YANGI O‘ZBEKISTON ADVOKATURASI: Taraqqiyot strategiyasida ushbu sohani rivojlantirish alohida maqsad etib belgilangan

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev yuritayotgan siyosat markazida inson manfaati, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadi mujassam. So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini, avvalo, jinoiy tajovuzlardan himoya qilishning ishonchli kafolatlarini ta’minlashga, shuningdek, inson sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan keng ko‘lamli ishlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida ta’kidlanganidek, “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi mustaqil advokatura faoliyatini samarali tashkil etishni nazarda tutadi. Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoyalash bugungi kunning dolzarb vazifasidir”.

 

Taraqqiyot strategiyasi  va advokatura

 

Taraqqiyot strategiyasining 19-maqsadi – “Advokatura institutining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi salohiyatini tubdan oshirish, shuningdek, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining malakali huquqiy xizmatlarga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish”dan iborat.

Bu ustuvor maqsadga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

birinchidan, advokatura institutini to‘laqonli o‘z-o‘zini boshqarish tizimiga o‘tkazish va advokaturaga yosh malakali kadrlarni jalb qilish;

ikkinchidan, Advokatlar palatasi boshqaruv organlarining advokatlar hamjamiyati oldidagi hisobdorligini kuchaytirish;

uchinchidan, advokatlar malakasini oshirish tizimining zamonaviy va institutsional asoslarini shakllantirish;

to‘rtinchidan, advokatlik faoliyatini raqamlashtirish. Boshqacha aytganda, advokatlik faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini
joriy qilish orqali ortiqcha byurokratiya va qog‘ozbozlikka chek qo‘yish, sudlar, huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa davlat organlari
bilan elektron hujjatlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish;

beshinchidan, bepul huquqiy yordam ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish;

oltinchidan, notariat va fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlarining xizmatlaridan ovoragarchiliksiz, shu jumladan masofadan turib va “yagona darcha” tamoyili asosida foydalanishni ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.

Bu boradagi huquqiy va tashkiliy ishlar izchil amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, advokatlarning onlayn litsenziya olish imkoniyati yaratilayotgani ovoragarchiliklarga chek qo‘yib, bor kuchini fuqarolar va yuridik shaxslar huquqlarini himoya qilishga sarflashiga yo‘l ochadi. Malaka imtihonini topshirish, litsenziya olish, advokatlik byurosini ro‘yxatdan o‘tkazish, advokatlik guvohnomasini olish bo‘yicha kompozit xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda. 

Shuningdek, “Yuridik yordam” axborot tizimi yaratilmoqda. Ushbu tizim advokat so‘rovini elektron yuborish, elektron tartibda advokat orderini olish, advokatlar, sud, huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron ma’lumot almashish imkonini beradi.

Bu, o‘z navbatida, advokatning elektron shaxsiy kabineti orqali jismoniy va yuridik shaxslar bilan onlayn muloqot qilish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda masofadan turib yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida onlayn bitimlar (shartnomalar) tuzish va onlayn yuridik yordam ko‘rsatishiga ham yo‘l ochadi. 

 

Advokaturaning konstitutsiyaviy maqomi

 

Mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar davom etmoqda. Umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan kelib tushgan takliflar asosida ushbu hujjat maromiga yetkazilmoqda.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining bevosita advokatura tizimi bilan bog‘liq yangiliklari nimada?

Bu haqda fikr yuritganda, avvalo, advokaturaning konstitutsiyaviy-huquqiy institut sifatidagi maqomi yanada oshirilishi muhimligini ta’kidlash lozim. Chunki har bir insonning o‘z huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishi hamda himoya qilishi uchun yuridik ko‘mak olishida aynan shunday yuksak maqomdagi institutning o‘rni va ahamiyati katta.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamalari asnosida advokatura institutining o‘rni va ahamiyatini yuksaltirish yuzasidan ko‘plab takliflar kelib tushdi. Xususan, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga “Advokatura” deb nomlanuvchi alohida bob kiritish va unda advokaturaning asosiy maqsad, vazifa va funksiyalari hamda maqomini kuchaytirishga oid takliflar berilgan.

Shuningdek, fuqarolarning taklif-mulohazalarini hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasini quyidagi yangi tahrirda berish taklif etilmoqda:

«Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi  sudda  qonuniy  tartibda,  oshkora  ko‘rib  chiqilib,  uning  aybi aniqlanmaguncha  u  aybdor  hisoblanmaydi.  Sudda  ayblanayotgan  shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlanadi.

Aybdorlikka  oid  barcha  shubhalar,  agar  ularni  bartaraf  etish imkoniyatlari  tugagan  bo‘lsa,  gumon  qilinuvchining,  ayblanuvchining  yoki sudlanuvchining  foydasiga  hal  qilinishi  kerak.  Qonunni  qo‘llash jarayonida  yuzaga  keladigan  shubhalar  ham  gumon  qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab  berishi  shart  emas  va  istalgan  vaqtda  sukut  saqlash  huquqidan foydalanishi mumkin.

Hech  bir  shaxs  o‘ziga  va  yaqin  qarindoshlariga  qarshi  guvohlik berishga majbur emas. 

Ozodlikdan  mahrum  etilgan  barcha  shaxslarga  nisbatan  insoniy munosabatda  bo‘linishi  va  ularning  shaxsiy  qadr-qimmati  hurmat qilinishi kerak.

Shaxsning  sudlanganligi  va  bundan  kelib  chiqadigan  huquqiy oqibatlar  uning  qarindoshlari  huquqlarini  cheklash  uchun  asos bo‘lmasligi kerak».

Bundan tashqari, Konstitutsiyamizni quyidagi mazmundagi 26-1-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda:

«Har  bir  shaxs  advokat  yordamidan  o‘z  tanloviga  ko‘ra hamda  jinoyat  protsessining  har  qanday  bosqichida  foydalanish,  shaxs ushlab  turilganida  esa  uning  harakatlanish  erkinligi  huquqi  amalda cheklangan paytdan e’tiboran foydalanish huquqiga ega.

Gumon  qilinuvchi,  ayblanuvchi  yoki  sudlanuvchi  ayblovning  mohiyati va  asoslari  to‘g‘risida  xabardor  qilinish,  o‘ziga  qarshi  ko‘rsatma  bergan guvohlar  bilan  yuzlashtirilish,  o‘z  foydasiga  ko‘rsatma  berayotgan guvohlarning chaqirtirilishi huquqiga ega.

Qonunni  buzgan  holda  olingan  dalillardan  odil  sudlovni  amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Huquqbuzarliklardan  va  hokimiyatni  suiiste’mol  qilishdan jabrlanganlarning  huquqlari  qonun  bilan  muhofaza  qilinadi.  Davlat jabrlanganlarga odil sudlovdan foydalana olishini va yetkazilgan zarar kompensatsiya qilinishini ta’minlaydi.

Har  bir  shaxs  davlat  organlarining  yoki  ular  mansabdor shaxslarining  noqonuniy  harakatlari  yoki  harakatsizligi  tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga ega».

Bu o‘rinda, xususan, yurtdoshlarimiz O‘zbekiston Konstitutsiyasida “Miranda qoidasi” aks ettirilishiga alohida e’tibor qaratayotganini qayd etish ayni muddaodir.

O‘z navbatida, Asosiy qonunning 116-moddasini quyidagi yangi tahrirda berish taklif etilmoqda:

“Har kimga malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan huquq kafolatlanadi.  Qonunda  nazarda  tutilgan  hollarda  yuridik  yordam  bepul ko‘rsatiladi.

Tergovning  va  sud  ishini  yuritishning  har  qanday  bosqichida malakali  yuridik  yordamga  bo‘lgan  huquq  kafolatlanadi.  Jismoniy  va yuridik shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatish uchun mustaqillik va o‘zini o‘zi  boshqarish  prinsiplariga  asoslangan  advokatura  faoliyat  ko‘rsatadi.

Advokaturani  tashkil  etish  va  uning  faoliyati  tartibi  qonun  bilan belgilanadi.

Advokat  shaxslarning  huquqlari  va  qonuniy  manfaatlarini  himoya qilish  bo‘yicha  o‘z  kasbiy  vazifalarini  amalga  oshirayotganda  uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Ishonchimiz komilki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va hayotimizning barcha sohalariga izchil tatbiq etilayotgan Taraqqiyot strategiyasi hamda xalqimiz amri va xohish-istaklariga ko‘ra yangilanayotgan Konstitutsiyamiz yurtimizda advokatura tizimi tom ma’noda har tomonlama taraqqiy etishining ustuvor huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qiladi.

 

Mustaqil advokatura konsepsiyasi

 

Mamlakatimizda advokatura institutining salohiyatini oshirish uchun boshqa bir qator muhim hujjatlar ham ishlab chiqilmoqda. Fikrimizcha, shulardan biri – Advokatura to‘g‘risidagi kodeksni ishlab chiqish zaruratidir. Unda sohaga oid barcha qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlar o‘z mujassamini topishi lozim.

Yuridik xizmat ko‘rsatish sohasining huquqiy asoslari ham takomillashtirilmoqda. Xususan, “Shartnomaviy huquqiy baza va yuridik xizmat to‘g‘risida”gi hamda “Bepul yuridik yordam to‘g‘risida”gi qonunlar, shuningdek, Aholini yaxlit huquqiy himoya qilish konsepsiyasi loyihalari tayyorlanmoqda.

Yana bir muhim hujjat, ya’ni Mustaqil advokatura konsepsiyasini tayyorlash bo‘yicha ham qizg‘in ish bormoqda. Konsepsiya, xususan:

  • tergov va sudning barcha bosqichlarida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida advokatning rolini mustahkamlash;
  • Advokatlar palatasining faoliyatini yanada takomillashtirish, uning tom ma’nodagi mustaqilligini ta’minlash, advokatura institutini to‘liq o‘zini o‘zi boshqarish tizimiga o‘tkazish, Advokatlar palatasi boshqaruv organlarining advokatlar hamjamiyati oldida hisobdorligini oshirish, tizimga yosh va malakali mutaxassislarni jalb etish;
  • “raqamli advokatura”ni rivojlantirish kabi asosiy yo‘nalishlardagi vazifalarni o‘zida qamraydi.

Shu o‘rinda “raqamli advokatura”ni rivojlantirish uchun:

birinchidan, advokatlik faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

ikkinchidan, advokatlik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarning tezkorlik bilan olinishini ta’minlash maqsadida advokatura, sud va huquqni muhofaza qilish organlari hamda boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron ma’lumot almashinuvini samarali yo‘lga qo‘yish;

uchinchidan, advokatlar tomonidan maxsus axborot dasturi orqali jismoniy va yuridik shaxslarga onlayn yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish;

to‘rtinchidan, advokatura faoliyati uchun zarur axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va boshqa dasturiy mahsulotlarni shakllantirish hamda ularda saqlanadigan ma’lumotlarning kompleks himoya qilinishi va maxfiyligini ta’minlash lozimligini qayd etish muhim.

Tabiiyki, advokatura tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishning ahamiyati beqiyos. Binobarin bu boradagi yangi qadamlar tizim faoliyatida inson omilini bartaraf etish orqali advokatura institutining davlat organlari va boshqa tuzilmalardan mustaqilligini oshirish imkonini beradi.

Advokatura – davlat organi emas, balki o‘z ishini yaxshi biladigan va zimmasidagi vazifalarning mas’uliyatini chuqur anglaydigan mohir kasb egalarining hamjamiyatidir. Shu ma’noda, quyidagi takliflarni ilgari surmoqchimiz:

birinchidan, Advokatura kuni – advokatlar hamjamiyati vakillarining kasb bayrami sanasini belgilash;

ikkinchidan, “Eng yaxshi advokat” ko‘krak nishonini ta’sis etish;

uchinchidan, “Advokatlarning yagona davlat reestri”ni shakllantirish orqali nafaqat fuqarolar, balki huquqni muhofaza qilish organlari va sudlar uchun ham juda asqotadigan yaxlit, ochiq va ishonchli axborot manbasini yaratish kerak.

Advokatlar malakasini oshirish va imijini yuksaltirish – dolzarb vazifa

 

Ma’lumki, 2020 yil 30 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida o‘tkazilgan odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sud-huquq tizimi, xususan, uning muhim tarkibiy qismi bo‘lmish advokatura sohasiga doir muammolar ham ko‘rib chiqilgandi. O‘shanda advokatura muammolari tilga olinar ekan, avvalo kadrlar tanqisligi va sifati masalasiga e’tibor qaratildi.

Mamlakatimizda bugungi kunda 4 mingdan ortiq advokat faoliyat yuritishi, ya’ni aholi jon boshiga hisoblaganda 8,5 ming kishiga o‘rtacha 1 ta advokat to‘g‘ri kelishi, ularning ham 43 foizi, ya’ni 1 ming 733 nafari Toshkent shahrida ish olib borishi ta’kidlandi. Qolaversa, Samarqand, Andijon, Termiz, Nukus, Mirishkor, Zafarobod, Uzun kabi 20 ta tumanda birorta ham advokatlik firmasi ro‘yxatdan o‘tmagani tanqid qilindi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ana shu muammolarning yechimi sifatida advokatlik faoliyatini boshlashi uchun yosh mutaxassislardan 2 yil yuridik staj talab etishni bekor qilish, talabalikdan advokat yordamchisi sifatida amaliyot o‘tash tartibini joriy etish vazifalarini belgilab berdi. Shuningdek, yuridik oliy o‘quv yurtlarida “advokatlik faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar tayyorlash lozimligiga e’tiborni qaratdi.

Bunga qadar, birinchidan, Yurtboshimiz tomonidan Advokatlar palatasi huzurida Advokatlar akademiyasini tashkil etish tashabbusi ilgari surilganini eslatish maqsadga muvofiqdir. Bo‘lajak Advokatlar akademiyasi, jumladan:

  • advokatlarni tayyorlash, malakasini oshirish, huquqning turli sohalari bo‘yicha ixtisoslashtirish;
  • bugungi jadal globallashayotgan dunyoda, jahon bozorida iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va boshqa sohalar bo‘yicha raqobat tobora kuchayib borayotgan sharoitda advokatura taraqqiyoti tendensiyalarini aniqlash bo‘yicha istiqbolli ilmiy-amaliy va innovatsion tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, texnologik innovatsiyalarni tatbiq etish;
  • advokatlarga taqdim etiladigan kafolatlar va advokatlik xizmatlari ko‘rsatishga taalluqli xalqaro standartlarni hisobga olgan holda, advokatlik huquqi va advokatlarning kasbiy tayyorgarligini oshirishga oid zamonaviy o‘quv va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar hamda dasturlar ishlab chiqish kabi vazifalar bilan shug‘ullanadi.

Ikkinchidan, kuzatishlarimiz shuni tasdiqlaydiki, talabalikning “qattiq noni”ni tatgan yosh mutaxassislar orasidan, albatta, eng yaxshi advokatlar yetishib chiqadi. Shunday ekan, yuridik yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalarida advokat kadrlarni tayyorlash, “Advokatlik huquqi” o‘quv kursini joriy etish, talabalarning advokatura sohasida amaliyot o‘tishini tashkil etish kabi masalalarga alohida ahamiyat berish talab etiladi.

Uchinchidan, advokatlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan zarur tashkiliy-huquqiy choralarni ishlab chiqish darkor. Bunday choralarni, ayniqsa:

  • huquqni himoya qilish faoliyati;
  • fuqarolarga yuridik yordam ko‘rsatish;
  • huquqiy targ‘ibot-tushuntirish ishlari;
  • huquqiy tarbiya yo‘nalishlarida izchil amalga oshirish taqozo etiladi. Nega deganda, advokat – qonuniylik, adolat va insonparvarlik namunasi bo‘lib xizmat qilar ekan, huquq sohalari bo‘yicha chiniqqan va chinakam malakasini oshirgan bo‘lishi shart.

To‘rtinchidan, advokatlar imijini yuksaltirish va bugungi kun advokatining qiyofasini yaratish masalasi ham dolzarb bo‘lib turibdi. Bunda “O‘zbekiston advokaturasi: tarix va hozirgi zamon”, “O‘zbekiston advokaturasi jarayonlar va shaxslar timsolida” kabi kitoblarni nashr etish orqali o‘tmishdagi va bugungi kundagi taniqli advokatlarning tutgan o‘rni va ahamiyatini ko‘rsatib berish juda muhim.

        

Advokatlar huquqlarini ta’minlashda parlamentning o‘rni va ahamiyati

 

         Davlatimiz rahbarining fikricha, “advokatura instituti mustaqilligi, advokatlarning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlarining samarali himoyasini ta’minlash, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ularning haq-huquqlari buzilganligi to‘g‘risidagi shikoyatlarining ko‘rib chiqilishi va tegishli baho berilishi bilan bog‘liq masalalarda parlamentning roli va ahamiyatini oshirish” lozim bo‘ladi (“Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobi, 110-bet).

Shu maqsadda:

birinchidan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Advokatura institutini mustahkamlash komissiyasi faoliyatini samarali tashkil etish;

ikkinchidan,  davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi va sud organlari, huquqni muhofaza qilish tuzilmalari huzurida advokatura vakolatxonalari institutini tatbiq etish;

uchinchidan, sudyalarning lavozimiga tayinlanishi jarayonlarida advokatlarning fikrlarini inobatga olish kabi muhim masalalar kun tartibiga qo‘yilgan.

Darvoqe, parlamentimiz advokatura institutining fuqarolik jamiyati tizimidagi o‘rni va ahamiyatini yuksaltirish yo‘nalishida ham huquqiy va tashkiliy ko‘magini ayamasligi kerak, deb o‘ylaymiz. Chunki, aslida, advokatura – fuqarolik jamiyatining huquqiy maslahatchisidir.

Ammo, afsuski, ayni paytda advokatura tizimi o‘z qobig‘iga biqinib olganidan ko‘z yuma olmaymiz. Advokatlarning ijtimoiy hayotdagi ovozi ham deyarli eshitilmayapti.

Shubhasiz, bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarmasak bo‘lmaydi. O‘ylashimcha, buning uchun “Sizning advokatingiz” mavzuida teleko‘rsatuv ochish, advokatura tizimi faoliyatini yoritadigan turli davriy nashrlar ta’sis etish katta ahamiyatga ega.

Qolaversa, O‘zbekiston Yuristlar uyushmasini tashkil etish kerak, degan fikrdaman. Bunday hamjamiyat yoshi, kasb-kori va faoliyat yo‘nalishidan qat’i nazar, yurtimizning barcha huquqshunoslarini o‘z safida jamlashi har tomonlama to‘g‘ri bo‘lardi.

 

Advokatura: xalqaro hamkorlik va O‘zbekiston tajribasining jahoniy e’tirofi

 

         Bugungi kunda O‘zbekistonning yuridik xizmatlar ko‘rsatish bozori ko‘p jihatdan yopiqligini tan olish kerak. Mamlakatimiz advokatlari xalqaro sudlov organlari va arbitrajlarining mahkamalarida deyarli ishtirok etmaydi.

