Qonunchilikda “Bolaning eng ustun manfaatlari” tushunchasining huquqiy maqomi belgilanmoqda
18-may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Senatorlar o‘n beshinchi yalpi majlisning birinchi ish kuni, jumladan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirishga hamda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdi hamda ma’qulladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati axborotida qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga, ayniqsa, xotin-qizlar va bolalarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan tizimli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Mazkur qonun ana shu islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, unda “bolaning eng ustun manfaatlari” tushunchasining huquqiy maqomi belgilanmoqda va u bolaga taalluqli har qanday masalani hal etishda ustuvor mezon sifatida qayd etilmoqda.
Oila kodeksiga kiritilayotgan tegishli o‘zgartirishlar bilan oilada bola manfaatiga oid har qanday masala ko‘rilayotganda bola o‘z fikrini erkin ifoda etish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat organlarining vakolatlari ham kengaytirilmoqda.
Jumladan, Ijtimoiy himoya milliy agentligiga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ko‘zlab, sudlarga davlat boji to‘lamasdan ariza, shikoyat va da’volar taqdim etish, sud majlislarida o‘zining vakolatli vakili orqali ishtirok etish huquqi berilmoqda.
Bundan tashqari, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarni maxsus markazlarga joylashtirish bilan bog‘liq ijtimoiy kafolatlar aniqlashtirilib, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining maxsus markazga joylashtirilganligiga bir oydan ortiq bo‘lmagan davri unga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasini berish uchun asos bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur qonun bolalar va xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilishda yangi bosqichni boshlab berib, jamiyatda insonparvarlik va ijtimoiy adolat tamoyillarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский