Inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmi
Inson huquqlarini himoya qilishning universal mexanizmi
Xalqaro universal tashkilot sifatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) doirasida inson huquqlarini himoya qilishning universal xalqaro mexanizm mavjud bo'lib, u ko'p tarmoqlangan tuzilmadan iborat.
BMTning asosiy organlari ham, yordamchi organlari ham u yoki bu darajada inson huquqlarini himoya etishga taalluqli masalalar bilan shug'ullanadilar.
BMT Bosh Assambleyasi inson huquqlari sohasida rezolyutsiyalar qabul qilish orqali a'zo-davlatlar e'tiborini inson huquqlari borasidagi muammolarga qaratadi va bu borada hamkorlik qilishga da'vat etadi.
Bosh Assambleyaning asosiy vazifalaridan biri inson huquqlari va asosiy erkinliklarini irqi, jinsi, tili va dinini ajratmagan holda amalga oshirishga ko'maklashish maqsadida inson huquqlari masalalarini o'rganish va tadqiq etish ishlarini uyushtirish hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Bosh Assambleya inson huquqlari bo'yicha konventsiyalar, deklaratsiyalar va turli rezolyutsiyalar qabul qiladi va BMT organlarining hisobotlarini qabul qiladi va ko'rib chiqadi.
Iqtisodiy va ijtimoiy kengash (EKOSOS) inson huquqlari va asosiy erkinliklariga rioya etishni va hurmat qilishni ta'minlab beradi.
Iqtisodiy va ijtimoiy kengash inson huquqlari va asosiy erkinliklari hurmat qilinishi hamda ularga rioya etilishini rag'batlantirish maqsadida tavsiyalar berishi va yordamchi organlar – qo'mitalar va komissiyalar tuzishi mumkin.
Inson huquqlari bo'yicha kengash 2006 yil 5 mart kuni BMT Bosh Assambleyasining 60/251 rezolyutsiyasi bilan tashkil etilgan bo'lib, inson huquqlarini qo'pol tarzda va muntazam ravishda buzish hollari bilan bog'liq voqealar va amaliyotni muhokama etib boradi. Mazkur rezolyutsiya asosida Kengash har bir davlatning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarini bajarilishining Universal davriy tahlilini amalga oshiradi va shu orqali universal miqyosda va barcha davlatlarga bir xil munosabatni ta'minlaydi. Ya'ni, barcha davlatlar Universal davriy tahlil doirasida inson huquqlarining barcha sohalari bo'yicha Milliy ma'ruzalarini har 4 yilda Kengashga taqdim etib borishadi.
Kengash biror-bir farqlarsiz va adolatli hamda tenglik asosida barcha uchun inson huquqlari va asosiy erkinliklarini umumhurmat qilish va himoya qilish ishiga ko'maklashishi, inson huquqlarining buzilishi bilan bog'liq holatlarni ko'rib chiqishi hamda ular bo'yicha o'zining tavsiyalarini ishlab chiqishi kerak.
Kengash doirasida, dunyoning har qanday hududida va har qanday holatda bo'lishidan qat'i nazar, sodir etilgan va tizimli hamda ishonchli ravishda tasdiqlangan inson huquqlari va asosiy erkinliklarining barcha qo'pol buzilishi holatlarini ko'rib chiqish maqsadida shikoyatlarni ko'rib chiqish tartiboti o'rnatildi.
BMTning inson huquqlari bo'yicha maxsus ma'ruzachilari. Maxsus ma'ruzachi — inson huquqlari bo'yicha muayyan mamlakatdagi vaziyat yoki aniq bir mavzuni o'rganish va bu haqda ma'ruzalar taqdim etish uchun BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi tomonidan tayinlanadigan mustaqil ekspertdir. Bugungi kunda BMT tizimida inson huquqlarining turli sohalariga ixtisoslashgan 44 nafar maxsus ma'ruzachi mavjud.
Xotin-qizlarning ahvoli bo'yicha komissiya xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy, fuqaroviy, ijtimoiy sohalar va ta'lim sohasidagi huquqlarini rag'batlantirish to'g'risida Iqtisodiy va ijtimoiy kengashga tavsiyalar va ma'ruzalar tayyorlash, shuningdek, erkaklar bilan xotin-qizlarning teng huquqliligi
tamoyilini amalga oshirish maqsadida xotin-qizlar huquqlari sohasidagi eng muhim muammolar bo'yicha chora-tadbirlar qabul qilish to'g'risida tavsiyalar va takliflar tayyorlash vazifalari kiradi.
