Sog‘lom turmush tarziga ega bo‘lish uchun tabiatni asrash, tabiiy resurslarni oqilona boshqarish, ulardan tejamkorlik bilan foydalanish zarur.
Chunki, bugungi kunda Yer sharidagi ko‘plab ekotizimlar zaxirasi deyarli tugab, ortga qaytarib bo‘lmaydigan darajaga yuz tutgan, boz ustiga aholi soni o‘sib borayotgan, iqtisodiy taraqqiyotga ehtiyoj kun sayin ortayotgan bir vaziyatda atrof-muhitni saqlash har qachongidan ham dolzarb vazifaga aylandi.

Ekologik muammolarni hal qilishda xalqaro hamkorlik asosiy rol o‘ynaydi va bunday o‘zaro hamkorlikning eng muhim mexanizmlaridan biri (COP) Tomonlar konferensiyasidir.
Qayd etish lozimki, (COP) — Tomonlar konferensiyasi xalqaro konvensiyaning eng yuqori boshqaruv organi hisoblanadi. Bu ishtirokchi davlatlar va akkreditatsiyadan o‘tgan kuzatuvchilarning shartnomaga asoslangan yig‘ilishi bo‘lib, uning maqsadi Konvensiya ijrosini ko‘rib chiqish va bitimning samarali bajarilishiga yordam beradigan qarorlar qabul qilishdir.

COP qaysi ekologik konvensiyalarni qamrab oladi?
COP bir nechta asosiy xalqaro ekologik konvensiyalar doirasida ishlaydi. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (UNFCCC) — global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishga qaratilgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi (UNCCD) — yer degradatsiyasining oldini oladi va barqaror rivojlanishga yordam beradi.

Shuningdek, Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiya (CBD) — ekotizimlarni, turlarni va genetik xilma-xillikni himoya qiladi. Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya (CMS) — ko‘chib yuruvchi hayvonlar va ularning yashash joylarini muhofaza qilishga qaratilgan. Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiya (CITES) — noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlarning savdosini nazorat qiladi. Suvda suzuvchi qushlarning yashash joyi sifatida xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoqli yerlar to‘g‘risidagi konvensiya (Ramsar konvensiyasi) — suvli-botqoqli ekotizimlarni saqlashni ta’minlaydi.
O‘zbekistonning xalqaro COP'dagi ishtiroki
2024 yilda O‘zbekiston Ar-Riyoddagi COP16 — BMTning cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasining 16-sessiyasi, Bokudagi COP29 — BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasining 29-sessiyasi hamda Kalidagi CBD COP16 — Biologik xilma-xillik bo‘yicha konvensiyaning 16-yig‘ilishi kabi yirik xalqaro ekologik tadbirlarda faol ishtirok etdi. Ushbu tadbirlar O‘zbekistonning global ekologik muammolarni hal etishdagi roli ortib borayotgani hamda barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlikka sodiqligini bildiradi.
Bundan tashqari, 2025 yilning 24 noyabridan 5 dekabriga qadar O‘zbekistonda CITES COP20 — yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 20-yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA
- Qo'shildi: 19.02.2025
- Ko'rishlar: 319
- Chop etish