13 may kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi loyihasining videokonferentsaloqa shaklidagi xalqaro muhokamasi bo'lib o'tdi. Tadbirni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ochib berdi.
Muhokamada BMTning O'zbekistondagi Doimiy koordinatori Helena Freyzer, BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi (IHOKB) mas'ul xodimi Natalya Kuzmina hamda IHOKBning Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy bo'limi boshlig'i Rishard Komenda, YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisining Insoniylik mezonlari loyihalari bo'yicha maslahatchisi Matye Lemuan, BMT va YEXHTning xalqaro eksperti Georgiy Tugushi, O'zbekistonning Jeneva shahridagi Doimiy vakili Ulug'bek Lapasov, shuningdek BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi hamda Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirdan maqsad – O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi loyihasini xalqaro ekspertiza qilishdan iborat. Keyingi vaqtda mazkur hujjat loyihasi milliy va xalqaro miqyosda keng muhokama qilindi. Ana shu muhokamalar jarayonida 100 dan ortiq davlat va nodavlat tashkilotlar, BMT va uning Agentliklari, YEXHT kabi xalqaro hamkorlardan amaliy takliflar olindi.
Xalqaro muhokama ishtirokchilari Milliy strategiya hamda uni amalga oshirishning “Yo'l haritasi” loyihalari to'g'risida fikr yuritib, ushbu hujjatlarga ijobiy baho berdilar.
BMT vakili H.Freyzer Strategiyaning maqsadi inson huquqlari bo'yicha milliy tizimni shakllantirish ekanligini qayd etdi. Bu hujjatni O'zbekistonning 2030 yilgacha bo'lgan Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) indikatorlari bilan uyg'unlashtirgan holda amalga oshirish masalasiga e'tiborni qaratdi.
H.Freyzer hozirgi pandemiya sharoitlarida “parlament, fuqarolik jamiyatini institutlari ishtirokida COVID-19 pandemiyasi va inson huquqlari” mavzusida anjuman o'tkazish taklifini bildirdi. U, shuningdek, Milliy strategiya va BRMga erishishda inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar tajribasidan foydalanishga chaqirdi.
IHOKBning Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy bo'limi boshlig'i R.Komenda hozirgi pandemiya sharoitlarida, uning salbiy oqibatlari bilan bir qatorda, undan ijobiy jihatlarini topishga harakat qilish kerakligi xususida to'xtaldi. Misol uchun, bunday sharoitlarda, yangi axborot texnologiyalardan foydalanib, bugungidek tadbirlarning tezlik va ortiqcha resurslarsiz o'tkazilishi loyihaning sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, “xalqaro ekspertiza bir necha yillarga mo'ljallangan Milliy strategiya loyihasi sifatini yanada takomillashtirishga qaratilgan bo'lib, uni BMT tomonidan yuritiladigan shaklga moslashtirish imkonini ham beradi”, deb ta'kidladi R.Komenda.
YeXHT vakili M.Lemuanning fikricha, “bugungi sinovli kunlarda Sardoba tumani aholisiga Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tomonidan gumanitar yordam yuborilib, xalqaro birdamlik muhimligi hamda bir-biriga yordam qo'lini cho'zishi katta ahamiyat kasb etayotir. YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi tomonidan ham Milliy strategiya loyihasi bo'yicha bir qator takliflar berilgan bo'lib, bu takliflarning loyiha matniga kiritilgani quvonarli holat”.
BMT va YeXHT eksperti G.Tugushi Milliy strategiya va “Yo'l haritasi” loyihalari mukammal ishlanganligi, sodda va tushunarli tilda yozilganligi, strategik ahamiyatga egaligi, qisqa muddatga mo'ljallanmasdan, balki inson huquqlari sohasida istiqbolli rejalar belgilab olinganligiga e'tiborni qaratdi. Loyihani amalga oshirish katta sa'y-harakatlar va resurslarni talab qiladi. Eng muhimi, hujjatda belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi mamlakatda ulkan ijobiy o'zgarishlarga olib kelishi tayin.
G.Tugushi, shuningdek loyihani xalqaro formatga muvofiqlashtirish bo'yicha o'z tavsiyalarini berganligini va kelgusida ushbu hujjat boshqa davlatlar, jumladan Markaziy Osiyo mintaqasi uchun namuna bo'lishi mumkinligini bildirdi. Ayniqsa, ushbu hujjat mintaqada ijobiy ahamiyat kasb etishini alohida ta'kidladi.
O'zbekistonning Jenevadagi Doimiy vakili U.Lapasov mazkur hujjat bo'yicha IHOKB bilan hamkorlik qilinayotganligi xususida to'xtaldi. Kelgusida Jenevada xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning diplomatik korpusini jalb etgan holda, mazkur Milliy strategiya taqdimotini o'tkazish maqsadga muvofiqligini bildirdi.
Xalqaro muhokama qizg'in va amaliy ruhda o'tdi. Milliy strategiya qabul qilinganidan so'ng xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari, xalqaro va milliy ekspertlar ishtirokida uning taqdimotini o'tkazish taklifi ma'qullandi.
Bundan tashqari, “COVID-19” pandemiyasi va inson huquqlari” mavzusida videokonferentsiya tashkil qilish haqida ham kelishib olindi.
Ma'lumot uchun: Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi loyihasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 martdagi farmoni bilan tasdiqlangan «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 268-bandi ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 14.05.2020
- Ko'rishlar: 4468
- Chop etish