«BMT – ayollar» – bu gender tengligi va xotin-qizlarning huquqlari hamda iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish borasida faoliyat olib boruvchi BMTning tuzilmasidir. Xotin-qizlarning huquqlarini himoya qiluvchi «BMT-ayollar» tuzilmasi butun jahonda ularning muhtojliklari va ehtiyojlarini qondirish maqsadida tashkil etilgan. Mazkur tuzilma BMTning a'zo-davlatlariga, ularning gender tengligiga jahon standartlari darajasida erishishiga yordam beradi hamda xotin-qizlar huquqlariga oid qonunlarni, siyosat strategiyalarini, dasturlarni ishlab chiqishda mamlakatlarning hukumatlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda ishlaydi.
Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissar BMTning inson huquqlari sohasidagi faoliyati uchun asosiy mas'uliyat yukini Bosh kotibning rahbarligi va rahnamoligi ostida olib boradi. Oliy komissar o'z vazifasini bajarar ekan, Bosh Assambleya, Iqtisodiy va ijtimoiy kengash hamda Inson huquqlari bo'yicha kengashning umumiy vakolatlari, vazifalari doirasida va qarorlari asosida ish olib boradi. Oliy komissar inson huquqlari sohasidagi har qanday muammoni ko'rib chiqish va inson huquqlarini buzish hollarining oldini olishga qaratilgan dunyo miqyosidagi faoliyatda faol ishtirok etadi.
BMTning Bolalar fondi (YUNISEF) o'z faoliyatida bolalarni himoya qilish va kamol toptirish to'g'risidagi umumjahon deklaratsiyasini amalga oshirishga qaratilgan harakatlar rejasiga amal qiladi.
BMTning Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha tashkiloti (YUNESKO) madaniy hayotda ishtirok etish huquqini tatbiq etishga qaratilgan faoliyat o'tkazadi. YUNESKO o'z faoliyatining asosiy yo'nalishi hisoblanmish ta'lim sohasida savodsizlikka qarshi kurash dasturlarini izchil amalga oshirib kelmoqda.
Xalqaro mehnat tashkiloti mehnat va hayot sharoitini yaxshilash, ish bilan ta'minlash sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirish bo'yicha xalqaro chora-tadbirlar va dasturlarni ishlab chiqadi. Xalqaro mehnat tashkilotining konventsiya va tavsiyalari, o'z navbatida, a'zo-davlatlarga mo'ljallangan, ya'ni ular XMTning milliy qonunchilikka tegishli normalarini kiritish lozimligi to'g'risidagi xohishni aks ettiradi.
Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti insonning sog'liqqa bo'lgan huquqining targ'ib etilishi va himoya qilinishidagi asosiy ixtisoslashgan tashkilot bo'lib hisoblanadi.
BMTning inson huquqlari bo'yicha institutsional tizimida inson huquqlari bo'yicha konventsiyaviy (shartnomaviy) organlar inson huquqlari bo'yicha alohida shartnomalar asosida tuzilgan va muayyan shartnoma qoidalarini, unga a'zo bo'lgan davlatlar tomonidan qanday bajarib borilayotganligini nazorat qilib boradi. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi quyidagi qo'mitalar bilan o'z majburiyatlarini bajarishi yuzasidan hamkorlik olib boradi:
Inson huquqlari bo'yicha qo'mita - Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt bo'yicha;
Iqtisodiy, ijtimoy va madaniy huquqlar bo'yicha qo'mita - Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt bo'yicha;
Irqiy kamsitishlarni tugatish bo'yicha qo'mita - Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi xalqaro konventsiya bo'yicha;
Qiynoqlarga qarshi qo'mita - Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konventsiya bo'yicha;
Xotin-qizlarni kamsitishlarga barham berish bo'yicha qo'mita - Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiya bo'yicha;
Bola huquqlari bo'yicha qo'mita - Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya bo'yicha.
Qo'mitalarning asosiy vazifasi pakt va konventsiyalar bajarilishi yuzasidan a'zo-davlatlarning qonunchilik, sud, ma'muriy yoki boshqa choralar to'g'risidagi ma'ruzalarini ko'rib chiqishdir. Barcha a'zo-davlatlar qo'mitalarga huquqlar qay darajada ta'minlanayotgani to'g'risida milliy ma'ruzalarni taqdim etishi shart.
