Poytaxtimizda “Bandlik va ijtimoiy himoyani uyg‘unlashtirish orqali O‘zbekistonda ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva, Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Jilber Ungbo, vazirlik va idoralar, NNT, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida O‘zbekistonda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, odam savdosiga qarshi kurashish, undan jabrlanganlarni har tomonlama himoya qilish, majburiy mehnatning oldini olish va unga to‘liq barham berishning tashkiliy, huquqiy asoslarini mustahkamlash, bu borada davlat va nodavlat tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Bu borada T.Narbayeva konferensiya ijtimoiy adolatni mustahkamlash, aholi bandligi va ijtimoiy himoyasini taʼminlash, inson huquqlari institutini mustahkamlash, tengsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, ularning oldini olish sohasidagi siyosatni takomillashtirish yo‘lidagi dastlabki qadam ekanligini alohida taʼkidladi.
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bosh direktori Jilber Ungbo O‘zbekiston majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha katta yutuqlarga erishganini, bu borada XMT va boshqa davlatlar uchun namuna bo‘lganini alohida taʼkidladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan va ijtimoiy hamkorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan islohotlarning keng qamrovli ekaniga urg‘u berdi.
Qayd etilganidek, yurtimizda majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi. Munosib mehnat standartlarini joriy etishga kirishildi. Natijada, o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykot bekor qilindi.
Bundan tashqari, xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqiy himoyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Tadbirda inson huquqlarini himoya qilish, munosib ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoyani mustahkamlash “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ajralmas qismi ekanligi aytib o‘tildi.
Shuningdek, O‘zbekistonning bandlikni taʼminlash borasidagi ishlariga ham eʼtibor qaratilib, keyingi yillarda ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida mamlakatimizda ishsizlik darajasi 2020-yildagi 10,5% dan 2024-yilda 6,8 % ga tushdi.
Kambag‘allik darajasi esa 2021-yildagi 17 %dan 2023-yil so‘nggiga kelib 11%ga tushdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston ijtimoiy adolat va munosib mehnat tamoyillarini joriy qilish yo‘lidan dadil bormoqda. O‘zbekiston tomonidan Xalqaro mehnat tashkilotining 144-sonli Konvensiyasi ratifikatsiya qilingach, 2019-yilda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Ish beruvchilar respublika Konfederatsiyasi vakillaridan iborat Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha Respublika uch tomonlama komissiyasi tashkil etildi.
Anjuman doirasida “Mehnat meʼyorlari va huquqlarining bugungi kundagi holati”, “Yashil iqtisodga o‘tish uchun munosib mehnat ish o‘rinlarini moliyalashtirish” va boshqa mavzulardagi panel sessiyalar ham o‘tkazildi.
Yakunda konferensiya rezolyutsiyasi qabul qilindi.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI
- Qo'shildi: 10.07.2024
- Ko'rishlar: 1326
- Chop etish