish ko‘zda tutilmoqda. Xususan,  boshqaruv organlarining “Davlat – inson uchun” tamoyili asosida hududiy masalalarni hal qilishdagi mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish,  o‘rta ta’lim tizimini zamon talablariga moslashtirish, iqtidorli o‘qituvchi va shifokorlarning ish haqlarini malaka toifasiga qarab tabaqalashtirilgan holda oshirish, hududlarda birlamchi tibbiy xizmatni “bir qadam” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yish belgilangan.

 

Inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirish

 

Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyada insonning shaxsiy, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy huquqlari va erkinliklarini ta’minlash kafolatlarini kuchaytirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirish  vazifasi belgilab qo‘yilgan.

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz 2021 yilda ushbu yo‘nalishda halqaro hamkorlikni yanda kengaytirib va chuqurlashtirib bordi. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va  hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan birgalikda mamlakatda BMTning “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy maslahatlashuv o‘tkazdi. O‘zbekiston Respublikasi BMTning “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyasini ratifikatsiya qildi hamda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

O‘tgan yilda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz tomonidan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlikda quyidagi tadbirlar o‘tkazildi:

- BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi mintaqaviy vakolatxonasi, BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot dasturi va Parlamentlararo Ittifoq bilan “Inson huquqlarini himoya qilish va targ‘ib qilishda parlamentning roli: nogironlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish va qiynoqlarga qarshi kurashish” mavzusida Parlament anjumani;

- BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakolatxonasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan “Inson huquqlari sohasidagi ta’lim: xalqaro tajriba va milliy amaliyot” mavzusida xalqaro anjuman;

- Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochoqlar ishlari bo‘yicha agentligi bilan “Qochoqlarni himoya qilish bo‘yicha  xalqaro huquq standartlari. “Qochoqlar maqomi to‘g‘risida”gi  konvensiya ratifikatsiyasidan keyingi majburiyatlar” mavzusida seminar;

- BMTning Rivojlanish dasturi bilan “O‘zbekiston Respublikasining BMTning inson huquqlari bo‘yicha majburiyatlarining bajarilishi va mavjud milliy ma’ruzalarni tayyorlash bo‘yicha milliy mexanizmlar hamda shundan keyingi faoliyatni ko‘rib chiqish” mavzusida trening;

- Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar bo‘yicha Oliy komissari ofisi hamda YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda davlat tilida nashr etilgan “O‘zbekiston Respublikasida odil sudlov va milliy ozchiliklarga doir Gras tavsiyalari” kitobi taqdimoti;

- BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy bo‘linmasi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy bo‘linmasi bilan hamkorlikda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi tashkil etildi.

YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi O‘zbekistonga tashrifi doirasida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori A.Saidov bilan uchrashuvida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish masalalari muhokama etildi.

Shunindek, Milliy markaz direktori quyidagilar bilan muzokaralar o‘tkazdi:

- BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Rishard Komenda;

- Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong;

- BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining terrorizmga qarshi kurash sharoitlarida inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi F. Ni Aolayn va boshqalar.

2021 yil 12-13 avgust kunlari Toshkentda “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzuidagi Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasi o‘tkazilib, uning yakunida Toshkent Yoshlar deklaratsiyasi qabul qilindi. Konferensiya tafsilotlari 50 dan ortiq milliy va 30 dan ortiq xorijiy ommaviy axborot vositalarida yoritildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Inson huquqlari yo‘lida harakatga da’vat” tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekistonning BMT ustav va shartnomaviy organlari, shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi.

 

Inson huquqlari va erkinliklarini amalga oshirishning muhim sharti sifatida qonun ijodkorligidagi faoliyatni takomillashtirish

 

Milliy markazning muhim vazifalaridan biri – O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi majburiyatlari, BMTning ustav organlari va shartnomaviy tavsiyalarini hisobga olgan holda qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda faol ishtirok etish hisoblanadi.

O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini hisobga olgan holda, Markaz tashabbusi bilan 30 dan ortiq qonun hujjati va 40 dan ortiq “yo‘l xaritasi” qabul qilindi.

2021 yilda Markaz tomonidan 80 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. Shuningdek, Qonunchilik palatasi qo‘mitalari murojaatiga asosan 4 ta qonun loyihasi yuzasidan ilk bor Inson huquqlari bo‘yicha normalarga muvofiqligi bo‘yicha xulosa tayyorlandi.