Inson huquqlarini himoya qilishning mintaqaviy mexanizmi
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) xavfsizlikni ta'minlash masalalari bilan bir qatorda, inson huquqlarini himoya qilish borasida ham muhim ishlarni amalga oshirmoqda. U BMT tomonidan inson huquqlari va ularni himoya qilishga doir barcha hujjatlarni e'tirof etish hamda ularda belgilangan tamoyillarni amalga oshirishga intilmoqda. Uning BMT bilan bu boradagi hamkorligi inson huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar ko'lamining oshib borishiga yordam bermoqda.
YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi saylovlarda kuzatuvchilik vazifasini bajaradi va milliy saylov organlarining vujudga kelishida ko'maklashadi, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlarning rivojlanishiga ko'maklashadi va texnikaviy yordam beradi, turli mamlakatlarda nodavlat tashkilotlarining tashkil etilishi va fuqarolik jamiyatining shakllanishiga yordam beradi.
Nizolarning oldini olish va tugatilishida YeXHTning kam sonli millatlar bo'yicha Oliy Komissari institutining ham roli katta. Oliy komissar nizolarning iloji boricha barvakt tahlil qilinishi va bartaraf etilishi choralarini ko'radi. Konsultatsiyalar o'tkazish va tavsiyalar berish yo'li bilan nizodagi tomonlarni to'qnashuvlarga bormaslikka chaqiradi.
YeXHT Parlament Assambleyasining har yili o'tkaziladigan sessiyalarida tashkilot faoliyatiga tegishli masalalar muhokama etiladi, mintaqada xavfsizlik va hamkorlikni kuchaytirish borasida deklaratsiya, tavsiya va takliflar tayyorlanadi.
Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) dunyoda musulmonlar istiqomat qiluvchi davlatlarning eng yirik xalqaro tashkiloti hisoblanadi. Tashkilotning inson huquqlariga ixtissoslashgan organi sifatida Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi 2011 yil tashkil etilgan.
Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi IHTga a'zo davlatlarning xotin-qizlar, yoshlar va ehtiyojmand kishilarning huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yo'lidagi sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlaydi. Bu borada iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va madaniy-ma'rifiy sohalardagi huquqlarni ta'minlash, barcha shakldagi zo'ravonlik va kamsitishlarga barham berish masalalariga alohida e'tibor qaratadi.
Inson huquqlarini himoya qilishning milliy mexanizmi
Mustaqillik yillarida mamlakatda inson huquqlarini himoya qilish bilan shug'ullanuvchi davlat tashkilotlari tizimi shakllandi. Bu tizimda an'anaviy sudlov va huquqni muhofaza qilish organlaridan iborat bo'lgan sudlov organlari bilan bir qatorda, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar va nodavlat tashkilotlaridan iborat bo'lgan inson huquqlari bo'yicha nosudlov organlari ham shakllandi.
Inson huquqlarini O'zbekiston Respublikasining sud organlari orqali himoya qilish inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmining tarkibiy va hal qiluvchi qismidir. Chunki, sud buzilgan inson huquqlari va erkinliklarini tiklash tizimida eng muhim vosita hisoblanadi. Har bir shaxsning huquq va erkinliklarini sud tomonidan muhofaza etilishi, davlat organlari, mansabdor shaxslar va jamoat birlashmalarining noqonuniy harakatlaridan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi. O'zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan va boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritishi e'lon qilindi.
Mamlakatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimi davlat hokimiyatining an'naviy tizimi sifatida inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi ishtiroki beqiyos hisoblanadi.
Jumladan, O'zbekiston Respublikasining prokuratura organlari huquqni muhofaza qiluvchi, shu jumladan, inson huquqlarini himoya qilish tizimida muhim va asosiy o'rinlardan birini egallaydi. Qonuniylik va huquqiy tartibotga rioya etish ustidan nazorat qiladigan davlat organi bo'lgan prokuratura nafaqat davlat hokimiyatini mustahkamlash vazifasini, balki inson va fuqaroning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish bo'yicha muhim ijtimoiy vazifani ham bajaradi. Aynan fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini davlat organlari mansabdor shaxslarining noqonuniy harakatlari yoki harakatsizligidan himoya qilish O'zbekistonda huquqiy davlat barpo etish jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi.
O'zbekiston Respublikasining ichki ishlar organlari huquqni muhofaza qilish idoralari tizimiga kiradi. Ichki ishlar idoralarining asosiy vazifalariga konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash, fuqarolarning hamda korxona, muassasa va tashkilotlarning mulkini, huquq va erkinliklarini har xil jinoiy tajovuzlardan va boshqa huquqbuzarliklardan himoya qilish, jinoyatchilikning oldini olish va sodir etilgan jinoyatlarning qisqa fursatda to'liq ochilishini ta'minlash, jinoyatni sodir etish sabablarini aniqlab, ularni bartaraf etish, sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish, pasport tizimi faoliyatini ta'minlash (fuqarolarga pasport berilishini, ularning ro'yxatdan o'tishi va chiqishini, vizalarini rasmiylashtirish), yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash, ma'muriy javobgarlik va jinoiy jazolarni bajarilishini ta'minlash, voyaga yetmaganlar bilan ishlash, fuqarolar tomonidan o'q otar qurollarni sotib olish, saqlash va olib yurish tartibini nazorat qilish va rasmiylashtirish kabi ko'plab vazifalar kiradi.
O'zbekiston Respublikasining adliya organlari inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash tizimida muhim ahamiyat kasb etib, an'anaviy tarzda huquqni qo'llovchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar sirasiga kiradi. Adliya vazirligi tomonidan ijtimoiy-siyosiy hayotni, davlat tuzilishini, shu jumladan, sud-huquq sohasini erkinlashtirish, insonning huquq va erkinliklarini himoya qilishni ta'minlashga yo'naltirilgan qonunlar ijrosini ta'minlash bo'yicha aniq maqsadga yo'naltirilgan ishlar amalga oshirilmoqda. Vazirlikning bevosita ishtirokida inson huquqlarini, tadbirkorlar va xususiy mulk egalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlari yaratildi, huquqni qo'llash amaliyotini doimiy tahlil etib borish va monitoring qilish hamda amaldagi qonunchilikni takomillashtirish bo'yicha asosli takliflar ishlab chiqish tizimi joriy qilindi.
Inson huquqlarini himoya qilishda advokatura institutining roli katta hisoblanadi. Advokatura instituti vakolatlarining kengayib, faoliyatining rivojlanib borishi inson manfaatlari, huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning nosudlov mexanizmi yanada takomillashib borayotganidan va kuchli fuqarolik jamiyatining poydevori mustahkamlanib borayotganidan darak beradi.
Mamlakatdagi inson huquqlarini ta'minlash tizimida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonalari davlat organlari bilan aholi o'rtasida ochiq muloqotni yo'lga qo'yish orqali davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan fuqarolarlarning murojaatlarini ko'rib chiqish orqali ularning huquq va erkinliklarini ta'minlashda o'ziga xos samarali mexanizmga aylandi.
O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining qabulxonalari tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilishda muhim rol` o'ynamoqda. Tadbirkorlik sub'ektlarining, shu jumladan, xorijiy investorlarning qonuniy huquqlari va manfaatlariga rioya qilinishini ta'minlash maqsadida tashkil etilgan mazkur qabulxonalar, tadbirkorlikni rivojlantirishga to'sqinlik qilayotgan muammoli masalalarni ko'rib chiqish va mavjud byurokratik, shu jumladan, yer uchastkalari va binolar, bank kreditlari ajratish, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish va boshqa masalalardagi to'siqlarni bartaraf etishda muhim rol o'ynamoqda.
Inson huquqlarini himoya qilishning milliy mexanizmi tizimida inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar alohida o'rin egallaydi. Milliy institutlar tizimi tarkibiga O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman), Prezident huzuridagi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo'yicha vakil (biznes-ombudsmen), Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi institutlari
kiradi.
Inson huquqlari bo'yicha nosudlov organlar tizimida yana bir asosiy o'rinni egallab turgan fuqarolik jamiyatining muhim institutlaridan biri bo'lmish nodavlat notijorat tashkilotlari katta rol` o'ynaydi.
Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda fuqarolik jamiyati institutlaridan biri sifatida ommaviy axborot vositalarining o'rni va roli ham keyingi paytlarda, alohida ahamiyat kasb etmoqda.