23 avgust – O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi birinchi kunida senatorlar ishni “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunini ko'rib chiqishdan boshladi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati xabarida ta'kidlanganidek, bugungi kunda xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy faolligini oshirish, ularni kamsitishning barcha shakllariga barham berish, gender tenglikni ta'minlash ayollarga nisbatan shunchaki adolatli munosabat sifatida emas, balki mamlakatning iqtisodiy o'sishini davom ettirish, barqarorligi va har tomonlama rivojlanishini ta'minlashning asosiy shartlaridan biri sifatida ko'rib chiqilmoqda.
Aynan shu sababli bu yo'nalishdagi ishlar, eng avvalo, jinslar tengligi huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan ushbu Qonun ham aynan shunga qaratilgan. Mamlakat tarixida ilk bor xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni kafolatlash bilan bog'liq munosabatlar to'g'ridan-to'g'ri ta'sir qiladigan yagona Qonunda tartibga solinmoqda.
Normativ-huquqiy hujjatda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari belgilanmoqda. Bundan tashqari, “gender”, “gender-huquqiy ekspertiza”, “jins bo'yicha bevosita kamsitish”, “jins bo'yicha bilvosita kamsitish” kabi ushbu sohaning asosiy tushunchalariga aniq izohlar berilmoqda. Avval ushbu tushunchalarning ta'riflari bo'lmaganligi bois huquqni qo'llash amaliyotida noaniqliklar kelib chiqayotgan edi.
Qonunda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlashning qonuniylik, demokratizm, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi, jinsi bo'yicha kamsitishga yo'l qo'yilmasligi, ochiqlik va shaffoflik, aholining ehtiyojmand qatlamlariga ustuvor ahamiyat berish kabi asosiy printsiplari belgilanmoqda.
Hujjatda davlat jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonida teng ishtirok etishni, sog'liqni saqlash, ta'lim, fan, madaniyat, mehnat va ijtimoiy himoya sohalarida, shuningdek, davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlar ta'minlanishini kafolatlashi belgilab qo'yilmoqda.
Davlat statistika organlari gender ko'rsatkichlari asosida jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning holatini aks ettiradigan statistik axborotni yig'ishi, unga ishlov berishi, to'plashi, saqlashi, tahlil qilishi va e'lon qilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, davlat organlarining (Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi, maxsus vakolatli organ, boshqa davlat organlarining) va fuqarolarni o'zini o'zi boshqarish organlarining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta'minlash sohasidagi vazifalari hamda vakolatlari aniq belgilab qo'yilmoqda.
Jins bo'yicha kamsitish hollari ustidan shikoyat qilishning, buning natijasida yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni qoplashning tartibi, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmoqda.
Senatorlar ushbu Qonunning qabul qilinishi gender bag'rikenglik va tenglikni qonunchilik darajasida ta'minlashga xizmat qilishini ta'kidladilar. Bu mamlakat taraqqiyotining hozirgi bosqichida juda dolzarbdir, chunki bu, eng avvalo, inson jamiyatda o'z oldiga qo'ygan maqsadlarini muvaffaqiyatli ro'yobga chiqarish imkonini beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.
Shundan so'ng senatorlar “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunini ko'rib chiqdilar.
Majlisda ta'kidlanganidek, joriy yilning o'zida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan O'zbekistonda xotin-qizlarga nisbatan bir qancha zo'ravonlik holatlari qayd etildi. Ayrim ayollar sodir etilgan jinoyatlar natijasida jabrlangan. Yangi Qonun bunday muammolarning oldini olishga, xotin-qizlarni maishiy hayotda, ishda, ta'lim muassasalarida va boshqa joylarda jabr-zulmdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Hujjat O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqildi.
Qonunda xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari, shuningdek, vakolatli organlar va tashkilotlar – Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati, ichki ishlar, bandlik va mehnat munosabatlari, ta'lim, sog'liqni saqlash idoralari, Xotin-qizlar qo'mitasi, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, xotin-qizlarni himoya qilish sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlarining vazifalari belgilanmoqda.
O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi yordam ko'rsatish, maslahat berish mexanizmi hamda chora-tadbirlari, xotin-qizlarga nisbatan tazyiqlar va zo'ravonlik holatlarining oldini olish to'g'risida axborot olishni ta'minlash maqsadida respublikaning butun hududida tunu kun ishlaydigan, bepul telefon liniyasi tarmog'i (ishonch telefoni) faoliyat ko'rsatishini ta'minlashi belgilab qo'yilmoqda.
Profilaktika suhbati muayyan shaxsni jamiyatda umumqabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishga ishontirish, g'ayri ijtimoiy xulq-atvorning ijtimoiy hamda huquqiy oqibatlarini tushuntirish, shuningdek, qonunda belgilangan javobgarlik to'g'risida ogohlantirish maqsadida tashkil etiladi. Profilaktika suhbati tazyiq va zo'ravonlik hollarini aniqlagan vakolatli organ vakili tomonidan tazyiq o'tkazish va zo'ravonlik sodir etishga moyil shaxslar bilan o'tkaziladi.
Shu bilan birga, Qonunda himoya orderini berish va uning muddatini uzaytirish, tazyiq qurbonlariga nisbatan himoya orderi, uning mazmuni, shuningdek, himoya orderida nazarda tutiladigan cheklovlar belgilanmoqda.
Qonunda bunday hollarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar, shuningdek, bu kabi qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik belgilangan. Bundan tashqari, jabrlangan shaxslarni himoya qilishni nazarda tutuvchi protsessual kafolatlarni shakllantirishga, jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan har qanday shakldagi zo'ravonlikka murosasiz munosabatni qaror toptirishga qaratilgan chora-tadbirlar aks etgan. Ushbu Qonunning qabul qilinishi jamiyatda xotin-qizlarga bo'lgan munosabatni yanada yaxshilashga, ularga hurmat bilan munosabatda bo'lishni mustahkamlashga xizmat qilishi ta'kidlandi. Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.
Ma'lumot uchun: Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan qabul qilingan ushbu qonunlarni ishlab chiqishda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi va Adliya vazirligi mutaxassislari bevosita ishtirok etgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 25.08.2019
- Ko'rishlar: 6499
- Chop etish