GENDER TENGLIK SIYOSATI BORASIDAGI DUNYO VA O‘ZBEKISTON TAJRIBASI PARLAMENTLARARO ITTIFOQ NIGOHIDA

2022 yil 9-15 oktyabr kunlari Ruanda poytaxti Kigali shahrida Parlamentlararo ittifoqning “Gender tenglik siyosati va gender masalalarni inobatga oladigan parlamentlar tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashdagi harakatlantiruvchi kuch sifatida” mavzusidagi 145-assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Unda 110 dan ziyod davlat, jumladan, O‘zbekistondan milliy parlamentlarning 1200 dan ortiq a’zosi, 45 nafar parlament Spikeri ishtirok etdi.

Assambleyada global miqyosda va davlatlarda gender tenglik siyosati rivoji, parlamentlarning gender masalalar bo‘yicha faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, xususan, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish, xalqaro migratsiya darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlar mahalliy va mintaqaviy rivojlanishiga hamda odam savdosi va inson huquqlari buzilishining barcha shakllariga chek qo‘yishda parlamentlar roli va ahamiyatini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan mamlakatimizning gender siyosati, genderga nisbatan sezgir parlamentni shakllantirish, konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida gender tenglikni amalga oshirish borasidagi tajribasi hamda joriy yil sentyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Jahon parlamentlari ayol spikerlari sammiti, unda qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi haqida atroflicha ma’lumot berildi. Dunyo parlamentlari delagatsiyalari O‘zbekiston tajribasini e’tirof etib, uni keng targ‘ib qilish lozimligini ta’kidladi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Parlamentlararo ittifoq (PI)ning tegishli rezolyusiyalari va Kigali deklaratsiyasi qabul qilindi.

Kun tartibidagi masalalar borasida dunyo, ayrim mintaqa va davlatlarda so‘nggi yillarda kuzatilayotgan tendensiyalar tahlili asosida quyidagilarni ta’kidlab o‘tish lozim, deb bilamiz.

Zamonaviy dunyoda gender tenglik siyosati

Bugungi kunda gender tenglik BMT, PI, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilot va tuzilmalar, davlatlar siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. Chunki bu inson qadri, erkinliklari va manfaatlarini kafolatlash, global miqyosda va davlatlar barqaror taraqqiyotini ta’minlash, tinchlik va xotirjamlikni o‘rnatishning asosiy talablari hamda zaruriy shartlaridan hisoblanadi.

Ushbu sohada birgina BMT doirasida qator xalqaro shartnomalar, xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktlar, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi kabi o‘nlab xalqaro hujjat qabul qilingan. Ular gender tenglik va adolat tamoyillarini o‘zida aks ettirishi, o‘zaro bog‘liqligi, bir-birini taqozo etishi va to‘ldirishi hamda hayotiyligi bilan ajralib turadi.

Bunda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya umume’tirof etilgan ayollar huquqlarini himoya qilish va gender tengligiga erishish borasidagi “jahonning global konstitutsiyasi” sanaladi. Erkaklar va xotin-qizlar huquqlarini to‘la amalga oshirishni ta’minlaydigan, gender tenglikka asoslangan konstitutsiyani ishlab chiqish gender tengsizlikni bartaraf etishga yordam beradi hamda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida ayollar huquq va manfaatlarini himoya qilishga huquqiy asos yaratadi.

Parlamentlararo ittifoq tomonidan 2012 yilda qabul qilingan “Genderga nisbatan sezuvchan parlamentlar uchun harakatlar rejasi”ning hayotga tatbiq etilayotgani mamlakatlarda va global miqyosda gender siyosatni rivojlantirish va gender tenglikka erishishga xizmat qilmoqda.

Shu o‘rinda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish assambleyaning “parlamentda ayollar ko‘pchilikni tashkil etgan dunyodagi ilk davlat – Ruandada” o‘tkazilgani, “Parlamentlararo ittifoqning gender tenglik va genderga nisbatan sezgir parlamentlarni yaratishdagi ahamiyati”ni yuqori baholaganini ta’kidlash joiz. Uning so‘zlariga ko‘ra, “ayollar jamiyat hayotida yetakchi rollarni egallasa, ijroiya va qonun chiqaruvchi organlar ham ko‘proq mas’uliyatli bo‘ladi”.

