“Biz Asosiy qonunimizda millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning tengligi, inson huquqlari, so‘z va vijdon erkinligi prinsiplariga sadoqatimizni yana bir bor tasdiqladik. Mana shunday huquqiy asosda “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasini qabul qildik. Bu strategiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga uyg‘un bo‘lib, biz o‘z zimmamizga olgan barcha majburiyatlarni to‘la va qat’iy bajarmoqdamiz”.
Bu fikrlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida 2023 yil 19 sentyabr kuni so‘zlagan nutqidan olindi. Davlatimiz rahbari joriy yil 11 sentyabrda tasdiqlagan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan suhbatlashdik.
– Joriy yilning o‘tgan davrida xalqimiz ikkita yirik ijtimoiy-siyosiy voqeaning nafaqat guvohi, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirokchisi ham bo‘ldi, – dedi akademik A.Saidov. – bu muhim demokratik jarayonlardan biri 30 apreldagi umumxalq referendumida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingani bo‘lsa, yana biri 9 iyulda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazilganidir.
Bu muhim voqeliklar, o‘z navbatida, jamiyatimizning siyosiy yetukligini, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimiz tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor amalda tasdiqladi. Binobarin, mamlakatimizning yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy zaminida milliy taraqqiyotning asosiy yo‘nalishlarini takomillashtirish, shiddatli va keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish davr talabiga aylandi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ana shu dolzarb va muhim talabning hozirjavob mevasi, ta’bir joiz bo‘lsa, istiqbolimiz taqdirini hal etuvchi muhim va yangi davr bosqichini o‘zida ifodalagan milliy g‘oyamizdir. Chunki ushbu Strategiya xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlashga xizmat qiladi.
– Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan so‘nggi yillarda Harakatlar strategiyasi va Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqilgan. Biri amalga oshirilgan va ikkinchisi izchil bajarilayotgan mazkur strategiyalardan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining farqi va o‘ziga xos xususiyatlari nimada?
– Avvalambor, mamlakatimizda mustaqillikning o‘tgan 32 yili mobaynida birinchi marotaba bunday uzoq muddatga, ya’ni 7 yilga mo‘ljallangan qamrovdor milliy taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi. Bu yuksak marra, bir tomondan, davlatimiz va jamiyatimiz hayotining barcha sohalaridagi barqarorlik, taraqqiyot va bunyodkorlikning o‘ziga xos in’ikosi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, izchil va shiddatli demokratik islohotlarimizga xalqimiz hamda jahon hamjamiyati bildirayotgan ishonch hamda rag‘batning yaqqol ifodasi hamdir.
Ushbu dasturilamal hujjatda quyidagi asosiy g‘oyalar aks etgan:
- barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rish olish;
- aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil etish;
- aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish;
- xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlat barpo etish;
- mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash.
Boshqacha aytganda, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida belgilangan maqsad-vazifalar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish uchun o‘ziga xos “yo‘l xaritasi” vazifasini o‘taydi. Mazkur Strategiyani amalga oshirish va uning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish barcha davlat organlari va tashkilotlarning eng ustuvor vazifasidir.
E’tibor bering: «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida jami 100 ta maqsad, 369 ta chora-tadbir, 190 ta vazifa, 306 ta maqsadli ko‘rsatkich bajarilishi va bu borada 118 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu dasturilamal hujjatning ijrosidan yurtimizdagi har bir insonga – qulay imkoniyat, muayyan yengilliklar, moddiy va ma’naviy manfaat yetib, har qaysi oila va xonadon obodlik, to‘kinlik, fayz va baraka topadi.
– Shu yirik umumlashma raqamlarni, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari negizida tahlil qilib berishning iloji bormi?
– Marhamat. Strategiyadagi jami 100 ta maqsad quyidagi 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha taqsimlangan.
Birinchi ustuvor yo‘nalish: Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratishga qaratilgan 44 ta maqsad, ya’ni 1-maqsaddan – 44-maqsadgacha ushbu ustuvor yo‘nalish tarkibiga kiradi. Bunda ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy himoya, yoshlar siyosati, ma’naviyat masalalariga taalluqli 156 ta amaliy chora-tadbir va 70 ta vazifa qamrab olingan bo‘lib, 130 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish belgilangan. Shuningdek, 38 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash va qabul qilish ko‘zda tutilgan.
Ikkinchi ustuvor yo‘nalish: Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash bilan bog‘liq 17 ta maqsad (45-61-maqsadlar) doirasidagi 68 ta amaliy chora-tadbir va 55 ta vazifani qamrab olgan. Mazkur ustuvor yo‘nalishda YaIM, byudjet, sanoat, investitsiya, bank, “yashil iqtisodiyot”, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, eksport, monopoliyalar, IT, turizm, xizmatlar, infratuzilma, uy-joy masalalariga oid 75 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish va 29 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash belgilangan.
Uchinchi ustuvor yo‘nalish: Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan 12 ta maqsad (62-73-maqsadlar) ushbu ustuvor yo‘nalish tarkibiga kiradi. Bunda 31 ta amaliy chora-tadbir va 21 ta vazifa qamrab olingan bo‘lib, 39 ta maqsadli ko‘rsatkich ishlab chiqiladi hamda 15 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari tayyorlanadi.
To‘rtinchi ustuvor yo‘nalish: 16 ta maqsad (74-89-maqsadlar) doirasida qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish borasida belgilab berilgan 51 ta amaliy chora-tadbir va 21 ta vazifani o‘zida qamraydi. Bunda mahalla, mahalliy davlat organlari, vakillik organlari, davlat xizmati, fuqarolik jamiyati institutlari, sud-huquq, inson huquqlari, advokatura, korrupsiya masalalariga oid 41 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish va 25 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash nazarda tutilgan.
Beshinchi ustuvor yo‘nalish: “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirishga qaratilgan 11 ta maqsad (90-100-maqsadlar) doirasida 63 ta chora-tadbir va 23 ta vazifa bajariladi. Xususan, tashqi siyosat, Jahon savdo tashkilotiga a’zolik, xorijdagi vatandoshlar, mehnat migratsiyasi, Qurolli kuchlar, favqulodda vaziyatlar, millatlararo totuvlik masalalariga aloqador 21 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish va 11 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash talab etiladi.
– «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi doirasida jami 118 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi – birgina shu raqamning o‘zi ham milliy parlament zimmasidagi mas’uliyat yukini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Shunday emasmi?
– Chindan ham, Oliy Majlis palatalari boshqa barcha davlat hokimiyati idoralari qatori «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi doirasidagi vazifalarni amalga oshirishga allaqachon kirishdi. Bu, biz – xalq noiblari uchun nafaqat ulkan mas’uliyat, ayni chog‘da katta sharaf hamdir.
Bu haqda fikr yuritganda, xususan, Strategiyada belgilangan Yangi O‘zbekistonni barpo etishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirish maqsadiga muxtasar to‘xtalmoqchiman. Binobarin, ushbu maqsad ijrosi hisobiga:
birinchidan, qonun loyihalarini ilmiy ekspertizadan o‘tkazish hajmini 100 foizga yetkazish;
ikkinchidan, parlament va uning organlari ish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish;
uchinchidan, saylovchilar bilan elektron muloqot qilish, deputat so‘rovini elektron tarzda yuborish va nazorat qilish imkoniyatini ta’minlash kabi asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish ko‘zda tutilmoqda.
Buning uchun Oliy Majlis palatalari faoliyatiga oid qonunchilik bazasini takomillashtirish, parlament organlari tomonidan qarorlar qabul qilish va e’lon qilish jarayonlarini raqamlashtirish, qonun hujjatlaridagi muammolarni aniqlash va bartaraf etish tizimini mukammallashtirish, qonunlar ijrosini ta’minlashda parlament va siyosiy partiyalar ishtirokini kengaytirish, jamoatchilikning davlat boshqaruvidagi tashabbuskorligini oshirish – shu kabi ko‘plab muhim vazifalarni bajarishimiz zarur.
