Prezident Shavkat Mirziyoyev: “Agar jamiyatning suvga bo‘lgan munosabati o‘zgarmasa, hech qanday muhandislik yechimlari kutilgan samarani bermaydi”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-aprel kuni Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Ushbu nutq matni quyida to‘liq keltirilmoqda.

  

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Avvalo, samimiy mehmondo‘stlik va sammitimizni a’lo darajada tashkil etgani uchun Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayev Janobi Oliylariga bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.

Qozog‘istonlik do‘stlarimizning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga samarali raisligini yuksak baholaymiz. O‘zaro ishonch va muloqotni mustahkamlash, Jamg‘arma doirasidagi loyihalarni amalga oshirish va uning faoliyatini mintaqaning barcha mamlakatlari manfaatlarini hisobga olgan holda takomillashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar bajarildi.

Bugun qabul qilinayotgan yakuniy hujjatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ularning amalga oshirilishi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash va Orol dengizi havzasida barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

 

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi mamlakatlarimiz mustaqilligining ilk davrida Markaziy Osiyodagi suv bilan bog‘liq, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik sohalardagi eng muhim masalalarni hal etish uchun tashkil etilgan noyob mintaqaviy tuzilma bo‘lib qolmoqda.

Jamg‘arma mintaqada sifat jihatdan yangi davlatlararo munosabatlarni qaror toptirish, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga katta hissa qo‘shdi.

Yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro hamkorlik tizimi tufayli Jamg‘arma Orol dengizi havzasi suv resurslarini kelishilgan holda boshqarishni ta’minlashga erishdi.

Markaziy Osiyoda suv taqchilligining kuchayishiga olib kelayotgan iqlim o‘zgarishlari va suv iste’moli ko‘payib borayotgan sharoitda Jamg‘armaning roli va ahamiyati yanada ortib bormoqda.

Ekspertlarning baholariga ko‘ra, 2040-yilga borib, Orol dengizi havzasida suv resurslari taqchilligi deyarli ikki barobar – yiliga 20 milliard kub metrgacha oshishi mumkin. Bu ichimlik suvi ta’minoti, ekologiya, agrar sektor, energetika va ijtimoiy barqarorlik uchun qo‘shimcha xavf-xatarlarni yuzaga keltiradi.

Shunday bir paytda mamlakatlarimiz suv resurslaridan foydalanish samaradorligi bo‘yicha eng quyi o‘rinlarni egallab turibdi. Qishloq xo‘jaligida bir dollar miqdoridagi qo‘shilgan qiymatni yaratish uchun davlatlarimiz deyarli uch kub metr suv sarf etmoqda, dunyoda esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha ikki barobar kam.

Mintaqada yuzaga kelayotgan vaziyat bizdan suv-energetika va ekologiya sohalarida puxta o‘ylangan hamda kompleks yechimlarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishni talab etadi.

 

Hurmatli hamkasblar!

Bugun ertalab Mintaqaviy ekologik sammitda O‘zbekistonda milliy iqtisodiyotni iqlim o‘zgarishiga moslashtirish va atrof-muhitni muhofaza qilishni kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida aytib o‘tgan edim.

Hozir esa Jamg‘armaning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan suvdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tishga ijozat bergaysiz.

Qisqa muddatda O‘zbekistondagi barcha sug‘oriladigan yerlarning 60 foizida suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi, irrigatsiya tarmoqlarini betonlash 40 foizga yetkazildi. Nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish hisobiga suv xo‘jaligida energiya iste’moli qariyb 30 foizga qisqartirildi. 600 mingdan ortiq suvdan foydalanuvchilar va 4 million gektardan ziyod sug‘oriladigan yerlarni qamrab oladigan yagona raqamli ma’lumotlar bazasi shakllantirilmoqda.

 

Ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi tufayli har yili 10 milliard kub metrdan ortiq suv resurslarini tejash ta’minlanmoqda. 2030-yilga borib esa bu ko‘rsatkich 15 milliard kub metrni tashkil etadi. Mazkur choralarning barchasi kompleks va izchil xarakterga ega bo‘lib, o‘tgan yili qabul qilingan Suv kodeksida o‘z ifodasini topgan.

 

Qadrli do‘stlar!

Kelgusi yildan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik O‘zbekistonga o‘tadi.

Biz Jamg‘armani mintaqaviy integratsiyaning muhim drayverlaridan biriga aylantirish niyatidamiz.

Shu munosabat bilan raisligimizning ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berib o‘tmoqchiman.

Birinchi. Jamg‘armaning faoliyatini rivojlantirish va modernizatsiya qilish.

Yaratilgan poydevor asosida Jamg‘armaning tuzilmasi va shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirishni davom ettirish, uning organlari vakolatlarini aniq taqsimlashni ta’minlash zarur.

Shu maqsadlar uchun tashkil etilgan mintaqaviy ishchi guruhi 15 ta majlis o‘tkazdi. Jamg‘arma faoliyatidagi muammolar tahlil qilindi, uning vazifa va funksiyalari yanada aniq belgilab olindi. Endi barcha mamlakatlar manfaatlarini hisobga olgan holda uning tuzilmasi, normativ-huquqiy baza va moliyalashtirish mexanizmlarini kelishib olish zarur.

Jamg‘arma organlarining vakolatlarini kengaytirish, maqomi va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ishonchim komilki, ushbu masalalarning barchasi bo‘yicha oqilona murosaga kelamiz.

Qardosh Qirg‘iz Respublikasining Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi faoliyatidagi to‘laqonli ishtiroki qayta tiklanishiga chin dildan umid qilamiz. Bu Jamg‘armaning yanada mutanosib va uzoq muddatli qarorlar qabul qilishiga xizmat qiladi.

Ikkinchi. Jamg‘arma kun tartibini Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari qarorlari bilan uyg‘unlashtirish.

Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy rivojlanishning asosiy siyosiy yo‘nalishlarini shakllantirmoqda. Shu bois, mazkur sammitlar qarorlari va Jamg‘arma faoliyati o‘rtasida yaqin aloqani ta’minlash muhimdir.

Bu kabi uchrashuvlar davomida oliy darajada kelishilgan barqaror rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari Jamg‘armaning tarmoq mexanizmlari orqali ham amaliyotga tatbiq etilishi mumkin.

Uchinchi. Jamg‘arma dastur va loyihalari samaradorligini oshirish.

Orol dengizi havzasi bo‘yicha to‘rtinchi dastur doirasida 34 ta mintaqaviy loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Afsuski, bugungi kunga qadar uning natijadorligini baholash bo‘yicha yagona yondashuv ishlab chiqilmagan.

Shu munosabat bilan biz dastur ijrosi monitoringiga samaradorlikning hal qiluvchi indikatorlarini kiritishni taklif etamiz. Bu ijobiy o‘zgarishlarni kuzatish, muammoli jihatlarni aniqlash hamda xalqaro hamkorlardan qo‘shimcha mablag‘ va texnik ko‘mak jalb etishga yordam beradi.

To‘rtinchi. Jamg‘armaning ustuvor dasturlari uchun mavjud ta’sirchan moliyalashtirish vositalaridan foydalanish.

Masalan, BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi platformasidan foydalanishni taklif etamiz. U moliyaviy resurslarni jamlash hamda ulardan samarali foydalanish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribaga ega.

Biz Trast fondining mandati va geografik qamrovini birgalikda butun Orol dengizi havzasiga kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqishimiz mumkin. Bu barcha davlatlar hududida hayotiy muhim ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun maqsadli investitsiyalarni yo‘naltirish imkonini beradi.

Beshinchi. Jamg‘arma va boshqa mintaqaviy tuzilmalar o‘rtasida faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi suv-energetika masalalari, muzliklar va tog‘ ekotizimlarini saqlash, iqlim o‘zgarishiga moslashish, cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha samarali mintaqaviy platformalar bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi zarur. Xususan, Jamg‘armaga Toshkentdagi Yashil universitet qoshidagi Cho‘llanishga qarshi kurashish markazi bilan hamkorlikda maqsadli loyihalarni amalga oshirishni taklif etamiz.

Oltinchi. Xalqlarimizning suvga hayot manbai sifatida ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish borasidagi ko‘p asrlik an’analarini qayta tiklash.

Ko‘rinib turibdiki, agar jamiyatning suvga bo‘lgan munosabati o‘zgarmasa, hech qanday muhandislik yechimlari kutilgan samarani bermaydi.

Uzluksiz ta’lim tizimi orqali – maktabgacha ta’lim darajasidan to mutaxassislarni tayyorlashgacha – suvdan oqilona foydalanishni har bir kishining kundalik odatiga, umumiy madaniy kodimizga aylantirishga intilishimiz lozim.

Biz asosiy qismi fermerlar va sanoatchilarni suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga amaliy jihatdan o‘rgatadigan “Kelajak suvi” mintaqaviy dasturini ishga tushirishni taklif etamiz.

Shuni ta’kidlamoqchiman: ushbu ustuvor yo‘nalishlarning barchasini hayotga tatbiq etish uchun xalqaro sheriklar, moliya institutlari va ekspert-tahliliy tuzilmalar bilan faol hamkorlik qilishga tayyormiz.

Afg‘oniston bilan konstruktiv hamkorlikni mustahkamlash, uni iqlim, ekologiya, qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikka jalb etish muhimligiga alohida e’tibor qaratmoqchiman.

Bugungi kunda Afg‘onistonda qirg‘oqlarni mustahkamlash va melioratsiya ishlarini olib borish uchun xalqaro donorlarning moliyaviy mablag‘larini jalb etish dolzarbdir.

Istiqbolda Orol havzasidagi barcha mamlakatlar, shu jumladan, Afg‘onistonning huquq va majburiyatlarini hisobga olgan holda suv resurslarini taqsimlash bo‘yicha mintaqaviy shartnomaviy-huquqiy bazani shakllantirish zarur.

 

Hurmatli hamkasblar!

Jamg‘armaga raislik estafetasini qabul qilar ekanmiz, mintaqamiz uchun alohida dolzarblik kasb etayotgan suv-energetika va ekologik kun tartibini amalga oshirish borasidagi ishlarni Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan birgalikda faollashtirishimiz lozimligini ta’kidlamoqchiman.

Shu munosabat bilan 2026-2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilish va mintaqa mamlakatlarida Suv haftaliklarini muntazam o‘tkazib borishga qaratilgan tashabbuslarimizni amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlashingizga umid qilaman.

Barchangizni joriy yilning sentyabr oyi oxirida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumida qutlashdan mamnun bo‘laman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

 

Manba: O‘zA

Powered by GSpeech