Parlamentlararo ittifoq prezidenti Duarte Pacheko ham assambleya asosiy kun tartibini tanlashda parlamentidagi deputatlarning 61 foizdan ortig‘ini ayollar tashkil etgan Ruanda tajribasi inobatga olingani hamda “Ruanda ruhi” PI ishiga ijobiy ta’sir etishiga ishonch bildirdi. “Dunyo parlamentlarida ayollar vakilligi ortib borishi, ayollar imkoniyatlarini kengaytirishda ayol Spikerlarning o‘rni va roli benihoya kattadir”, dedi.

D.Pacheko, shuningdek, 2022 yil 8-9 sentyabrda O‘zbekistonda 17 ayol spiker, 120 dan ortiq ayol deputat ishtirok etgan Jahon parlamentlari ayol rahbarlari sammitida qabul qilingan “Barqarorlik va farovonlikni oshirish maqsadida xatarlarning oldini olish: Parlament yetakchiligi” nomli Toshkent deklaratsiyasining gender tenglikka erishish yo‘lida muhim hujjat ekaniga alohida e’tibor qaratdi.

Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong O‘zbekistonda gender tenglik va genderga nisbatan sezgir institutlar, jumladan, “gender masalalarga sezgir parlament” yaratilgani, ular barcha xotin-qizlarning erkaklar bilan bir xil va teng huquq, erkinliklardan to‘liq foydalanishi, har qanday xatardan xoli, munosib hayot kechirishi, umuman, mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda harakatlantiruvchi kuchga aylanib borayotganiga urg‘u berdi.

M.Chungongning so‘zlariga ko‘ra, BMT va PI tomonidan sohaga oid xalqaro hujjatlar hayotga tatbiq etilishi natijasida bugunga kelib milliy parlamentlarda ayollarning ulushi 26,1 foizni tashkil etdi (2001 yilda – o‘rtacha 14 foiz). 193 mamlakatdan beshtasida - Ruanda (61 foiz), Kuba (54,4 foiz), Nikaragua (50,6 foiz), Meksika (50 foiz) va Birlashgan Arab Amirliklari (50 foiz), Yangi Zelandiya (49,7 foiz), Islandiya (47,6 foiz) va Kosta-Rika (47,4 foiz)da parlament a’zolarining ko‘pchiligini ayollar tashkil etadi. Bosh kotib “parlamentida ayollarning salmog‘i 33 foizni tashkil etgan O‘zbekiston jahon mamlakatlari reytingida 55-o‘ringa ko‘tarilgani”ga e’tibor qaratdi.

Hali-hanuz dunyoda biror mamlakat gender masalalarni to‘la hal qilgan, deb bo‘lmaydi. Shuning uchun PIning 145-assambleyasi asosiy hujjati bo‘lmish Kigali rezolyusiyasida ta’kidlanganidek, dunyo mamlakatlari darajasida va global miqyosda gender siyosatni rivojlantirish, “genderga nisbatan adolatli va gender siyosatni qo‘llab-quvvatlovchi jamiyatni shakllantirish”, qarorlar qabul qilishda siyosiy institutlar tomonidan ayollar xizmat qiladigan  tashkilotlarda xotin-qizlarning ovozlarini inobatga olishni ta’minlashda gender sezuvchan parlamentlar ishini yo‘lga qo‘yish va ularni baholashda quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan,

  • gender masalalarni inobatga olgan holda parlament tuzilmalarini takomillashtirish;
  • parlamentda “gender madaniyat”ni shakllantirish, “gender sezuvchanlikni” tushunish, uni parlament faoliyatining asosiy tamoyillariga aylantirish va amaliyotda qo‘llay bilish;
  • jamiyat va davlat hayotida gender tenglikni ta’minlash strategiyasini rivojlantirish, gender masalalarni inobatga oluvchi byudjetni shakllantirish va gender auditini amalga oshirish;
  • jamiyatdagi gender tenglikka nisbatan munosabatni doimiy monitoring qilish, o‘rganib borish, tegishli tadqiqotlarni amalga oshirish va tavsiyalar tayyorlash;
  • gender tenglik siyosatining hayotga tatbiq etilish holati va xotin-qizlarning davlat boshqaruvi organlaridagi vakilligi va ishtirokini ta’minlash alohida ahamiyatga egaligini ko‘rsatmoqda.

Global gender tenglik va Konstitutsiya

Bugungi kunda gender tenglikni ta’minlashda tegishli masalalarning dunyo konstitutsiyalarida aks ettirilishi, “gender masalalarga sezgir konstitutsiyalar” qabul qilinishi tendensiyalari namoyon bo‘lmoqda. Albatta, O‘zbekiston ham ushbu yo‘nalishdan jahon hamjamiyati bilan birga qadam tashlamoqda.

