Sud-huquq tizimidagi islohot va inson huquqlari

Keyingi yillarda mamlakatimiz sud-huquq tizimida inson huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini mustahkamlash borasidagi izchil sa’y-harakatlar alohida e’tiborga loyiq.

Bu haqda fikr yuritganda, jumladan, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2023-yil 11-aprelda imzolangan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ayni yo‘nalishdagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘targanini ta’kidlash lozim. Yaqinda mazkur qonun qabul qilinganiga bir yil to‘ldi.

Ushbu qonunga muvofiq ikkita Kodeksga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Bu o‘rinda:

  • Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 41-1-modda (shahvoniy shilqimlik qilish) va 59-2-modda (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik);

  • Jinoyat kodeksi 126-1-modda (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik), shuningdek, 141-3-modda (shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) bilan to‘ldirilgani haqida so‘z bormoqda.

O‘tgan davrda yangi qonun o‘z amaliy natijalarini berdi. Xususan, birgina 2024-yilning 1-choragida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi bilan shahvoniy shilqimlik qilishda ayblangan  318 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi bilan esa oilaviy va maishiy zo‘ravonlikda ayblangan 4 ming 343 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. Ularning 2 ming 344 nafariga jarima jazosi, 1 ming 999 nafariga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.

Jinoyat kodeksining 126-1 va 141-3-moddalari asosida ham bir qator aybdor shaxslar sudlandi. Ularning ayrimlariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan bo‘lsa, muayyan qismiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.

Muxtasar aytganda, keyingi yillarda yurtimizda xotin-qizlar va bolalarning fundamental huquqlarini ta’minlashga davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratilmoqda. Ayni chog‘da xotin-qizlar va bolalarni tazyiq hamda zo‘ravonlikdan himoya qilish, og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatini ta’minlash davlatimiz va jamiyatimizning doimiy diqqat markazida bo‘lib kelayotgani e’tiborga molik.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech