Xotin-qizlar uchun barcha sohalarda zarur sharoitlarni yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri

Munosabat

Sakkiz yil oldin mamlakatimiz boshqaruv sohasida xotin-qizlar o‘rtacha yigirma foizni tashkil etgan. Hozirda bu raqam o‘ttiz besh foizga yetdi. Misol uchun, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining o‘ttiz sakkiz foizini, Senat a’zolarining yigirma yetti foizini ayollar tashkil etmoqda.

Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali marosimda bu raqamlar tilga olinar ekan, aziz ayollarimiz turli soha va tarmoqlarda Vatanimizning jadal taraqqiyoti uchun munosib hissa qo‘shayotganlari alohida e’tirof etildi.

Yurtimizda ushbu bayramning shukuhi, go‘zallik faslining tarovati kezib yuribdi.  

Bugun ham tadbir ishtirokchilari – jamiyatdagi faol xotin-qizlardan intervyular berib borishni davom ettiramiz.

Mavludaxon XO‘JAEVA, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari:

– Davlatimiz rahbari uy-ro‘zg‘or ishlari hamda farzand tarbiyasidan ortib, ta’lim olayotgan, mehnat qilayotgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarni zamonamizning haqiqiy qahramonlari, deb atadilar. Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning og‘irini yengil qilish, ular uchun barcha sohalarda zarur sharoitlarni yaratib berish doimo davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishini yana bir bor ta’kidladilar. Davlat rahbari nutqining boshidanoq aytilgan ushbu fikrlar, hech mubolag‘asiz, mamlakatimizda faol, yangilikka intiluvchan xotin-qizlar soni yanada ortishiga xizmat qiladi. 

So‘z va amal birligida gap ko‘p. Buni keyingi yillarda ayollarni ijtimoiy himoya qilish tizimi yangicha tashkil etilganida ham ko‘rish mumkin. Bu o‘zgarishlar yangilangan Bosh qomusimizdagi ijtimoiy davlat tamoyiliga to‘liq mos keladi. 

Fikrlarimizni ba’zi raqamlar bilan asoslasak bo‘ladi. Joriy yilda nogironligi bo‘lgan 162 ming nafar ayolga sanatoriy, shifoxona va o‘zlari yashayotgan mahallada tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Boquvchisini yo‘qotgan 130 ming nafar xotin-qizga esa moddiy yordam beriladi. Yana minglab opa-singillarimizning uy-joy sharoitlari yaxshilanadi, mehnatga layoqatlilari ishga joylashtiriladi.

Prezident xotin-qizlarning salomatligi – har tomonlama sog‘lom va qudratli jamiyat poydevori ekanligini qayd etdi. Shu maqsadda 230 ta tug‘ruq muassasasi yigirma bir mingta eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi. Kasalni davolagandan uning oldini olgan yaxshi deyishadi. Shu fikrlar asosida joriy yilda 1,5 million nafar xotin-qizda saraton kasalligini erta aniqlash maqsadida skrininglar o‘tkazilishi aytildi. 

Bu raqamlar shunchaki aytilgani yo‘q. Ularning ijrosi ta’minlanishi, tegishli choralar ko‘rilishi shubhasiz. Chunki muhim yo‘nalishlar ijrosi bo‘yicha yig‘ilishning o‘zida mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Dilnoza KATTAXONOVA, Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari:

–  Tadbir jamiyatda xotin-qizlarning faolligi, qadr-qimmatini oshirishga qaratilgan ko‘plab tashabbuslar ilgari surilgani bilan juda ahamiyatli bo‘ldi. Qiz bolaning o‘qishi butun oilaga naf keltirishi yana bir bor ta’kidlandi. Bunda bir-birini talab qiladigan hayotiy qoida bor. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, agar oila bilimli, ma’rifatli bo‘lsa, jamiyatning ongi, madaniy darajasi ham yuksaladi. Ong va madaniy darajaning yuqori bo‘lishi mamlakat taraqqiyotini kafolatlovchi kuch sanaladi.

Mamlakatimizda bu borada keyingi yillarda tizimli ishlar amalga oshirildi. Bu esa natijasini bermoqda. Birgina misol, bugun talabalarning ellik ikki foizdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etmoqda. O‘tgan yilning o‘zida magistraturada o‘qiyotgan o‘n besh mingga yaqin opa-singillarimizga yuz milliard so‘mga yaqin kontrakt puli to‘lab berilgani ham oddiy ish emas.

Hozirgi vaqtda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar soni ham ortib bormoqda. Ilmiy ishlanmalarning to‘rtdan birini olima ayollar yaratayotgani ham jamiyatda ularning o‘rni mustahkamlanib borayotganini anglatadi.

Tantanali tadbir davomida yigirma sakkiz nafar qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini shaxsan davlatimiz rahbaridan qabul qildi. Ko‘pchilik shu damda bu qizlarning yuz-ko‘zlarida aks etgan shijoatga e’tibor qildi. Bu kabi ko‘tarinki kayfiyat, o‘zgacha motivatsiya mamlakatimizdagi barcha opa-singillarimizda ham tug‘ilgani shubhasiz.

Ikrom AVVALBOEV,

Otabek MIRSOATOV (surat),

O‘zA

Powered by GSpeech