Bu borada Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi M.Chungong O‘zbekistondagi gender siyosat va konstitutsiyaviy islohotlar xususida gapirib, “Gender sezgir Konstitutsiya” qabul qilinishi mamlakatda xotin-qizlarning erkinliklari, huquqlari va manfaatlarini samarali himoya qilish, ular kamsitilishi va ularga nisbatan har qanday zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmasligiga xizmat qilishi”ni ta’kidladi. Ruanda parlamenti Deputatlar palatasi Spikeri Donatilla Mukabalisa ham “Ruandada gender tenglik va ayollarning rahbarlik lavozimlarini targ‘ib qilish konstitutsiyaviy majburiyat” ekani, O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar esa dunyodagi umumiy tendensiyalarni inobatga olayotganini ko‘rsatib o‘tdi.

Sohaga oid dunyo konstitutsionalizmini o‘rganish xalqaro majburiyatlarga muvofiq xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi tenglik tamoyilini amalga oshirish yo‘lidagi birinchi qadam sifatida gender tenglik tamoyilini konstitutsiyalarga kiritilayotganidan dalolat beradi. Bunda gender nuqtai nazardan konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy vazifasi, xususan, quyidagilardan iborat:

birinchidan, Konstitutsiyaga umume’tirof etilgan prinsip va normalarni kiritish. Bugungi kunda dunyo konstitutsiyalarining 98 foizi tenglik va kamsitilmaslik, 94 foizi zo‘ravonlikdan himoya qilish, 86 foizi xotin-qizlarning ta’lim olishi, 85 foizi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish kafolati, 44 foizi diskriminatsiyaga qarshi choralar va 12 foizi xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha alohida qoidalarni o‘z ichiga oladi;

ikkinchidan, barcha jabhada xotin-qizlarning konstitutsiyaviy nazorat va islohotlar jarayonlarida to‘liq va teng ishtirok etishini ta’minlash lozim;

uchinchidan, konstitutsiyani yangilashda jahon davlatlarining gender omillarni, ayniqsa, “kamsituvchi konstitutsiyaviy qoidalarga” barham berish borasidagi ijobiy tajribasini inobatga olish kerak.

Shu bilan birga, xotin-qizlar huquqlariga oid konstitutsiyaviy normalar tenglik va kamsitilmaslikning umumiy tamoyillari bilangina chegaralanmay, ayollarning o‘ziga xos huquq va erkinliklarini ham qamrab olishi lozim. Ular ta’lim, sog‘liqni saqlash, fuqarolik, saylanadigan va tayinlanadigan organlarda ishtirok etish kabi sohalarni ham nazarda tutishi zarur.

Bunda konstitutsiyaviy islohotlar, xususan, quyidagi vazifalarni hal etishni ko‘zlaydi:

  • Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi tenglikni ta’minlash uchun vaqtinchalik maxsus choralarni hayotga tatbiq etish. Xususan, Gresiya Konstitutsiyasining 116-moddasida “Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi tenglikni ta’minlashga qaratilgan ijobiy chora-tadbirlarni qabul qilish jinsga ko‘ra kamsitish hisoblanmaydi. Davlat real hayotdagi tengsizliklarni, xususan, ayollar zarariga barham berish choralarini ko‘radi”, deb belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, 22-moddaning 1-bandida “Barcha ishchilar, jinsi yoki boshqa xususiyatlaridan qat’i nazar, teng qiymatdagi ish uchun teng haq olish huquqiga ega”, deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, o‘sha 116-moddada “Vazirlikning normativ xarakterdagi qarorlari, shuningdek, 22-moddaning 1-bandi qoidalariga zid bo‘lgan ish haqini belgilovchi jamoa shartnomalari yoki hakamlik sudlarining qarorlari ushbu Konstitutsiya kuchga kirgan kundan boshlab uch yildan kechiktirmay almashtirilgunga qadar o‘z kuchida qoladi”, deyilgan.

Avstriya Konstitutsiyasining 7-moddasida bunday qayd etilgan: “Federatsiya, shtatlar va munitsipalitetlar erkaklar va ayollarning de-fakto tengligini qo‘llab-quvvatlaydi. Ayollar va erkaklarning de-fakto tengligini ta’minlashga, xususan, real hayotdagi tengsizliklarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarga ruxsat etiladi”.

