2019 yil 8 avgust kuni Toshkent shahrida “Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining o'rni” mavzuida seminar bo'lib o'tdi. Tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va O'zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Seminarni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi
Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi Jon MakGregor hamda O'zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining o'rinbosari Baxtiyor Mahmadaliev kirish so'zlari bilan ochdi.
Bugungi kunda odam savdosi va majburiy mehnat dunyoning barcha mamlakatlarini tashvishga solayotgan dolzarb muammolardan biridir. O'zbekistonda ushbu illatlarga qarshi kurashish uchun BMT va XMTning xalqaro shartnomalari ratifikatsiya qilingan bo'lib, ularga muvofiq milliy qonun hujjatlariga o'zgartirishlar kiritildi.
Hozirgi kunda O'zbekistonda odam savdosi va majburiy mehnatning oldini olish bo'yicha keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 iyulda qabul qilingan “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmonimamlakatimizda ushbu jinoiy ishlarga qarshi kurashish tizimini tubdan yangi bosqichda, yanada jadal sur'atlarda olib borish uchun huquqiy asos bo'lib xizmat qiladi.
Odam savdosi va majburiy mehnatdan jabrlanganlarning vatanga qaytishi va reabilitatsiya qilinishi uchun davlatimiz tomonidan ularga beg'araz yordam ko'rsatib kelinmoqda.
Shu maqsadda Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo'yicha respublika reabilitatsiya markazi tuzilgan. Ushbu Markaz jabrlanuvchilarga ham psixologik, ham yuridik, ham tibbiy tomondan har tomonlama yordam ko'rsatib kelmoqda.
Anjumanda akademik A.Saidovning “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish – O'zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yo'nalishi” hamda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bo'lim mudiri Nodira Karmovaning “Kasaba uyushmalarning odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi tajribasi” mavzuidagi ma'ruzalari tinglandi.
Seminar doirasida YEXHT texnik ko'magida nashr etilgan “Odam savdosi jabrdiydalarini kelib chiqish mamlakatiga qaytarish jarayonida inson huquqlariga amal qilish bo'yicha Dasturulamal printsiplar” nomli to'plamning taqdimoti bo'lib o'tdi.
Ushbu qo'llanmaning birinchi qismida taqdim etilgan yetti dasturulamal printsip YEXHT mintaqasida qo'llaniladigan xalqaro normalardan kelib chiqqan bo'lib, har bir printsip qisqa va aniq shaklda bayon etilgan.
Shuningdek, qo'llanmada davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarga odam savdosi hamda majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasiga doir tegishli tavsiyalar berilgan.
To'plamning ikkinchi qismida ushbu dasturulamal printsiplar uchun asos bo'lgan xalqaro-huquqiy normalar haqida atroflicha tushunchalar o'z mujassamini topgan.
Qo'llanma odam savdosi jabrdiydalarini himoya qilishni yaxshilashga ko'maklashishga da'vat etadi. Shu bois ushbu nashr davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari uchun zarur manba hisoblanadi.
To'plam jabrdiydalarni qaytarish masalasiga qonunchilik yoki dasturiy siyosiy yondashuvlarni ishlab chiqish bilan shug'ullanayotgan davlat tuzilmalari uchun ham foydalidir.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 08.08.2019
- Ko'rishlar: 7244
- Chop etish