27-mart kuni Oliy Majlis deputatlari va senatorlari O‘zbekistonda qonun bilan ziddiyatga kirgan voyaga yetmaganlar uchun chetlashtirish choralarini joriy etish va ozodlikdan mahrum qilishning muqobil usullarini, shu jumladan tiklovchi odil sudlov yondashuvlari orqali kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va BMT Bolalar jamg‘armasi – YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish qo‘mitasi a’zosi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Akmal Saidov seminar ishida onlayn ishtirok etdi.
A. Saidov ta’kidlaganidek, BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining 40-moddasiga ko‘ra, voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyat sodir etilgan taqdirda, ularni jinoiy odil sudlovdan chetlashtirish choralari eng birinchi javob chorasi sifatida, voyaga yetmaganlarning ishi jinoyat ishlari bo‘yicha sudga yuborilgan bo‘lsa, ozodlikdan mahrum qilishning muqobil choralari ikkinchi chora sifatida ko‘rib chiqilishi lozim. Voyaga yetmaganlarni ozodlikdan mahrum qilish esa faqat eng so‘nggi chora sifatida va qisqa muddatga qo‘llanilishi kerak.
YUNISEFning bolalar uchun odil sudlov bo‘yicha xalqaro eksperti, BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining sobiq raisi Renata Vinter "chetlashtirish choralari", "tiklovchi odil sudlovga asoslangan yondashuv" va "ozodlikdan mahrum qilishning muqobil choralari" tushunchalarining mazmun-mohiyatini ochib berdi. Xorijiy davlatlarning bu boradagi tajribasidan misollar keltirdi.
R.Vinterning ta’kidlashicha, ushbu choralarning O‘zbekiston jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligiga kiritilishi voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarga yanada samarali munosabat bildirish imkonini beradi. Chunki chetlashtirish choralari, birinchi navbatda, voyaga yetmaganlarga o‘zlarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari oqibatlarini anglash, yetkazilgan zararni qoplash, shuningdek, o‘z xulq-atvorini ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun aniq qadamlar qo‘yish imkoniyatini berishga qaratilgan.
Chetlashtirish choralarini tiklovchi odil sudlov yondashuvi bilan birgalikda qo‘llash muhimdir. Zero, bunday yondashuv jinoyatdan jabrlanganlarga voyaga yetmaganlarga nisbatan chetlashtirish va ozodlikdan mahrum qilishning muqobil choralari shartlarini belgilashda faol ishtirok etish imkoniyatini beradi.
BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi O‘zbekistonning 2013 va 2022-yillarda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha davriy hisobotlarini ko‘rib chiqdi. Shu asosda jinoiy huquqbuzarliklarda ayblanayotgan bolalarga nisbatan voyaga yetmagan huquqbuzarlarni jinoiy odil sudlov tizimidan chetlashtirish, mediatsiya va maslahat berish kabi suddan tashqari choralarni qo‘llashni rag‘batlantirish va imkon qadar bolalarga probatsiya va jamoat ishlari kabi ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo choralarini tayinlash zarurligi to‘g‘risida tavsiyalar berdi.
Seminarda ushbu tavsiyalarni yaqin kelajakda O‘zbekistonda joriy etish yo‘llarini muhokama qilish muhimligiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Anjuman ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Mavlyudaxon Xodjayeva va YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Antoniya Lyudek ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.03.2025
- Ko'rishlar: 446
- Chop etish