Umumiy ma’lumot
2018 yilning 22–23 noyabr kunlari Samarqand shahrida “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi yakunlari: zamonaviy tahdidlar va real voqelik” mavzusida Osiyo forumi bo‘lib o‘tdi. Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumida xalqaro tashkilotlarning vakillari, xususan, BMT, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, YeXHTning Parlament Assambleyasi, YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Osiyo Parlament Assambleyasi, Islom hamkorlik tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi, MDH, shuningdek 20 ta xorijiy davlatlarning ekspertlari ishtirok etdi.
Osiyo forumi ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand Deklaratsiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2019 yil 6 fevraldagi 73-sessiyasida tasdiqlangan.
Osiyo forumi yakunida inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida mazkur xalqaro anjumanni muntazam o‘tkazish muhimligi va zarurligi ta’kidlandi.
2022 yil 10 dekabrda insoniyat tarixida birinchi marta insonning asosiy huquqlarini himoya qilish zarurligini e’lon qilgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlash bo‘yicha butun dunyo bo‘ylab kampaniya boshlanadi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi e’lon qilingandan so‘ng, xalqaro hamjamiyat inson huquqlari va asosiy erkinliklarini tan oldi hamda ularga inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq normalari va mexanizmlari orqali rioya etilishiga ko‘maklashmoqda. Mazkur huquqlardan biri – ta’lim olish huquqi – barcha inson huquqlaridan foydalanishga yo‘l ochadigan boshlang‘ich nuqtadir. Ta’lim olish huquqi – inson huquqlari bo‘yicha ta’limni hamda ushbu huquqlarni o‘rganish, shuningdek jamiyatimizda inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish usullari, vositalarini ham o‘z ichiga oladi. Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya – bu inson hayoti mobaynida davom etadigan va turli yoshdagilarga tegishli bo‘lgan jarayon.
Inson huquqlari sohasida ta’lim haqidagi qoidalar ko‘plab xalqaro me’yoriy-huquqiy hujjatlarga kiritilgan bo‘lib, ushbu standartlarni belgilash jarayoni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2011 yil dekabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilinishi bilan yakunlandi. Unda aytiladiki:
– har bir shaxs va jamiyatning har bir organi ma’rifat va ta’lim orqali inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilishga ko‘maklashishi kerak;
– har bir inson ta’lim olish huquqiga ega va ta’lim inson shaxsi va qadr-qimmatini har tomonlama rivojlantirishga, barcha shaxslarga erkin jamiyatning foydali ishtirokchisi bo‘lishiga imkon berishga va barcha millatlar va barcha irqiy, etnik yoki diniy guruhlar o‘rtasida o‘zaro tushunish, bag‘rikenglik va do‘stlikni rivojlantirishga, shuningdek Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlik va xavfsizlikni saqlash hamda taraqqiyot va inson huquqlarini rag‘batlantirish bo‘yicha faoliyatiga ko‘maklashishi lozim.
BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiya deklaratsiyasini qabul qilish bilan a’zo-davlatlar inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya xalqaro hamjamiyat hamda barcha davlatlar uchun ustuvor vazifa bo‘lishiga kelishib oldilar. Deklaratsiya davlatlarning inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiyani rag‘batlantirish va ta’minlash hamda barcha tegishli sub’ektlar, jumladan, ta’lim muassasalari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va xususiy sektorlarning ishtirok etishi uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish bo‘yicha mas’uliyatini tasdiqladi.
Global forum o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan BMTning Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi hamda Inson huquqlari bo‘yicha kengashning 46-sessiyasida ilgari surildi.
Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya barcha uchun inson huquqlarining universalligi, bir butunligi va o‘zaro bog‘liqligi tamoyillariga muvofiq barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklariga umumiy hurmat hamda ularga rioya etilishini rag‘batlantirishda fundamental ahamiyatga ega. Inson huquqlari sohasidagi ta’lim keng ishtirok tamoyiliga asoslanadi hamda o‘quvchilarning ehtiyojlariga yo‘naltirilgan bo‘lib, ularga tanqidiy tahlil va amaliy faoliyat uchun zarur bo‘lgan bilim va muhim ko‘nikmalarni beradi. Bu insonlarga o‘z huquqlari to‘g‘risida bilish va ularning samarali qoniqtirilishini talab qilish imkonini beradi, huquqlarni himoya qilish va ta’minlanishi uchun mas’ul bo‘lgan hokimiyat vakillariga va boshqa shaxslarga ushbu majburiyatlarni bajarish qanchalik muhimligini tushunishga yordam beradi. Bu insonlarning hayotiga ta’sir etuvchi barcha – siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik – qarorlar qabul qilish jarayonlarida to‘la huquqli ishtirokini ta’minlash hamda huquqbuzarlik, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olish uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega.
Deklaratsiyaning g‘oyasi va tamoyillari ta’lim sohasidagi xalqaro faoliyatning ko‘pgina yo‘nalishlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
Ta’lim sohasiga yo‘naltirilgan yana bir muhim hujjat – BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlaridir (BRM). Barqaror rivojlanish sohasidagi to‘rtinchi maqsadida umumqamrovli va adolatli sifatli ta’limni ta’minlash hamda barchaga butun umri davomida ta’lim olish imkoniyatini rag‘batlantirish, yoshlar va kattalarning sezilarli qismi uchun bepul, sifatli ta’lim olish va kasbiy tayyorgarlikka imkoniyatlar yaratilishi vazifasi belgilangan. Ta’lim olish insonlar hayotining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini yaxshilash uchun asos yaratadi hamda qashshoqlikdan olib chiqishda muhim rol o‘ynaydi.
Inklyuziv va adolatli sifatli ta’lim bilan bog‘liq 4-maqsadning
7-vazifasida “2030 yilga borib, barcha o‘quvchilarning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni egallashlarini, shu jumladan, barqaror rivojlanish va barqaror turmush tarzi, inson huquqlari, gender tengligi, tinchlik va zo‘ravonlikdan voz kechish madaniyatini targ‘ib qilish, fuqarolik va madaniy xilma xillik qadr-qimmati hamda madaniyatning barqaror rivojlanishga qo‘shgan hissasini ta’lim berish orqali ta’minlash” nazarda tutilgan.
2004 yilning 10 dekabrida BMTning Bosh Assambleyasi barcha sektorlarda inson huquqlari sohasidagi ta’lim dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi e’lon qilindi. Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi (IHOKB) Jahon ta’lim dasturining global darajada muvofiqlashtirishni amalga oshiradi.
Jahon ta’lim dasturi barcha sektorlarda inson huquqlari sohasida ta’lim dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida ketma-ket bosqichlar asosida tashkil topgan, doimiy amalga oshiriladigan tashabbus bo‘lib, a’zo-davlatlar inson huquqlari sohasidagi ta’limni boshlang‘ich va o‘rta maktab tizimida, oliy ta’lim tizimida hamda o‘qituvchi va targ‘ibotchilar, davlat xizmatchilari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va barcha darajadagi harbiylar, shuningdek OAV vakillari uchun inson huquqlari sohasidagi ta’lim dasturlarida joriy etib borishlari kerak.
Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasini milliy darajada amalga oshirishni faollashtirishga xizmat qiladigan foydali vositadir.
Jahon ta’lim dasturi inson huquqlari sohasida ta’lim bo‘yicha milliy sa’y-harakatlarni muayyan sektorlar va muammolarga yo‘naltirilgan ketma-ket bosqichlardan iborat:
birinchi bosqich (2005–2009 yy.) – boshlang‘ich va o‘rta maktablarda inson huquqlari sohasidagi ta’lim bilan bog‘liq bo‘lgan;
ikkinchi bosqich (2010–2014 yy.) – oliy ta’lim tizimida hamda o‘qituvchilar va murabbiylar, davlat xizmatchilari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va harbiylarni kasbiy tayyorlash dasturida inson huquqlari sohasidagi ta’limga bag‘ishlangan;
uchinchi bosqich (2015–2019 yy.) – erkin, mustaqil va plyuralistik ommaviy axborot vositalarining adolatni targ‘ib qilish, kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik, inson huquqlarini hurmat qilishdagi muhim rolini e’tirof etgan holda inson huquqlari sohasida OAV mutaxassislarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi;
2020 yildan 2024 yilga qadar yoshlarni tenglik, inson huquqlariga rioya qilish va kamsitmaslik ruhida tarbiyalash va o‘qitishga yo‘naltirilgan, inklyuziv, tinch va osoyishta jamiyatni yaratishga imkon beradigan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda.
2018 yildagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yoshlar strategiyasi BMTga yoshlarning huquqlarini hurmat qilishni targ‘ib qilish va rag‘batlantirish hamda ularning fuqarolik va siyosiy faolligini qo‘llab-quvvatlashni, xususan, inson huquqlari sohasidagi ta’lim orqali sa’y-harakatlarini kuchaytirish mas’uliyatini yuklaydi.
Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim – bu yangilanishlar manbai va faol fuqarolar sifatida yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, o‘z huquqlari va boshqalarning huquqlarini himoya qilish uchun muhim strategiya hisoblanadi. Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichidagi harakatlar rejasidan yakuniy xulosa va olg‘a intilish uchun qo‘llanma sifatida foydalanish yo‘li bilan yoshlar uchun hamda yoshlar ishtirokida inson huquqlari sohasida ta’limni amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish tinch, adolatli va barqaror kelajakka qo‘shilayotgan muhim hissa hisoblanadi.
Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida davlatlar va tegishli manfaatdor tomonlarga oldingi uch bosqichni amalga oshirishda taraqqiyotga erishish maqsadida sa’y-harakatlarni kuchaytirish va quyidagilarga alohida e’tibor qaratish tavsiya etiladi:
ayollar, qizlar, bolalarga alohida e’tibor qaratgan holda samardorlikka erishish va 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish doirasidagi Kun tartibining “hech kimni yoddan chiqarmaslik” maqsadiga muvofiq zaif ahvoldagi guruhlar va shaxslar bilan o‘zaro aloqalarni o‘rnatish, shuningdek amalga oshirilgan ishlarni muvofiqlashtirish;
rasmiy va norasmiy ta’lim va tarbiya doirasida, xususan, bolalar va yoshlar bilan ishlaydigan o‘qituvchilar uchun inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiyani tashkil etish;
tegishli tadqiqotlar va baholashni o‘tkazish, ilg‘or tajriba va olingan saboqlar to‘g‘risida ma’lumot almashish, shuningdek barcha mas’ul shaxslar o‘rtasida axborotlarni tarqatish.
Bundan tashqari, inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilishda ta’limning roli YuNESKO, XMTning ko‘plab xalqaro hujjatlarida alohida ta’kidlangan.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalar bo‘yicha zimmasiga olingan majburiyatlarni bajarish maqsadida inson huquqlari bo‘yicha ta’lim berishga yo‘naltirilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2019 yilda BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarining ijrosi yuzasidan Milliy harakatlar dasturi va “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan 78 ta aniq chora-tadbirlarning amalga oshirilishi nazarda tutilgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilindi. Ular 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, O‘zbekistonning inson huquq va erkinliklari sohasida xalqaro reyting va indekslar bo‘yicha dunyoning yetakchi 50 ta davlatlari qatoriga kirishi bilan chambarchas bog‘liq.
Milliy strategiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligiga oliy ta’lim muassasalarida, kadrlar, jumladan, sudyalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash o‘quv markazlarida, shuningdek maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida, akademik litsey va kollejlarda “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” o‘quv kurslarini joriy etish bo‘yicha vazifa yuklatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 7 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiyani tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-5664-sonli farmoyishida xalqaro shartnomalar va standartlar normalarini, BMTning huquqni himoya qiluvchi tuzilmalari tavsiyalari, shuningdek o‘zbek jamiyatining tarixiy, milliy va madaniy qadriyatlarini hisobga olgan holda Inson huquqlari sohasida Milliy ta’lim dasturini ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi va O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasi tayyorlandi.
Yuqorida ko‘rsatilgan xalqaro hujjatlar doirasida mamlakatimiz zimmasiga olgan majburiyatlarni, shuningdek pandemiya va uning oqibatlari natijasida yuzaga kelgan yangi tahdid va muammolarni hisobga olib, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida inson huquqlari bo‘yicha ta’limni tashkil etish va mazmunida yangi yondashuvlarni, yangi metodologiyalarni va amaliyotni ishlab chiqish masalasi kun tartibiga qo‘yilmoqda.
GLOBAL FORUMNING MAQSADI, VAZIFALARI, FORMATI, KUTILAYOTGAN NATIJALAR
Forumning asosiy maqsadi – BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Jahon ta’lim dasturini amalga oshirishning oraliq natijalarini sarhisob qilish, bu sohadagi ilg‘or tajriba, amaliyot va innovatsion yondashuvlarning taqdimotini tashkil etish, inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiya tizimini xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada takomillashtirish bo‘yicha fikr almashish va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2022 yil 6 oktyabrdagi “Inson huquqlari sohasida Jahon ta’lim dasturi” 51/2-sonli rezolyusiyasiga muvofiq, Global forum doirasida 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Kun tartibi va inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiya bo‘yicha boshqa tegishli tashabbuslar bilan uyg‘unlashuvni hisobga olgan holda, Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichi uchun maqsadli sektorlar, asosiy sohalar yoki inson huquqlarining mavzuli masalalari yuzasidan takliflar muhokama qilinadi.
