Xitoyda nikohlar soni kamayib ketyapti

XXRda so‘ngi o‘n yildagi eng kam nikoh qayd etildi. Bu ma’lumotni CNN keltirgan.

Dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti hisoblangan bu davlatda demografik pasayishning oldini olish uchun yoshlarni oila qurish va farzand ko‘rishga undash bo‘yicha keng ko‘lamli sa’y-harakat davom etayotganiga qaramay, yangi nikohlar soni rekord darajada pasaydi.

Fuqarolik ishlari vazirligi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, 2024 yil 6,1 millionga yaqin juftlikning nikohi qayd etilgan, Bu avvalgi yilga nisbatan 20,5 foiz kam.

Nikoh va tug‘ilish keskin kamayishi Pekin uchun jiddiy muammoga aylanmoqda, chunki ishchi kuchi qisqarishi va aholi tez qarishi mamlakatda iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiradi.

O‘tgan yil 16-59 yosh oralig‘idagi mehnatga layoqatli odamlar 6,83 million kamaydi, 60 yoshdan oshganlar esa keskin ko‘payib, umumiy aholining 22 foizini tashkil etdi.

Rasmiylar va sotsiologlar fikricha, hozirgi tashvishli holat qisman aholi ko‘payishini cheklash maqsadida o‘nlab yillar davomida olib borilgan siyosat bilan bog‘liq bo‘lib, hozir nikoh yoshidagi yoshlar keskin kamayib ketgan.

2015 yil XXR bir bola siyosatiga chek qo‘yib, er-xotinlarga ikki farzand ko‘rishga ruxsat berdi. 2021 yil bu chegara uch nafarga oshirildi. Afsuski, nikoh va tug‘ilish darajasi hamon pasayishda davom etyapti.

O‘zA

Powered by GSpeech