Markaz tomonidan so‘nggi 2 yil davomida jami 15 ta normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan 4 ta qonun, 2 ta Prezident farmoni, 2 ta Prezident qarori, 9 ta Vazirlar Mahkamasi qaror va farmoyishlari loyihasi ishlab chiqilgan.

Markaz tomonidan inson huquqlari sohasida quyidagi qonunlar loyihalarining muqobillari  ishlab chiqildi:

- “Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan va yetim bolalarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”;

- “Bepul huquqiy  yordam to‘g‘risida”;

- “Teng muomala qilish va kamsitmaslik to‘g‘risida”;

- “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”;

- “Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili to‘g‘risida”;

- “Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan va yetim bolalarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”.

Milliy markaz tomonidan quyidagi kodekslar va qonunlar loyihalariga  hamda mavjud qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida takliflar tayyorlandi:

- Sog‘liqni saqlash kodeksi ;

- Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeks;

- Ekologiya kodeksi;

- Fuqarolik kodeksi (yangi tahriri);

- Mehnat kodeksi (yangi tahriri);

 - Jinoyat kodeksi(yangi tahriri);

 - Jinoyat-ijroiya kodeksi (yangi tahriri);

 - Jinoyat protsessual kodeksi (yangi tahriri);

- Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks (yangi tahriri);

-  Uy-joy kodeksi(yangi tahriri);

- “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun (yangi tahriri);

- “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun;

- “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun (yangi tahriri);

-  “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun (yangi tahriri);

- “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonun (yangi tahriri);

- “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun;

- “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun;

- “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonun;

- “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun;

- “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun.

Shuningdek, Milliy strategiyada belgilangan tadbirlarni amalga oshirish doirasida 2021 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari loyihalari yuzasidan qonunchilik tavsiyalari va takliflari tayyorlandi.

 

Davlat boshqaruv organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan inson huquqlari sohasida o‘zaro hamkorlik

 

Milliy markaz mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfatlrini ta’minlash bo‘yicha  davlat boshqaruv organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik qiladi. Xususan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Konstitutsiyaviy  sud, Oliy sud, boshqa vazirlik va idoralar, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi hamda fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.

Markaz o‘tgan yil O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Bosh prokuratura bilan hamkorlikda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” hamda “Odam savdosi holatlari to‘g‘risida ma’lumotlarni to‘plash va taqdim qilish” mavzularida seminar-treninglar tashkil etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy  sudi bilan xamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi  Konstitutsiyaviy qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan tadbir, shuningdek, Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha komissiya, Fanlar akademiyasi, Davlat va huquq instituti bilan birgalikda “Ayollar, dunyo va xavfsizlik hamda uning inson huquqlari va barqaror rivojlanish bilan o‘zaro bog‘liqligi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikdagi tadbir  “COVID-19 pandemiyasining migrantlar harakati va himoyasiga ta’siri” mavzusiga  bag‘ishlandi.

Shuningdek, “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o‘quv moduli doirasida “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, migrantlar, odam savdosi va majburiy mehnat jabrdiydalarining huquqlarini himoya qilish masalalari” mavzusida sud va huquq-tartibot organlari rahbar-xodimlari o‘qitilmoqda.

 

Fuqarolar va yuridik shaxslarning Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazga murojaatlari

 

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazda fuqarolar qabul qilinadi, jismoniy va yuridik shaxslarning yozma murojaatlari o‘rganiladi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun zarur choralar ko‘riladi.

2021 yilda Milliy markazga jami 1386 ta murojaat kelib tushdi, bu  2020 yilga qaraganda 14 taga kamdir. Murojaatlarning 379 tasi  fuqarolardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul jarayonida, 892 tasi  aloqa vositalari, 7 tasi Milliy markazning Virtual qabulxonasi orqali kelib tushdi. Ushbu murojaatlarning 1007 tasi ariza, 267 tasi shikoyat va 2 tasi  takliflardir.

Fuqarolarning Markazga  murojaatlari quyidagilarni aniqlash imkonini berdi:

- fuqarolarning qaysi huquqlari eng ko‘p cheklanayotgani va buzilayotgani;

- fuqarolar qaysi davlat organlariga murojaat qilib, o‘z shikoyatlariga asoslangan javoblar olmayotgani;

- fuqarolar huquqlari buzilishining sabablari va holatlari nimalardan iborat ekani.

