Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov boshchiligidagi vazirlik delegatsiyasi 4-5 fevral kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti "Yevroosiyo do‘stlari" guruhi va “GREEN” maxsus ishchi guruhining kengaytirilgan qo‘shma yig‘ilishida ishtirok etdi.
Yig‘ilishda "Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar va Sharqiy hamkorlik va Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish chora-tadbirlari integratsiyasi" mavzusiga e’tibor qaratildi.
J.Kazbekov o‘z nutqida shaharni ko‘kalamzorlashtirish va barqaror infratuzilma, sug‘orish uchun yomg‘ir suvi va oqar suvlardan samarali foydalanish tizimlarini joriy etish, “Yashil makon” va “Mening bog‘im” dasturlari doirasida 200 million daraxt ekish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini integratsiyalash uchun yashil hududlar va bog‘larda quyosh panellarini o‘rnatish kabi ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Qayta tiklanadigan energiya manbalari, barqaror suv resurslarini boshqarish va ekologik toza amaliyotga e’tibor qaratgan O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yanada yashil va barqaror kelajakka o‘tishida yetakchi rol o‘ynayotganini ta’kidladi.
Tadbirda qayd etilishicha, Sharqiy hamkorlik mamlakatlari va Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishining ta’siri tobora og‘irlashib bormoqda. Rekord haroratlar, qurg‘oqchilik va muzliklarning tez erishi, shuningdek, suv toshqinlari kabi iqlim bilan bog‘liq ofatlar sezilarli iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelmoqda.
Ushbu ekologik tahdidlarga qarshi zudlik bilan chora ko‘rish zarur, chunki butun dunyo singari mintaqa ham o‘ta jiddiy xavfga duch keladi va agar ular kritik nuqtaga yetsa, qaytarib bo‘lmas holga kelishi mumkin. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha qat’iy choralar iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik muammolarni hal qilishga yordam beradi.
Iqlim o‘zgarishiga mos keladigan chora-tadbirlar 2050 yilda uzoq muddatli istiqbolda global yalpi ichki mahsulot hajmini butun dunyo bo‘ylab o‘rtacha 2,8 foizga oshirishi mumkin.
Masalan, Markaziy Osiyo hukumatlari tomonidan ko‘rilayotgan moslashuv choralari qurg‘oqchilik va suv toshqinlari natijasida yuzaga keladigan iqtisodiy yo‘qotishlarning oldini olishga yordam beradi, aks holda yiliga YAIMning 1,3 foizigacha yetadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA
- Qo'shildi: 07.02.2025
- Ko'rishlar: 716
- Chop etish