Global forumning vazifalari:
BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Jahon ta’lim dasturi qoidalarini amalga oshirish bilan bog‘liq xalqaro, mintaqaviy va milliy inson huquqlarini o‘qitishning tajriba va yondashuvlarini muhokama qilish;
inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiyaning dolzarb muammolarni hal qilishda, xususan, kamsitish va zo‘ravonlik ekstremizmining oldini olishdagi hissasini o‘rganish;
so‘nggi yillarda milliy darajada inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiyaning amalga oshirilishi to‘g‘risidagi axborotlarni tahlil qilish va ular yuzasidan takliflar tayyorlash;
barcha darajadagi, shu jumladan, ilg‘or tajriba va olingan saboqlar, shuningdek mavjud materiallar, muassasalar va dasturlar to‘g‘risidagi axborotni aniqlashtirish, to‘plash va tarqatish yo‘li bilan axborot almashinuvi;
Inson huquqlari bo‘yicha Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichi uchun maqsadli sektorlar, asosiy sohalar yoki inson huquqlarining mavzuli masalalari yuzasidan takliflar tayyorlash;
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish doirasida Kun tartibining 4.7-vazifasiga muvofiq yaqin yillarda inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiyani milliy darajada amalga oshirilishini yanada rag‘batlantirish.
Global forumning formati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyalaridagi tashabbusiga muvofiq 2022 yilning 5–6 dekabr kunlari Samarqand shahrida BMTning IHOKB shafeligida gibrid formatda “Inson huquqlari sohasida ta’lim” mavzusida Global forum bo‘lib o‘tadi.
Ushbu format katta auditoriyaga, butun dunyodan ekspertlarga virtual ulanish va muhokama sessiyalarida qatnashish imkonini beradi.
Global forum xalqaro ekspertlar, mutaxassislar, davlat organlari, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, yuqori lavozimli shaxslarning ishtirokida marosimning ochilish, yopilish, yalpi va parallel sessiyalarni o‘z ichiga oladi.
Yalpi va parallel sessiyalar paytida moderatorlar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib auditoriyani faol jalb qilgan holda maqsadli yo‘naltirilgan munozaralarni qo‘llab-quvvatlashda asosiy rolni o‘ynaydilar.
Ushbu munozaralar jarayonida ishtirokchilar barcha darajadagi, shu jumladan, ilg‘or tajriba va olingan saboqlar, shuningdek mavjud materiallar, muassasalar va dasturlar to‘g‘risidagi axborotni aniqlashtirish, to‘plash va tarqatish yo‘li bilan axborot almashish imkoniga ega bo‘ladilar.
Global forum davomida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish doirasida Kun tartibining 4.7-vazifasiga muvofiq yaqin yillarda inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiyani milliy darajada amalga oshirilishini yanada rag‘batlantiradigan xalqaro, mintaqaviy va milliy miqyosda inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish rejalashtirilgan.
“Inson huquqlari sohasida ta’lim" Global forum dasturi
Forum doirasida 2 ta yalpi majlis o‘tkazilishi rejalashtirilgan:
1-Yalpi majlis
BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya deklaratsiyasi: yutuqlar va zamonaviy xavflar, ushbu majlis doirasida BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya deklaratsiyasining amalga oshirilish jarayoni, inson huquqlari bo‘yicha samarali ta’limga erishish maqsadida tamoyillar va yondashuvlar, shuningdek dunyoning turli burchaklarida inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasidagi texnologiyalarning rivojlanishi va zamonaviy muammolarni hisobga olgan holda yutuqlar, olingan saboqlar va xulosalar muhokama qilinadi.
