Jamiyatni xotin-qizlarsiz tasavvur etib bo'lmaydi. Bugungi jamiyatimizda ayol – mehribon ona, opa yo singil, sevimli umr yo'ldosh, oila bekasi, nevaralarning duogo'y buvijonisi bo'libgina qolmay, jonkuyar muallim, ishchan rahbar, olima, ijodkor, tadbirkor hamdir.
Bu ro'yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Hozirda Yer yuzi aholisining 49,6 foizi xotin-qizlardan iboratligini inobatga olsak, jamiyat hayotining barcha sohalarida ayollar nechog'lik muhim o'ringa ega ekanini yanada teranroq anglaymiz.
Gender tengligi ustuvor ahamiyat kasb etayotgan XXI asrda - xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularga o'z iste'dodlarini namoyon etishlari uchun zarur imkoniyatlar yaratish har qachongidan ham dolzarbdir. Shu ma'noda, O'zbekiston jahon hamjamiyatining teng huquqli a'zosi sifatida ayollar huquqlari kafolatlari borasida qator xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilgani diqqatga loyiqdir.
Bu haqda so'z borganda, 1979 yili qabul qilingan BMTning Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiyasi, shuningdek 1992 yili qabul qilingan Xalqaro mehnat tashkilotining Onalikni himoya qilish to'g'risidagi 103-sonli hamda Mehnat va ish turlari sohasida kamsitishlar to'g'risidagi 111-sonli konventsiyalarini alohida ta'kidlash lozim.
Ushbu xalqaro-huquqiy hujjatlarning milliy qonunchiligimizga tatbiq etilishi yurtimizda xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini kafolatlashda, ularni kamsitilishdan, turli zo'ravonliklardan himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. 2019 yilda O'zbekistonda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi, shuningdek “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi qonunlar qabul qilingani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Mamlakatimizda gender tenglikni ta'minlash, ayollar huquqlarini himoya qilish va kafolatlash bo'yicha olib borilayotgan davlat siyosati, ayniqsa, so'nggi yillarda yangi bosqichga ko'tarildi.
Jumladan, joriy yilda mustaqil O'zbekiston tarixida ilk bor Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilinib, unda gender tenglikni ta'minlash hamda ayollar huquqlarini himoya qilish bo'yicha davlatimizning strategik yondashuvi va yaqin kelajakda bajarilishi ko'zda tutilgan aniq vazifalar belgilab berildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ta'kidlaganidek, “Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o'rni tobora kuchaymoqda. Yangi Parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobarga ko'paydi”.
Qizlar huquqlarini himoya qilishda esa, BMT Bosh Assambleyasining 2011 yil 19 dekabrdagi 66-sessiyasida qabul qilingan “Xalqaro qizlar kuni to'g'risida”gi rezolyutsiyasi alohida o'rin egallaydi. Ushbu rezolyutsiyaga asosan, 2012 yildan boshlab har yili 11 oktyabr` – Xalqaro qizlar kuni sifatida dunyoning deyarli barcha davlatlarida nishonlanadi.
Mazkur xalqaro sana, o'z navbatida, gender tenglikni ta'minlashga, qizlarning sifatli ta'lim olishi, tibbiy xizmatlardan foydalanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgani bilan g'oyat ahamiyatlidir.
Eng muhimi, ushbu zarur qadam nozik xilqat vakillarini har tomonlama rag'batlantirib, kamsitish va zo'ravonliklardan muhofaza etishga umumjahon miqyosida jiddiy e'tibor qaratilayotganidan dalolat beradi.
Bu borada yurtimizda bo'layotgan o'zgarishlarga to'xtaladigan bo'lsak, ta'lim, sog'liqni saqlash, sport, san'at, madaniyat va tadbirkorlik kabi bir qator sohalarda qizlarga alohida e'tibor qaratilayotganini qayd etish joiz. Qizlarning ijtimoiy-ma'naviy, siyosiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalarida faol mehnat olib borishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qizlarning sifatli ta'lim olishini ta'minlash orqali ularning o'zi qiziqqan sohaning yetuk mutaxassisi bo'lishiga, shu yo'l bilan jamiyat farovonligini, davlat rivojini yanada yuksaltirishga erishilmoqda. Natijada xalqaro fan olimpiadalari va tanlovlarda O'zbekiston qizlari faxrli o'rinlarni qo'lga kiritib, yurtimiz dovrug'ini dunyoga taratmoqda.
Sportga jalb qilish orqali sog'lom turmush tarzini hayotga tatbiq etish, maktabgacha ta'lim muassasasidan boshlab qizlarning sportga qiziqishini oshirish va sport bilan shug'ullanishlari uchun imkoniyatlar yaratish kabi muhim vazifalar bo'yicha izchil amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, qizlarni onalikka tayyorlash, yoshligidanoq sog'lom ona va sog'lom bola tamoyili asosida tarbiyalash orqali ularni erta turmush qurishining oldini olish, turli xil nojo'ya va sog'liqqa zarar keltiruvchi illatlardan himoya qilish kabi masalalar doimiy diqqat markazida turibdi.
Turli soha va tarmoqlarda iqtidorini, faolligini va tashabbuskorligini ko'rsatayotgan qizlarning har yili Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan rag'batlantirilishi esa ularning o'ziga bo'lgan ishonchini yanada oshiradi. O'sib kelayotgan yosh avlodni yurt ravnaqi uchun o'z hissasini qo'shadigan faol va izlanuvchan inson qilib tarbiyalashda mukofot sohibalarini o'rnak sifatida ko'rsatish ham nihoyatda samarali.
Tadbirkorlik faoliyatida qizlarimizga biznes loyihalarini amalga oshirishlari, minglab yoshlarni ish bilan ta'minlashlari, bo'sh ish o'rinlari yaratishlari, banklar tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozli kreditlardan samarali foydalanishlari, bir so'z bilan aytganda, davlatimizga munosib tadbirkor ayol bo'lib yetishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, millatning ertasi, davlat ravnaqi va yurt kelajagi o'sib kelayotgan qizlarimizning jisman sog'lom, ma'nan yetuk, aqlan komil inson bo'lib ulg'ayishiga bog'liq.
Buning uchun ularni yoshligidan sog'lom fikr asosida tarbiyalash hamda sog'lom muhitda voyaga yetishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish kerak. Bu borada mamlakatimiz jahonning ko'plab davlatlariga o'rnak
bo'la oladi.
Dildora Ahmedova,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi
- Qo'shildi: 09.10.2020
- Ko'rishlar:
- Chop etish