Erkak shu yo‘l bilan o‘z muhabbatini ifodalashga uringan.
Yaponiyada rafiqasiga kuniga 100 martacha qo‘ng‘iroq qilib, bir og‘iz ham gapirmagan erkak qo‘lga olindi. Bu haqda Sora News xabar bermoqda.
Ayolga notanish raqamdan muntazam qo‘ng‘iroqlar bo‘la boshlagan. Go‘shakning narigi tomonidagi odam gapirmasdan, faqat chuqur nafas olardi. Nashrning xabar berishicha, asta-sekin qo‘ng‘iroqlar soni kuniga 100 tagacha yetgan.
Biroz vaqt o‘tgach, ayol politsiyaga yordam so‘rab murojaat qildi. Tergov davomida shubhali qo‘ng‘iroqlar manbasi uning turmush o‘rtog‘i ekani ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng erkak ta’qib qilishda ayblanib hibsga olindi.
U qo‘ng‘iroqlar paytida sukut saqlash orqali rafiqasiga bo‘lgan muhabbatini ifodalashga uringanini tushuntirdi. Erkak shu yo‘l bilan o‘z tuyg‘ularini namoyon etmoqchi bo‘lgan. Politsiya xodimlari bunday holatga ilgari hech duch kelmaganini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil birinchi yarmida Yaponiyada 40 mingga yaqin odam o‘z uyida yolg‘iz vafot etgani xabar berilgandi. Ularning 4 mingga yaqini o‘limidan bir oy o‘tib topilgan, 130 nafar odamning o‘limi bir yil davomida aniqlanmagan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Yaponiya hozir dunyodagi eng keksa aholiga ega.
Kun.uz
- Qo'shildi: 11.09.2024
- Ko'rishlar: 753
- Chop etish