Strategiyada, shuningdek, norma ijodkorligi faoliyatining islohotlar bilan uyg‘unligini ta’minlash va davlat huquqiy siyosatining institutsional asoslarini rivojlantirish maqsadi belgilangan bo‘lib, uning ijrosida ham parlamentning faol ishtiroki taqozo etiladi. Ushbu maqsad to‘liq bajarilsa:
birinchidan, qonunchilik hujjatlarini tartibga solish yukini kamida 30 foiz qisqartirish;
ikkinchidan, umumiy tusdagi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarning ulushini kamida 60 foizga yetkazish;
uchinchidan, normativ-huquqiy hujjatlarning joylarda ijrosi amalda ta’minlanishi bo‘yicha tizimli monitoringni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘lgan samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishiladi.
Bu, o‘z navbatida, qonunchilik hujjatlarining tartibga solish ta’sirini baholash tizimini yanada rivojlantirish, huquq tizimi raqobatbardoshligini oshirish, sodda va ixcham qonunchilik tizimi hamda qulay huquqiy sharoitlar yaratish, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni qabul qilish amaliyotini kengaytirish, norma ijodkorligi jarayonini to‘liq raqamlashtirish, qonunchilik takliflarini ilgari surish bo‘yicha yangi konstitutsiyaviy institutni amalga oshirish mexanizmlarini joriy etish singari vazifalarni izchil amalga oshirishni talab qiladi.
Shu munosabat bilan ayni vaqtda parlamentda ishlar qizg‘in tus olgan. Strategiyada belgilangan usutuvor maqsad-vazifalarni belgilangan muddatlarda va to‘liq ta’minlashga qat’iy bel bog‘laganmiz.
– Prezidentimiz «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini Farmon bilan tasdiqlab, uning bajarilishini ta’minlash uchun alohida Qaror ham qabul qildi. Shu ikki hujjatning ahamiyatiga qisqacha to‘xtalsangiz.
– Davlatimiz rahbarining 2023 yil 11 sentyabrda imzolangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida, birinchi navbatda, mazkur Strategiyani ishlab chiqish va tasdiqlashni taqozo etgan omillar ko‘rsatib berildi. Farmon muqaddimasida: “yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini takomillashtirish va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish talab etilmoqda”, deb alohida ta’kidlangani bejiz emas.
Shu asosda «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi tasdiqlandi. Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlanib, Respublika komissiyasi zimmasiga tegishli vazifalar yuklandi.
Bundan tashqari, ushbu dasturiy hujjatni amalga oshirish mexanizmi taqdim etildi. Bu o‘rinda, jumladan, Vazirlar Mahkamasi har oyda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi amalga oshirilishini Bosh vazir o‘rinbosarlari huzurida tanqidiy ko‘rib chiqishni ta’minlashi, har chorakda Hukumat majlislarida muhokama qilib borishi hamda o‘z vaqtida va to‘liq bajarilmagan tadbirlar yuzasidan Hukumat a’zolariga, shu jumladan, vazirlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rishi hamda har yarim yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi amalga oshirilishi yuzasidan hisobot taqdim qilishi haqida so‘z bormoqda.
Shu bilan birga, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi bajarilishi, uning mohiyati va ahamiyati haqida zarur tushuntirish-targ‘ibot ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish nazarda tutildi. Bu borada aloqador vazirlik va tashkilotlar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli vazifalar belgilab berildi.
Mazkur Farmon ijrosini har yarim yilda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Respublika komissiyasi zimmasiga yuklandi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida har yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borish topshirildi.
O‘z navbatida, davltimiz rahbarining 2023 yil 11 sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu dasturilamal hujjatning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilgan. Qarorda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining beshta ustuvor maqsadi e’tirof etilgan.