         Shu ma’noda, bugungi islohotlar talabidan kelib chiqqan holda, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bilan bog‘liq ravishda milliy qonunchilikni takomillashtirish lozim. Bu – birinchidan.

Ikkinchidan, Advokatlar palatasi huzurida Xalqaro advokatura markazini tuzish zarur.

Uchinchidan, advokatlarimizga xorijiy tillarni o‘rgatishni yo‘lga qo‘yishimiz darkor.

Shu o‘rinda 2022 yil 2-5 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegatsiyasi Jenevaga tashrifi doirasida “Konstitutsiyaviy islohot: inson qadri va huquqlarini ta’minlash – bosh maqsad” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazganini qayd etmoqchiman. O‘sha forumda ishtirok etgan BMT Inson huquqlari kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diego Garisiya-Sayan quyidagi  fikrlarni bildirdi:

“Fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklarini hamda advokatlar va sudyalarning mustaqilligini amalda ta’minlash juda muhimdir. Bu borada muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoev janobi oliylarining bevosita rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijobiy yangilanishlar yuksak bahoga loyiqdir.

O‘zbekistonning yangi Prezidenti mamlakat boshquruviga kelgan davrdan e’tiboran yurtingiz hayotining barcha sohalarida maqbul o‘zgarishlar shiddatli sur’atlarda amalga oshirilayotganini kuzatib kelmoqdamiz. Shu jumladan, ochiqlik va transparentlikni ta’minlash, sudyalar va advokatlarning mustaqilligiga erishish yo‘lida salmoqli odimlar qo‘yilganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

O‘zbekistonga bundan uch yil oldin amalga oshirgan tashrifimni mamnunlik bilan eslayman. O‘shanda O‘zbekiston Prezidenti va tegishli muassasalar rahbarlari bilan samarali muloqotlar olib borgandik.

Fursatdan foydalanib, ana shu o‘zaro ishonchga asoslangan muloqotlarimiz o‘z samaralarini berganini alohida ta’kidlamoqchiman. Chunki ayni vaqtda mamlakatingizda   huquq ustuvorligini ta’minlash ijobiy tomonga izchil rivojlanayotganini ko‘rib turibmiz.

Mamlakatda o‘lim jazosi qo‘llanmasligi haqidagi normaning Konstitutsiyangizda mustahkamlab qo‘yilishini olqishlayman. Albatta, “Xabeas korpus” institutini rivojlantirishga jiddiy ahamiyat berilayotgani va shaxslarning mamlakat hududida erkin harakatlanishi kafolatlanayotgani ham nihoyatda ahamiyatlidir.

 Konstitutsiyangizda qonun ustuvorligi prinsiplari o‘rnatilayotgani diqqatga sazovor. Ayniqsa, “O‘zbekiston – huquqiy davlat” tamoyilining yangilanayotgan Asosiy Qonunda o‘z aksini topishi havas qilsa arzigulikdir.

Shu o‘rinda Bosh Qomusingizda tom ma’nodagi huquqiy davlat barpo etishning kafolati bo‘lib xizmat qiladigan konstitutsiyaviy normalar qaror topishiga chin dildan ko‘makdoshman. Chunki buning natijasida sudyalar, yanada muhimi, advokatlarning haqiqiy  mustaqilligi so‘zsiz ta’minlanadi”.

Albatta, bunday samimiy va xolis e’tiroflar yaqin kelajakda O‘zbekistonda advokatura tizimini rivojlantirish sohasida erishiladigan beqiyos natijalar boshqa mamlakatlar uchun ibrat va namuna sifatida e’tibor qozonishi ehtimoli kattaligidan dalolat beradi.

 

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
direktori

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

Powered by GSpeech