  • Gender masalalarni inobatga olgan byudjetlar ishlab chiqilishini ta’minlash. Avstriya Konstitutsiyasining 13-moddasida: “Federatsiya, shtatlar va munitsipalitetlar byudjet tuzishda ayollar va erkaklarning teng maqomini ta’minlashga intiladilar”, deya belgilab qo‘yilgan.
  • Ayollarning siyosiy hayotdagi ishtirokini konstitutsiyaviy qoidaga aylantirish. Xususan, Fransiya Konstitutsiyasining 1-moddasida “Qonun xotin-qizlar va erkaklarning saylov mandatlari va saylanadigan lavozimlardan, shuningdek, mas’uliyatli kasbiy va ijtimoiy mansablaridan teng foydalanishiga ko‘maklashadi”, deb ta’kidlangan bo‘lsa, 3-moddasida “Qonunda belgilangan shartlarga muvofiq o‘zlarining fuqarolik va siyosiy huquqlaridan foydalanuvchi har ikki jinsdagi voyaga yetgan barcha fransuz fuqarolari saylovchilar hisoblanadi” va 4-moddada siyosiy partiyalar va uyushmalar “qonunda belgilangan shartlarga muvofiq 1-moddaning 2-bandida bayon etilgan tamoyilning amalga oshirilishiga” ko‘maklashishlari borasidagi normalar ko‘rsatilgan.

Umuman, mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlarni o‘rganib chiqqan xorijiy parlamentariylar va ekspertlar yangilanayotgan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga:

  • inson qadr-qimmati, erkinliklari, huquqlari va qonuniy manfaatlarini hurmatlash va himoya qilish;
  • ijtimoiy va huquqiy davlat qurish, adolatli ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirish;
  • xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirish kabi vazifalarni hal etishga qaratilgan 100 dan ziyod muhim yangilik gender siyosatni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi, deb qarab, ularni ijobiy baholamoqda.

Ularning fikricha, ushbu yangiliklar nafaqat sohaga oid xalqaro shartnomalar tegishli tamoyillari va qoidalarini qonunchiligimizga implementatsiya qilish, balki xalqaro huquqning o‘zini ham rivojlantirishga turtki bo‘lishi mumkin.

Barqaror rivojlanish maqsadlarini ta’minlashning yangi imkoniyatlari

Gender siyosatni rivojlantirishda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari hamda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda BMT Global kun tartibi alohida ahamiyat kasb etadi. Barqaror rivojlanishning beshinchi maqsadiga muvofiq, 2030 yilga kelib xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida xotin-qizlarning to‘liq va samarali ishtirokini va yetakchilik qilish uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash zarur. Bundan tashqari, ushbu maqsad davlat va uning mintaqalari barqaror rivojlanishi borasidagi davlat dasturlarini qabul qilishda gender tenglik tamoyillarini joriy qilishni o‘z ichiga oladi.

Global Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston ham “2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar”ni belgiladi. Ushbu Milliy maqsadlarning beshinchisini amalga oshirish doirasida “Gender tenglikni ta’minlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish”ga oid to‘qqizta vazifa ishlab chiqildi va ular bosqichma-bosqich hal etilmoqda. Jumladan, mamlakatimiz Milliy BRM doirasida quyidagilarni o‘z zimmasiga olgan:

  • hamma jabhada xotin-qizlarga nisbatan kamsitilishning barcha turlarini tugatish;
  • davlat va xususiy sektorda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha turlarini yo‘q qilish;
  • jamiyat hayotida xotin-qizlarning to‘liq va samarali ishtirokini va barcha darajada yetakchilik uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash;
  • davlat dasturlarini qabul qilish jarayonida gender tenglik tamoyillarini to‘liq aks ettirish.

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish nuqtai nazaridan kelib chiqib, Parlamentlararo ittifoqning 145-assambleyasida gender masalalardan tashqari yana bir muammo – migratsiya, ayniqsa, ayollar migratsiyasi masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bunda boshqariladigan migratsiyani qo‘llab-quvvatlash parlamentariylarning asosiy va ustuvor vazifalaridan bo‘lishi kerakligi e’tirof etildi.

Xususan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish “barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish va 2030 yilgacha bo‘lgan kun tartibini amalga oshirish, ko‘lami va xavfi ortib borayotgan iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish, inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta’minlash, ochlik inqirozi va kuchayib borayotgan gumanitar favqulodda vaziyatlarga qarshi turish uchun resurslarni safarbar qilish, boshqariladigan migratsiyani qo‘llab-quvvatlash, dunyoda tinchlik, tenglik va hamma uchun bir xil imkoniyatlar yaratishda” jahon parlamentlarining roli yuqori ekanini ta’kidladi.

