So'ngi yillarda inson huquqlari sohasida amalga oshirilgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etilib kelinmoqda. Jumladan, joriy yilda Parlamentlararo Ittifoq tomonidan Oliy Majlisning inson huquqlari bo'yicha “Yo'l xaritalari”ni qabul qilish amaliyoti ijobiy baholandi.
AQSH Davlat departamenti 2020 yil 10 iyun` kuni diniy erkinlik sohasida 2019 yil uchun navbatdagi ma'ruzani taqdim etib, Davlat kotibi Maykl Pompeo: “O'zbekistonda diniy erkinlik bilan bog'liq vaziyatni yaxshilash bo'yicha jiddiy qadamlar qo'yildi va bu qadamlar davom etmoqda” deb ta'kidladi va O'zbekistonda erishilgan o'zgarishni alohida qayd etdi.
BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissarining 2019 yil uchun yillik Hisobotida O'zbekiston bilan inson huquqlari sohasidagi hamkorlik quyidagi tahrirda alohida e'tirof etildi: “Oliy komissar boshqarmasi tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlari bo'yicha milliy vazifalarni bajarish jarayoniga inson xuquqlari masalasini uzviy bog'lash bo'yicha maslahatlar amalga oshirildi”.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi Farmoni loyihasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 martdagi “2017 — 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida”gi PF-5953-sonli farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturining ijrosini ta'minlash maqsadida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan.
Shuningdek, mazkur hujjat O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida belgilangan vazifalar, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 dekabrdagi “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta'minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-4551-son Qarorining hamda Inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumi natijalari bo'yicha takliflar va tavsiyalarni amalga oshirish bo'yicha 2019-2020 yillarda Harakatlar rejasining ("Yo'l xaritasi") ijrosini ta'minlashga qaratilgan.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo'nalishlarini belgilab beradi.
Milliy strategiya inson huquqlari bo'yicha barcha faoliyat sohalarini qamrab oladi, shu bilan birga u bir qator o'ziga xos xususiyatlarga ega.
Birinchidan, Milliy strategiya inson huquqlarini ta'minlashda uzoq muddatga mo'ljallangan maqsadli tadbirlar majmuidan iborat bo'lib, O'zbekiston tarixidagi ilk strategik hujjat bo'lib hisoblanadi;
Ikkinchidan, Milliy strategiyada insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini ta'minlash masalasiga tizimli yondashuvni nazarda tutuvchi tadbirlar majmuini taklif qiladi. Bu inson huquqlarini ta'minlashdagi mavjud huquqiy bo'shliqlarni to'ldirishga xizmat qiladi;
Uchinchidan, ushbu Strategiyada oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlar, bolalar, shuningdek yordamga muhtoj aholi qatlamlari huquqlarini ta'minlash va ularni qo'llab-quvvatlash kafolatlarini yanada kuchaytirish masalalariga alohida ahamiyat berilgan;
To'rtinchidan, Milliy strategiyada inson huquqlari sohasidagi ta'lim va fanga ham o'rin ajratilganki, bu jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish, inson huquqlari sohasidagi masalalar yechimiga ilmiy yondashish imkoniyatini beradi;
Beshinchidan, Milliy strategiya inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish sohasini takomillashtiradi;
Oltinchidan, Strategiyada inson huquqlari bo'yicha davlat siyosatini takomillashtirish uchun xalqaro tajribadan samarali foydalanishni nazarda tutadi;
Yettinchidan, mazkur hujjat inson huquqlarini ta'minlashda davlat tashkilotlari imkoniyatlarini kengaytiradi hamda davlat va jamoatchilik nazorati tizimini yaxshilaydi, bu sohada davlat-jamoatchilik sherikchiligi salmog'ini oshiradi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining loyihasini muhokama qilish jarayonida 50 dan ortiq davlat organlari, idoralar va nodavlat notijorat tashkilotlaridan 300 dan ortiq takliflar olindi, ulardan 200 ga yaqini loyihani takomillashtirish uchun qabul qilindi.
Shuningdek, Milliy strategiyaning loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun regulation.gov.uz saytida joylashtirildi, unda mingdan ortiq murojaatlar qilindi va 10 dan ortiq takliflar bildirildi.
40 dan ortiq milliy elektron saytlar, 10 dan ortiq xorijiy saytlar tomonidan Milliy strategiya loyihasi yuzasidan ijobiy munosabatlar bildirildi.
Shuningdek, Farmon loyihasi bilan quyidagilar tasdiqlanadi:
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi;
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi”;
O'zbekiston Respublikasi davlat organlarining BMTning inson huquqlari bo'yicha ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalari xabarnomalari va qarorlarini ko'rib chiqish bo'yicha o'zaro hamkorlik qilish tartibi to'g'risidagi Nizom.
Milliy strategiya 5 bo'limdan iborat bo'lib, unda O'zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasida rivojlanish, inson huquqlari sohasidagi tizimli muammolar Milliy strategiyaning maqsad va vazifalari, Milliy strategiyani amalga oshirishning asosiy yo'nalishlari, Milliy strategiyani amalga oshirish, bajarilishini monitoring qilish hamda moliyalashtirish mexanizmi kabi masalalar o'z ifodasini topgan topgan.
Milliy strategiyani amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” 5 ta yo'nalishdagi 88 ta banddan iborat chora-tadbirlarni o'z ichiga olgan, jumladan:
shaxsiy va siyosiy huquqlarini himoya qilish sohasidagi,
iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlari himoya qilish, barqaror rivojlanish sohasidagi,
inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro standartlarni qonunchilikka va huquqni qo'llash amaliyotiga implementatsiya qilish hamda monitoring qilish mexanizmlarini takomillashtirish bo'yicha,
inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodhonligini oshirish, jumladan bu borada samarali axborot va ma'rifat tarqatish, ta'lim berish faoliyatini tashkil etish bo'yicha,
Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo'yicha milliy institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha tadbirlar nazarda tutilgan.
- Qo'shildi: 22.06.2020
- Ko'rishlar: 5599
- Chop etish