Olingan  murojaatlarning 1276 tasi taalluqliligi bo‘yicha tegishli idoralarga ko‘rib chiqish uchun yuborildi, 198 tasi bo‘yicha fuqarolarga tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.

2021 yilda Andijon, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida fuqarolar murojaatlarining kamayishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Sirdaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlarida esa  ko‘payishi kuzatildi. 

Eng ko‘p murojaatlar o‘tgan yildagidek Toshkent shahri (319 ta),  Qashqadaryo viloyati (270 ta), Toshkent viloyati (218 ta) va Samarqand viloyatidan (95 ta) kelib tushdi.

Murojaatlarning 596 tasi shaxsiy, 561 tasi ijtimoiy-iqtisodiy, 85 tasi  siyosiy va 33 tasi madaniy huquqlarga oiddir.

 Markaz tomonidan ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 298 tasi surishtiruv va dastlabki tergov organlari, 237 tasi boshqa davlat idoralari, muassasalari va tashkilotlarining, 230 tasi mahalliy davlat hokimiyati idoralari mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari, shuningdek qarorlaridan norozilik, 276 tasi fuqarolarning odil sudlovga oid va 63 tasi sud qarorlari ijrosiga taalluqlidir.

Milliy markaz tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2021 yil davomida 64 ta murojaat bo‘yicha fuqarolarning huquqlari tiklandi, 94 ta holatda fuqarolarga huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishga amaliy yordam, 198 ta holatda fuqarolarga qonun hujjatlari talablari bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi.          186 ta murojaatda ko‘rsatilgan faktlar tasdiqlanmadi.

Shuningdek, Markazning murojaatiga asosan Oliy Majlis Senati Kengashining 2021 yil 12 martdagi qarori bilan Xalq deputatlari Qarshi shahar Kengashining 2017 yil 27 iyundagi qarori bekor qilinib, fuqaro G.X.ga tegishli bo‘lgan uy-joy qaytarildi va xususiy mulk daxlsizligi ta’minlandi.

 2021 yilda Milliy markaz tomonidan telefon orqali murojaat qilgan 2000 nafardan ortiq fuqarolarga huquqiy maslahatlar berildi.

 

Inson huquqlari sohasida axborot-ma’rifiy va noshirlik faoliyati

        

2021 yilda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz tomonidan “O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashida (jahon hamjamiyati va O‘zbekiston fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoevning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqiga munosabati)” risolasi hamda “So‘z, fikr va axborot erkinligi: xalqaro-huquqiy asoslar” inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarning davlat tilidagi to‘plami nashr etildi.

Shuningdek, Parlamentlararo Ittifoq va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining  “BMTning 1961 yilgi fuqarosizlikni kamaytirish to‘g‘risidagi konvensiyasi”,  “Fuqarosizlik to‘g‘risidagi qonunlarda fuqarosizlikning oldini olish va kamaytirishning muvaffaqiyatli amaliyoti. Parlament a’zolari uchun qo‘llanma”, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchilik ishlari bo‘yicha Oliy komissarining “Odil sudlov va milliy ozchiliklarga doir Gras tavsiyalari va qisqacha sharh” risolalari davlat tiliga tarjima qilinib, ularning taqdimotlari o‘tkazildi.

Mamlakatimizda birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun matni rasmiy nashrlari Brayl alifbosida chop etildi.

Markaz tomonidan mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, milliy harakat rejalari (“yo‘l xaritalari”), Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya, Inson huquqlari sohasida xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini amalga oshirish,  koronavirus pandemiyasi  sharoitlarida aholinining siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini, xotin-qizlar va yoshlarning jamiyatdagi roli va maqomini oshirishga yo‘naltirilgan anjumanlar, seminarlar, davra suhbatlari o‘tkazildi. Ushbu mavzular Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazning rasmiy veb-sayti, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali sahifalarida keng yoritib borildi.

Milliy markaz nashri – “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining o‘tgan yili chop etilgan sonlari 2021 yil – Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligi, shuningdek Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etilganining 25 yilligiga bag‘ishlandi.

 Shuningdek, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining veb-sayti loyihasi tayyorlandi va journal@nhrc.uz domenidagi rasmiy elektron pochta ishga tushirildi. Veb-saytga jurnalning katta hajmdagi arxivi: 1999 yildan 2021 yilgacha bo‘lgan barcha jurnal sonlari elektron shaklda joylashtirildi.

Powered by GSpeech