Qaror, sodda qilib aytganda, quyidagi uchta asosiy bo‘limdan iborat:
birinchi bo‘lim – “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini bajarish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar;
ikkinchi bo‘lim – tegishli maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishga oid vazifalar;
uchinchi bo‘lim – normativ-huquqiy hujjatlar o‘z vaqtida ishlab chiqilishini ta’minlash va nazoratga olish bilan bog‘liq amaliy chora-tadbirlar.
Qaror bilan jami 15 ta hujjat tasdiqlangan. Mazkur ilovalar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda amalga oshirish va 2024 yil uchun tayyorgarlik ko‘rish masalalarining muhim yechimlarini o‘zida mujassam etadi.
Qarorga ko‘ra, joriy yilda Strategiya ijrosi doirasida 190 ta amaliy tadbir va tarmoqlar kesimida 320 ta maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish ko‘zda tutilmoqda. Bu borada 105 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi yuzasidan ham tegishli topshiriqlar berilgan.
– «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini inson huquqlari ta’minlanishi nuqtai nazaridan muxtasar talqin etish mumkinmi?
– O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida e’tirof etganidek, “So‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha e’tiborga loyiq natijalarga erishdik”. Tabiiyki, yangi Strategiyamizda bu borada yangi marralarni belgilab oldik va bunga ayrim misollar keltiraman.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida, xususan, keyingi yetti yilda aholining o‘rtacha umr davomiyligini 78 yoshga yetkazish belgilangan. Bu, ta’bir joiz bo‘lsa, insonning yashash va sog‘lig‘ini saqlashiga oid konstitutsiyaviy huquqlari yanada to‘liq ro‘yobga chiqishiga xizmat qiladi.
Tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etishga erishish ko‘zda tutilmoqda. Bu ezgu maqsad – insonning sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanishga taalluqli konstitutsiyaviy huquqlari ta’minlanishi bilan chambarchas bog‘liq.
Bolalarni maktabgacha ta’lim va tayyorlov guruhlari bilan to‘liq qamrab olish, “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish rejalashtirilmoqda. Strategiyada insonning ta’lim olishga doir konstitutsiyaviy huquqini yanada ta’minlashga xizmat qiladigan bunday aniq maqsad-vazifalar anchagina.
Yana bir misol: “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida 2026 yilga qadar kamabag‘allikni 2022 yilga nisbatan 2 barobarga, 2030 yilga qadar esa keskin kamaytirish vazifasi kun tartibiga qo‘yildi. Shuningdek, kambag‘allikka tushish xavfi mavjud 4,5 million aholining daromadlarini oshirish choralari ko‘riladi.
Bunday insonparvar yondashuv yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 42-moddasidagi: “Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega”, degan normasiga to‘la mos keladi. Avvalgi Konstitutsiya matnida mazkur norma mavjud emasdi.
Bundan tashqari, Strategiya doirasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasi, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, yoshlarga oid davlat siyosati va sportni ommalashtirish, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va madaniyat sohasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amalga oshiriladigan barcha islohotlarda inson, insonning qadri, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfatlari ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Ya’ni, ushbu dasturiy hujjatning nafaqat 5 ta ustuvor yo‘nalishi va 100 ta asosiy maqsadi bilan qamrab olingan barcha muhim vazifa hamda amliy chora-tadbirlar, ayni chog‘da hujjat matnidagi har bir jumlaning tub mohiyatiga inson qadri, inson huquqlari, inson manfaati tushunchalari teran singdirilgan.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida e’tirof etganidek, “Barchamizning fidokorona mehnatimiz, g‘ayratu shijoatimiz bilan Yangi O‘zbekiston orzusi real haqiqatga aylanmoqda. Xalqaro maydonda Vatanimizga nisbatan hurmat va e’tibor tobora ortib bormoqda”. Binobarin, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi jamiyatimiz va davlatimizning ana shu yutuqlarini yanada ulug‘vor natijalar bilan mustahkamlashi hamda boyitishi muqarrar.
G‘ulom MIRZO suhbatlashdi
- Qo'shildi: 25.09.2023
- Ko'rishlar: 7038
- Chop etish