Ruanda Prezidenti P.Kagame global Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, xususan, migratsiya va boshqa dolzarb ijtimoiy muammolarga e’tibor qaratdi. “Dunyoning qay bir qismiga nazar tashlamang, muammolar bor. Faqat Afrikagina “muammolar qit’asi” emas. Shuning uchun biz bu muammolar bilan shug‘ullanishimiz kerak. So‘nggi yigirma yil davomida bu borada adolatni ta’minlash va farovonlikka erishish Ruandaning maqsadiga aylandi va ushbu g‘oyalar bizning barcha xatti-harakatimiz, amaliyotimizning asosini tashkil etdi”, deya ta’kidladi.

Assambleyada Parlamentlararo ittifoqning Demokratiya va inson huquqlarini himoya qilish byurosi tomonidan tayyorlangan “Xalqaro migratsiya darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlarning mahalliy va mintaqaviy rivojlanishiga parlamentning ta’siri hamda odam savdosi va inson huquqlari buzilishining barcha shakllariga, jumladan, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga chek qo‘yish” nomli rezolyusiya har tomonlama ko‘rib chiqildi va qabul qilindi.

Ushbu rezolyusiyada:

  • global normativ hujjatlar qabul qilinishida migratsiya va migratsiyani boshqarish bo‘yicha parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash masalasiga urg‘u berildi;
  • parlamentlar migratsiya boshqaruvini optimallashtirish va majburiy hamda tartibsiz migratsiyaning asosiy omillarini, xususan, o‘ta qashshoqlik, iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlarni bartaraf etish uchun 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibiga erishishda faol ishtirok etishga, shuningdek, aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ilgari surishga chaqirildi;
  • mazkur muammolarni hal etishga qaratilgan milliy va xalqaro dasturlar ishlab chiqish va amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, hukumatlar kontrabanda va odam savdosining oldini olish, tergov qilish, jinoiy javobgarlikka tortish va unga qarshi kurashish hamda ushbu faoliyat bilan bog‘liq moliyaviy oqimlarni aniqlash va to‘xtatish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga da’vat etilgan.

Parlamentlararo ittifoq va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabatlarning e’tirof etilishi

O‘zbekiston delegatsiyasining Parlamentlararo ittifoq assambleyasidagi ishtiroki davrida ushbu tashkilot prezidenti Duarte Pacheko, Bosh kotibi Martin Chungong, Osiyo Parlamentlar assambleyasi Bosh kotibi doktor Muhammad Rizo Majidiy, Ruanda, Shvesiya, Zimbabve, BAA, Urugvay, Serbiya hamda boshqa davlatlar parlamentlari rahbarlari va a’zolari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Xususan, D.Pacheko O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan Toshkentdagi uchrashuvdan katta taassurot olganini alohida ta’kidlab: “O‘zbekiston Prezidenti o‘ziga xos qobiliyatga ega millat yetakchisi, Markaziy Osiyodagi kuchli, ko‘zga ko‘ringan siyosiy rahbar. U kuchli va samarali parlament tarafdori. Uning parlament rolini oshirish borasidagi sa’y-harakatlari ko‘plab davlat rahbarlari uchun namuna bo‘la oladi”, dedi.

D.Pacheko “Spiker ayollarning Toshkent sammiti yuqori darajada tashkil etilgani uchun minnatdorlik” bildirdi. O‘zbekistonning gender siyosat borasidagi tajribasi e’tiborga loyiqligi, shuning uchun Toshkent deklaratsiyasini 145-assambleya kun tartibiga kiritishga qaror qilinganiga urg‘u berdi.

2021 yilning iyun kunlari Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forumning yuqori natijalari va Buxoro deklaratsiyasi qabul qilinganini e’tirof etdi.

M.Chungong “O‘zbekistonning faolligi yuksak e’tirofga loyiq”, deb ta’kidladi. Uning ishtirokida “Men parlamentda yoshlarni qo‘llayman” chorlovi ostida O‘zbekiston yoshlar parlamentlari forumida tadbirlarning natijadorligiga alohida to‘xtaldi.

M.Chungongning ta’kidlashicha, “Parlamentlararo ittifoq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining BRMlarni bajarishda va inson huquqlarini himoya qilishda parlamentlar rolini oshirish to‘g‘risidagi rezolyusiyasini qabul qilish borasidagi tashabbusini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi”.

Umuman, Parlamentlararo ittifoq rahbariyati va a’zolari ushbu tashkilot bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni ijobiy baholab, uni yangi bosqichga olib chiqish istagini bildirdi.

Akmal SAIDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

Powered by GSpeech