TOSHKENT (2021 yil 7 dekabr) – BMTning inson huquqlari bo'yicha mutaxassisi bugun O'zbekiston hukumatining Suriya, Iroq va Afg’onistondan ayollar va bolalarni qaytarish va ularni reintegratsiyalashishi bo’yicha chora-tadbirlarini yuksak baholadi, biroq rasmiylarga mamlakatda ekstremizm va terrorizmga qarshi qonunlarni tubdan isloh qilishni tavsiya qildi.
10 kunlik tashrifi yakunida terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini va asosiy erkinliklarini rag’batlantirish va himoya qilish bo'yicha Maxsus ma'ruzachi Fionnuala Ni Aolain asosiy inson huquqlarini, shu jumladan, o’z fikrini emin-erkin ifoda qilish, yig’ilish erkinligi, odil sudlov, ozodlikdan mahrum qilishda himoya, qiynoqlar qo’llanilishidan ozod bo’lish, diniy erkinlik va e'tiqod qilish huquqini himoya qilish bo'yicha chora-tadbirlarni kuchaytirishga chaqirdi.
Mutaxassis 2019 yil may oyidan boshlab hukumat tomonidan yuzlab ayollar va bolalarni Suriya hamda Iroq va Afg'onistondagi jang maydonlaridan olib chiqib ketish va reintegratsiya qilish bo’ycha amalga oshirgan Mehr operatsiyalarini yuqori baholadi.
"Oila birligi va jamiyatni qo'llab-quvvatlashiga asoslangan o'zbek modeli repatriatsiya qilish, bolaning manfaatini ko'zlash va siyosiy, huquqiy va ijtimoiy harakatlar markazida o’choqli hududlardan qaytgan ayollarni samarali reintegratsiya qilish bo'yicha eng yaxshi amaliyotning namunasidir", dedi Ni Aolain xonim.
Suriya shimoliy-sharqidagi lagerlarda minglab ayollar va bolalar o’zboshimchalik bilan hibsga olingan. BMT mutaxassislari yashash sharoiti va muomala masalasida ular zo'ravonlik, inson ekspluatatsiyasi, tahqirlash va mahrumlikka duchor bo'lishlarini aytishmoqda, bu o’z navbatida, xalqaro huquq normalariga ko’ra hech qanday huquqiy himoyasiz qiynoqqa solish yoki boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabat yoki jazoga tortilishga tenglashadi. Ular o'nlab davlatlarni repatriatsiya qilishda ko’maklashishga chaqirdilar.
Ni Aolain hukumat tomonidan stigmatizatsiyani bartaraf etish, asosiy huquqlar, shu jumladan, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarni ta'minlashga qaratilgan amaliy choralarini maqtadi va hukumatning YUNISEF va BMTning inson huquqlari bo'yicha boshqa tashkilotlari, shu jumladan uning vakolati va Inson huquqlari bo’yicha BMTning Oliy komissari idorasi bilan hamkorligining ahamiyatiga alohida urg’u berdi.
"Repatriatsiya va reintegratsiyaning o'zbek modeli boshqa hukumatlar uchun o'z fuqarolarini o’choqli hududlardan qaytarish uchun yo'l xaritasi sifatida xizmat qiladi", dedi u va mazkur tadbirni mamlakat qanday qilib samarali, insoniy va inson huquqlariga mos tarzda amalga oshirish imkoniyatini ko'rsatganini ta’kidlab o’tdi.
U asosiy manfaatdor tomonlar, xususan xalqaro hamjamiyat va fuqarolik jamiyati o'rtasida inson huquqlarini himoya qilish va tajriba almashishni ta'minlash uchun repatriatsiya jarayonini doimiy monitoring qilish va baholashni rag'batlantirdi.
Maxsus ma'ruzachi shuningdek, O'zbekistonning aksilterrorchilik va ekstremizmga qarshi qonunlarini yaqindan o'rganib chiqib, ko'plab jinoiy kodeksi moddalarini keng va noaniq mazmundagi xavotirlarini aniqladi. Uning so'zlariga ko'ra, terrorizm va inson huquqlariga qarshi kurashish bo'yicha xalqaro huquq va standartlarga muvofiqligini ta'minlash uchun muhim o'zgarishlar zarur. U FATF tavsiyalari va inson huquqlari standartlarini inobatga olib fuqarolik jamiyati va notijorat tashkilotlarga salbiy ta'sir yetkazayotgan terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash bo'yicha amaldagi qonunchilikni qayta ko’rib chiqish zaruratini alohida ta'kidladi.
O’tmishdagi inson huquqlari buzilishi masalasida esa, u hisobdorlik va shaffoflik hozirgi islohotlar harakatlarini mustahkamlashi va chuqurlashtirishini aytdi. Ni Aolain avvalroq milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha hibsga olingan, xususan, qiynoqlar, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalaga uchragan shaxslarning inson huquqlarining jiddiy buzilishi holatlarini bartaraf etish uchun tergov o‘tkazish va samarali himoya vositalari va tovon to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lgan rasmiy va mustaqil tekshirish mexanizmini yaratishni tavsiya qildi.
- Qo'shildi: 08.12.2021
- Ko'rishlar: 4585
- Chop etish