BMT Bosh Assambleyasi O'zbekiston tomonidan ilgari surilgan Markaziy Osiyoning ekologik tahdidlari to'g'risidagi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi

NYU-YORK, 21-dekabr. /"Dunyo" AA/. BMT Bosh Assambleyasi O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo'lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash» rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Rezolyutsiya matnini ishlab chiqish va kelishish bo'yicha hukumatlararo muzokaralar jarayoni BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida bo'lib o'tdi. Maslahatlashuvlarda dunyoning barcha qit'alaridan, jumladan AQSH, Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Avstraliya, Saudiya Arabistoni, Misr, Argentina, Braziliya, Meksika kabi yuzdan ortiq davlatlarning ekspertlari faol ishtirok etishdi. Ular, shuningdek, matnni o'ziga xos mazmun bilan to'ldirish va umumiy konsensusga erishish uchun ko'plab takliflarni kiritdilar.

 

Hujjat matnida O'zbekiston Prezidentining qator tashabbuslari, jumladan, «Markaziy Osiyo uchun "yashil" kun tartibi» va uning mintaqada barqaror rivojlanishga ko'maklashishdagi roli alohida qayd etilgan. Rezolyutsiyada BMTga a'zo davlatlar O'zbekistonning Xalqaro iqlim forumini 2024 yilda Samarqand shahrida o'tkazish tashabbusini ham olqishladilar.

 

Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatish borasidagi sa'y-harakatlarga e'tibor qaratilib, O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan BMTning Orolbo'yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik trast jamg'armasi faoliyatini kuchaytirish zaruriyati alohida ta'kidlangan. Shu bois, xalqaro hamjamiyatga ushbu jamg'armani faol qo'llab-quvvatlashni davom ettirish to'g'risida murojaat yo'llangan.

 

Hujjatda cho'llanish va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashda innovatsion usullar va yangi texnologiyalarni joriy etish muhimligi qayd etilgan. Joriy yilning 13-17-noyabr kunlari Samarqandda BMTning Cho'llanishga qarshi kurash to'g'risidagi konvensiyasi ijrosini ko'rib chiqish qo'mitasining 21-sessiyasi va Qum va chang bo'ronlariga qarshi kurash bo'yicha yuqori darajadagi yig'ilishi Markaziy Osiyoda ilk bor muvaffaqiyatli o'tkazilgani mamnuniyat bilan qarshi olindi.

 

Rezolyutsiyada Markaziy Osiyoda iqlim va ekologik tahdidlarga samarali qarshi kurashish maqsadida barqaror qishloq xo'jaligi, bog'dorchilik, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energiya samaradorligi, chiqindilarni qayta ishlash, barqaror turizmni rivojlantirish, «aqlli shaharlar» va barqaror transportni yaratish bo'yicha aniq vazifalar belgilangan.

 

Bosh Assambleya, shuningdek, BMT tizimi, xalqaro va moliyaviy institutlar, xususiy sektor, investorlar va donorlarga Markaziy Osiyodagi ekologik muammolarni hal qilish uchun resurslarni safarbar etish, salohiyatni oshirish va yordam ko'rsatishni davom ettirishni tavsiya qiladi.

 

Rezolyutsiyada Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmanistonning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi tashabbuslari ham bayon etilgan.

 

Hujjat barcha Markaziy Osiyo davlatlari nomidan taqdim etildi.

 

Rezolyutsiya hammualliflari qatoriga Germaniya, Shveysariya, Turkiya, Xitoy, Singapur, Vengriya, Vyetnam, Ozarbayjon, Armaniston, Malayziya, Indoneziya, Misr, Iordaniya, Paragvay (BMTning barcha mintaqaviy guruhlari vakillarini qamrab olgan) kabi davlatlar ham kirdi.

 

Rezolyutsiya qabul qilingandan so'ng BMT Axborot xizmati «BMT Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyodagi ekologik muammolarga qarshi kurashish bo'yicha rezolyutsiyani qabul qildi» sarlavhali maqolani e'lon qildi.

 

Unda qayd etilishicha, iqlim o'zgarishi zamonamizning eng murakkab muammolaridan biri bo'lib, barcha mamlakatlarning barqaror rivojlanishi uchun jiddiy qiyinchiliklar tug'dirmoqda.

 

Maqola mualliflarining yozishicha, sentyabr oyida BMTda nutq so'zlagan O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Keyingi 30 yilda mintaqamizda havo harorati bir yarim gradusga ko'tarilganini ta'kidlagan. Bu – dunyodagi o'rtacha isishdan ikki karra ko'pdir. Oqibatda muzliklar umumiy maydonining qariyb uchdan bir qismi yo'qolib ketdi. «Ushbu tendensiya saqlanib qolsa, yaqin yigirma yilda mintaqamizdagi ikkita yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foizga qisqarishi mumkin. Jon boshiga suv bilan ta'minlanish darajasi 25 foizga, qishloq xo'jaligi ekinlari hosildorligi esa 40 foizga kamayishi kutilmoqda», O'zbekiston Prezidenti nutqidan iqtibos keltirgan BMT Axborot xizmati.

 

BMT ixtisoslashtirilgan idoralari vakillari rezolyutsiya bo'yicha O'zbekiston tashabbusini yuqori baholadilar va respublika rahbariyati hamda ko'p millatli xalqimizga samimiy tabriklarini yo'lladilar.

 

«BMT - suv resurslari» texnik maslahat mexanizmi dasturi rahbari Leanne Berney:

- Biz BMT Bosh Assambleyasi tomonidan «Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo'lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash» rezolyutsiyasi qabul qilinganini olqishlaymiz. Ushbu muhim rezolyutsiyada belgilangan suv resurslaridan oqilona foydalanish, kambag'allikni qisqartirish, ekotizimlarni saqlash va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash kabi asosiy ustuvor vazifalar «BMT – suv resurslari» dasturi maqsadlariga to'la mos keladi.

 

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bosh Assambleyaning 78-sessiyasidagi ma'ruzasida suv resurslari muammolariga alohida e'tibor qaratganidan xursandman. O'zbekiston rahbari o'z ma'ruzasida olti marta suv muammosini tilga oldi. Bu bizni chuqur ruhlantirdi. «BMT – suv resurslari» davlatingiz rahbarining xalqaro tashabbuslarini amalga oshirishda O'zbekiston bilan hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishga qat'iy intilishini tasdiqlayman.

 

BMTning Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo'yicha Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy boshqarmasi rahbari Natalya Alonso Kano:

- O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga BMTning Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo'yicha boshqarmasi nomidan ushbu muhim va o'z vaqtida qabul qilingan rezolyutsiya tashabbusi uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. U Markaziy Osiyoda ekologik muammolarga qarshi kurashishda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va iqlim o'zgarishiga moslashishga ko'maklashishga qaratilgan.

 

O'zbekiston mintaqada tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishda transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlashda muhim rol o'ynaydi. 2021-yilda Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari favqulodda vaziyatlar vazirlarining yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda ilk bor Markaziy Osiyoda tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo'yicha Mintaqaviy strategiya qabul qilindi. O'zbekiston mintaqaviy forumlardan tashqari, tabiiy ofatlarni kamaytirish sohasidagi global sa'y-harakatlarga ham o'z hissasini qo'shib kelmoqda.

 

Biz O'zbekistonning 2024-yilda Samarqandda Xalqaro iqlim forumini muvaffaqiyatli o'tkazishi orqali ushbu yo'nalishdagi faol rolini davom ettirishiga ishonch bildiramiz.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

Powered by GSpeech