2-Yalpi majlis
Yalpi majlis doirasida inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya tizimini xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada takomillashtirish bo‘yicha fikrlar almashiladi hamda tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Forum doirasida “Global, mintaqaviy va milliy miqyosda inson huquqlari bo‘yicha rasmiy ta’lim tamoyillari va yondashuvlarining xilma-xilligi va birligi” mavzusidagi parallel sessiyalari tashkil etiladi, unda 4 ta sessiya yig‘ilishida ishtirokchilar tomonidan quyidagi masalalar muhokama qilinadi:
maktab yoshidagi bolalarning inson huquqlari sohasidagi ta’limi: tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy xavflar;
oliy ta’lim muassasalarida inson huquqlari sohasidagi ta’lim: tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy xavflar (COVID-19, texnologiyalar, internet resurslarini rivojlantirish, geosiyosat va boshqalar);
yuridik kasb vakillari (sudlar, huquqni muhofaza qilish organlari, advokatura) uchun inson huquqlari sohasidagi uzluksiz ta’limni ta’minlash: tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy xavflar;
fuqarolik jamiyati uchun inson huquqlari sohasidagi norasmiy ta’lim: tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy xavflar (gender jihatlar, inklyuzivlik, migratsiya va ommaviy axborot vositalariga e’tibor qaratgan holda).
Yalpi va sessiya majlislari davomida xalqaro, mintaqaviy (Osiyo, Amerika, Afrika, Yevropa) va milliy darajadagi inson huquqlari sohasidagi ta’limning ilg‘or tajribalari taqdim etiladi.
Norasmiy muhitda inson huquqlari sohasidagi ta’lim muhim rol o‘ynaydi va rasmiy ta’lim muhitida inson huquqlari ta’limini, ayniqsa, izolyatsiya va zaiflik sharoitlarida yoshlar uchun yangi usullar bilan tajriba o‘tkazishga platformani taklif qilgan holda, kirish imkoniyatlarini kengaytirib sezilarli darajada to‘ldiradi.
Forumning ikkinchi kuni doirasida “Inson huquqlari bo‘yicha mahorat darslari” o‘tkazilishi rejalashtirilgan, unda dunyoning turli universitetlarining inson huquqlari bo‘yicha yetakchi professorlari O‘zbekistonning yuridik ta’lim muassasalarida (Toshkent, Samarqand, Namangan, Nukus va boshqalar) inson huquqlarini o‘qitish bo‘yicha “mahorat darslari” o‘tkazadilar. Ushbu “mahorat darslari”ga kirish ham oflayn, ham onlayn ishtirokchilar uchun taqdim etiladi. Bunday ma’ruzalarni e’lon qilish forum boshlanishidan oldinroq amalga oshiriladi.
Kutilayotgan natijalar:
BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasini va BMTning Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturini amalga oshirish natijalarini sarhisob qilish;
inson huquqlari sohasidagi ta’limga mavjud xalqaro va mintaqaviy hujjatlar va yondashuvlarni qo‘llash ko‘lamini tahlil qilish;
xalqaro miqyosda inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasidagi tajriba va eng samarali amaliyotlarni targ‘ib qilish;
BMTning Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha turli guruhlar uchun asosiy vazifalarni belgilash;
Inson huquqlari bo‘yicha Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichi uchun maqsadli sektorlar, asosiy sohalar yoki inson huquqlarining mavzuli masalalari yuzasidan aniq tavsiyalarni ishlab chiqish;
pandemiyadan keyingi tendensiyalarni hisobga olgan holda ta’lim dasturlari va tavsiyalarini to‘g‘rilash;
inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya tizimini xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish.
Forumni tashkil etish
Forumning Milliy tashkilotchisi:
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi.
Xalqaro hamkorlar:
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, BMTning IHOKB Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosi, BMTning Mamlakat jamoasi, YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalar muvofiqlashtiruvchisi, YuNICEF, Yevropa Kengashi, Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma va boshqa xalqaro hamkorlar.
Ishtirokchilar:
Global forumda milliy va xorijiy ekspertlar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, akademik hamjamiyat, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, ta’lim muassasalarining o‘qituvchi va talabalari, shuningdek xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillarining ishtiroki ko‘zda tutilgan.
Forum ishtirokchilarining onlayn ro‘yxatdan o‘tishi www.asianforum.uz saytida amalga oshiriladi.
Tadbir o‘tkazilish sanasi va joyi:
2022 yil 5–6 dekabr, Samarqand shahri
Muloqot tili:
O‘zbek, ingliz va rus tillari
Bog‘lanish uchun ma’lumot:
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
Elektron pochta manzili: globalforum@nhrc.uz; info@nhrc.uz
Telefon / Faks: (+ 998 71) 239 47 22
- Qo'shildi: 07.11.2022
- Ko'rishlar: 6285
- Chop etish