23-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi majlisida Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazning “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan olib borilgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov va Qo‘mita a’zolari bugungi kunda mamlakatimizda Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturida belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan muhim islohotlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2020–2024-yillarda inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi amalga oshirildi. Ushbu bosqich yoshlarni tenglik, inson huquqlariga amal qilish va kamsitmaslik ruhida tarbiyalash hamda inklyuziv, tinch va osoyishta jamiyatni yaratishga imkon beruvchi ta’lim berishga qaratilgan.
Bu borada 2023-yil 7-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Bundan maqsad dunyo tajribasidan andoza olgan holda, inson huquqlari sohasidagi ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirishdir.
O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturida axborot berish, ma’rifat va o‘qitish tizimini bosqichma-bosqich kengaytirish hamda takomillashtirish, kadrlar tayyorlash tizimini milliy qonunchilik va xalqaro standartlar talablari asosida yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va 7 ta ustuvor yo‘nalishi belgilab berilgan.
Bugungi kunga qadar Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning 30 bandidan 17 tasi bo‘yicha ishlar to‘liq bajarilgan. Qolgan 1 ta band to‘liq bajarilmagan, 12 ta bandni amalga oshirish bo‘yicha doimiy ishlar davom etmoqda.
Milliy ta’lim dasturi ijrosi yuzasidan 6 ta oliy ta’lim muassasasida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” o‘quv kurslari, yurtimizning 14 ta hududida joylashgan 114 ta oliy ta’lim va 330 ta professional ta’lim tashkilotida ushbu yo‘nalishda maxsus kurslar joriy etildi. Yana 11 ta tibbiyot oliy ta’lim muassasasining o‘quv dasturlariga “Inson huquqlari” bo‘yicha maxsus modul kiritildi.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, ayollar huquqlari, bola huquqlari kafolatlari, migrantlar huquqlari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilmoqda. Bu miashg‘ulotlar davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining inson huquqlari bo‘yicha bilimlarini oshirishga qaratilgan.
Mamlakatimizda yoshlarning inson huquqlari va erkinliklari bo‘yicha xabardorligini oshirish maqsadida “Inson huquqlari haftaligi”, “Inson huquqlari oyligi” muntazam ravishda o‘tkazilmoqda. Yurtimizning tuman, shahar va mahallalarida “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida yoshlar bilan uchrashuv va davra suhbatlari, viktorina va tanlovlar tashkil etildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda “#Inson_huquqlari_oliy_qadriyat#” xeshtegi ommalashtirildi.Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tashabbusi bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda 2023-2024-yillar mobaynida 2 marotaba “Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi, “Tong yulduzi” va “Klass” gazetalari tahririyatlari bilan birgalikda “Inson huquqlari bolalar nigohida” respublika tanlovi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va hududlardagi 14 ta axborot-kutubxona markazida “Konstitutsiya va inson huquqlari” burchagi tashkil etilib, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan 1 ming 600 nusxa adabiyot taqdim etildi. O‘tgan yilda O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan 45 ta asosiy xalqaro hujjat davlat tiliga tarjima qilinib, 4 ta xalqaro-huquqiy hujjatlar to‘plami nashr etildi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, 2023-2024-yillarda mamlakatimizning barcha hududlarida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi tashkil etilib, unda 1 ming 285 nafar tinglovchi ishtirok etdi. Davlat va huquq instituti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi bilan hamkorlikda prokuratura organlari, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlarini o‘qitish uchun ayni mashg‘ulotlarga milliy va xalqaro ekspertlar jalb etildi.
O‘z navbatida, “Biznes va inson huquqlari” mavzusidagi o‘quv kursida 12 ming 695 nafar tadbirkorl va fermer ishtirok etdi. Ushbu mashg‘ulotlar Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” bandlarining sifatli hamda samarali bajarilishini monitoring qilish maqsadida muntazam ravishda eshituvlar hamda 5 ta hududda monitoring o‘tkazildi. Jumladan, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiyaning 4 ta hamda Oliy Majlis palatalari tuzilmalarining 7 ta majlisida Milliy ta’lim dasturi atroflicha muhokama qilindi.
Monitoring natijalariga ko‘ra “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari” va “Bola huquqlari” kurslari bo‘yicha ta’limni tashkil etish uchun darsliklar, multimedia resurslari, o‘quv qo‘llanmalari yetarli emasligi, ayrim o‘quv dasturlarini takomillashtirish zarurligi aniqlandi.
Majlis ishtirokchilari Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini amalga oshirish orqali inson huquqlari bo‘yicha ta’lim yo‘nalishida muhim yutuqlarga erishilganini ta’kidladilar. Kelgusidagi vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, BMT tomonidan e’lon qilingan Inson huquqlari bo‘yicha Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini (2025–2029) amalga oshirish maqsadida yangi tashabbus va takliflarni ishlab chiqish lozimligiga e’tibor qaratildi. Ayniqsa, “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari” va “Bola huquqlari” kurslari bo‘yicha zamonaviy darslik, qo‘llanma va multimedia resurslarini tayyorlash, “Huquqshunos-pedagog” yo‘nalishini tashkil etish, inson huquqlari ta’limi jarayoniga fuqarolik jamiyati institutlarini kengroq jalb etish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputatlari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz vakillari va ilmiy tadqiqotchilar, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 29.01.2025
- Ko'rishlar: 613
- Chop etish