Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Buyuk tariximiz, ulug‘ ajdodimizga bag‘ishlangan salmoqli asar

Ma’lumki, Amir Temurning ibratli hayoti va davlatdorlik iqtidori va faoliyati, saltanati tarixi, undagi ilm-fan va madaniyatni o‘rganish tarixshunoslikning yirik ilmiy yo‘nalishlaridan biri sifatida doimo jahon olimlari, davlat rahbarlari, siyosatchilar diqqat-e’tiborida bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, Temuriylar tarixiga oid manbalar jahon miqyosida turli tillarga tarjima qilingan hamda ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilgan. Dunyo tarixshunosligida Amir Temur davrini o‘rganishga oid nashrlar kun sayin ortib bormoqda. Pirovardida, jahon jamiyatshunosligida “Temurshunoslik” mustaqil ilmiy yo‘nalishi shakllandi.

Asrlar davomida va hozirgi davrda ham ulug‘ ajdodimiz Amir Temur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitoblar muntazam nashr etilmoqda. Shunga qaramay, professor To‘lqin Alimardonovning "Amir Temur imperiyasi" monografiyasi juda muhim va dolzarb asar hisoblanadi.

Chunki  O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 5-fevralda qabul qilingan “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroridan ko‘zlangan asosiy maqsad ham  mamlakatimiz milliy rivojlanishning yangi bosqichi — Uchinchi Renessansga qadam qo‘yayotgan, hayotimizning barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar yuz berayotgan bugungi kunda Sohibqiron Amir Temurning shaxsiyati, buyuk ajdodimizning bashariyat tarixi va Turon tamaddunidagi o‘rni hamda Temuriylarning boy va betakror merosini chuqur o‘rganish, yurtimiz va chet ellarda keng ommalashtirishdir.

"Amir Temur imperiyasi" kitobi muallifi O‘zbekiston Prezidentining tegishli qarorida ko‘zda tutilgan ezgu maqsad ijobati yo‘lida katta ishga qo‘l urgan va bu ishni qoyillatib uddalagan.  Boshqacha aytganda, professor To‘lqin Alimardonov “Temurshunoslik” sohasini yangi va salmoqli ilmiy manba bilan boyitishga musharraf bo‘ldi.

To‘lqin Alimardonovning "Amir Temur imperiyasi" kitobi ulug‘ Sohibqiron saltanatining siyosat falsafasi asoslarini o‘rganishga qaratilgan. Binobarin, bugun Amir Temur va Temuriylar sulolasining dunyo sivilizatsiyasi rivojiga, insoniyatning ilmiy siyosiy-huquqiy, ma’naviy-g‘oyaviy, madaniy va tafakkur darajasining keskin ko‘tarilishiga qo‘shgan hissasi beqiyosligi hech kimda shubha uyg‘otmaydi.

 Jahon hamjamiyati Temuriylar davrini ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot taraqqiyoti hamda ulug‘ kashfiyot va ixtirolarda o‘z aksini topgan davr, xalqimizni esa – shu paytgacha ikki marotaba Renessansga asos solgan xalq sifatida e’tirof etadi. Ya’ni, xalqimiz haqli ravishda tom ma’noda kam sonli “Renessans yarata olgan xalqlar” sirasiga kiritiladi.

Shu ma’noda, bugungi kunda Prezident Sh. M. Mirziyoyevning mamlakatimizda keng ko‘lamli demokratik o‘zgarishlar, jumladan, ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlar orqali O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi sa’y-harakatlari kutilgan natijalar berishiga to‘la asos bor deb baholanmoqda. Uning xalqimiz oldidagi eng buyuk xizmatlaridan biri ham aynan o‘z yurtiga egalikdan mosuvo bo‘lgan, farovon va yaxshi yashashdan umidini uzgan, kelajakka ishonmay qo‘ygan xalqimizning qaddi-qomatini va sindirilgan milliy g‘ururi tiklanishi, Yangi  va erkin O‘zbekistonga xos ongi shakllanishi, so‘ngan ruhi ko‘tarilishi, ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlar va tarixiy shaxslarga bo‘lgan hurmat-e’tibor qaytarilishi, deb qaralmoqda.

Bu sa’y-harakatlar chingiziylarning 150-yillik istibdodi davrida toptalgan g‘ururimizni qayta ko‘targan Amir Temur bobomizning sa’y-harakatlariga mengzaydi.

O‘zbekiston Respublikasi taraqqiyotining yangi bosqichida davlat va jamiyatning har bir sohasida tubdan yangilanish va yuksalishlar bilan bir qatorda milliy davlatchilikni mustahkamlash, mamlakatimiz siyosiy-huquqiy va iqtisodiy-ijtimoiy hayotini barqaror izga tushirish va rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ajdodlarimiz tarixini o‘rganish, ularga to‘g‘ri va xolis ilmiy baho berish, shu asosda milliy qadriyatlarimizni tiklash uchun keng yo‘l ochildi. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ta’kidlaganidek: “Bizning havas qilsa arziydigan ulug‘ tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor”.

O‘tgan qisqa davr mobaynida obyektiv tariximizni yaratish yo‘lida ko‘plab ilmiy tadqiqotlar amalga oshirildi. Qator muhim tarixiy qo‘lyozma manbalar nashr etildi. Natijada tarixchilar uchun yirik tadqiqotlar yaratish imkoniyatlari vujudga keldi. Xususan, ajdodlarimiz tarixining noma’lum qirralari va o‘qilmagan sahifalari hamda insoniyat o‘tmishida o‘ziga xos o‘rin egallagan tarixiy shaxslar faoliyatini o‘rganish uchun ham zarur manbaviy asoslar yaratildi.

Professor To‘lqin Alimardonovning "Amir Temur imperiyasi" monografiyasi ham aynan Mustaqillik sharoitida, ayniqsa, Yangi O‘zbekistonning erkin ilmiy-ijodiy  muhitida yaratilgan kitobdir. Shuning uchun asarda keltirilgan yangi dalil va ma’lumotlar, muallif tomonidan dadil ilgari surilgan fikr va mushohadalar e’tiborni o‘ziga tortmasdan qolmaydi.

Hozirgi vaqtgacha Amir Temur bobomiz hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan mashhur shoiru adiblarning ko‘plab adabiy-badiiy asarlarini o‘qiganmiz. Bundan tashqari asosan tarixchi va faylasuflar, huquqshunos va sharqshunos olimlar, geografiya va harbiy soha mutaxassislari, elchilar hamda diplomatlarning kitoblari bilan tanishganmiz.

Mana endi qo‘limizda siyosatshunos olimning muhtasham monografiyasi turibdi. Bu asar siyosat falsafasi va hokimiyat tabiatini o‘rganish nuqtayi nazaridan yozilgan muhim tadqiqotlardan biridir. Ushbu kitobning yangilangan 2-nashri taqdimoti yurtimiz ilmiy-ma’rifiy va ma’naviy-madaniy hayotida alohida ahamiyatga ega, deb hisoblayman.

Kitobning bir qator yutuqlarini e’tirof etgan holda, ayrim xususiyatlari haqida muxtasar to‘xtalmoqchiman.

Birinchi xususiyati – mazkur kitobni yozishga nisbatan yangicha metodologik yondashuvda yorqin namoyon bo‘lgan. Gap shundaki, bu salmoqli asar oddiy tarixiy xronologiya, ya’ni shunchaki kundalik voqealar bayoni emas, balki unda Amir Temur davlatchiligi siyosat falsafasi va kratologik ta’limot maqomida, sodda qilib aytganda, hokimiyat boshqaruvi ilmi sifatida tizimli tahlil qilingan.

Ikkinchi xususiyati – muallifning kitob mundarijasini tuzish borasidagi konseptual, ya’ni ilmiy-nazariy izchilligi bilan bog‘liq. Asar uchta bobdan iborat bo‘lib, birinchi bobda – Amir Temurning geosiyosiy strategiyasi, ikkinchi bobda – ulug‘ Sohibqironning davlatchilik konsepsiyasi, uchinchi bobda – Amir Temurning harbiy strategiyasi atroflicha tahlil etilgan. Bu boblarning har biri muayyan fasllarga taqsimlangani (1 bobda – 17 ta, 2 bobda – 8 ta, 3 bobda – 4 ta fasl) kitobni shaklan yanada mukammallashtirishga xizmat qilgan.

Uchinchi xususiyati – manbaviy asoslarning boyligi va rang-barangligiga borib taqaladi. Kitobning 2-nashrida milliy va xorijiy manbalar, xususan, ulug‘ Sohibqironning Yevropa davlatlari bilan geosiyosiy va diplomatik aloqalariga oid yangi ilmiy ma’lumotlar integratsiya qilingani alohida diqqatga loyiqdir.

To‘rtinchi xususiyati – qadriyatlar tahliliga taalluqli. Muallif davlat boshqaruvida milliy va umuminsoniy qadriyatlarning uyg‘unligi hamda adolat tamoyillarining siyosiy institut sifatidagi rolini g‘oyatda mahorat bilan ochib bergan.

Bu haqda kitobda, jumladan, shunday fikrlar bayon etilgan: “Amir Temur yaratgan imperiya namunasi qadimiy qadriyatlarga amal qilgan, o‘z davri ta’limotlaridan o‘tib kelgan yuksak madaniy fenomen sifatida namoyon bo‘ldi. Sohibqiron o‘z davrining yuksak va betakror tafakkur sohibi sifatida bashariyatning madaniy qiyofasini o‘zgartirishga erishdi”.

Kitobning mazmun-mohiyati yuzasidan ayrim mulohazalarimni bildiraman.

  • Tarixiylik va siyosatshunoslik mutanosibligiga oid mulohaza. Asarda siyosatshunoslik va falsafiy terminlar (masalan, hukmron mafkura, evolyutsion taraqqiyot, milliy metodologiya, geohududiy makon, sivilizatsiyalashgan jamiyat, diniy qadriyat, xronologik bayonchilik, ilmiy ratsionalizm, monomilliy sivilizatsiya kabi atamalar) ko‘pligi tufayli ba’zi o‘rinlarda sof tarixiy dalillar va xronologik izchillik ikkinchi planga o‘tib qolgandek taassurot uyg‘onadi.

  • Xorijiy manbalar ustida ishlashga taalluqli mulohaza. Kitobda G‘arb va Sharq tarixshunosligidagi Sohibqiron shaxsiga oid nisbatan bahsli yoki ziddiyatli qarashlarni qiyosiy tahlil qilish jarayoni yetarlicha chuqurlashtirilmagan, nazarimda.

  • Ilmiy bayon tilining murakkabligiga doir mulohaza. Kitob tili akademik atamalar bilan haddan tashqari yuklatilgani sezilib turibdi. Bu esa asarning nafaqat mutaxassislar, balki keng kitobxonlar ommasi (talabalar, havaskor tarixchilar) tomonidan qabul qilinishini biroz qiyinlashtiradi, degan xavotir uyg‘otadi.

Kitob bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar:

Birinchi taklif: kitobning yangi nashrini – ommabop tildagi variantini yaratish lozim, deb o‘ylayman. Bunda sahifalardagi siyosiy va falsafiy konsepsiyalarni imkon qadar soddalashtirgan holda, keng omma va yoshlar uchun mo‘ljallangan ilmiy-ommabop nashrini tayyorlash ayni muddaodir.

Ikkinchi taklif: kitobning raqamli formatini yaratish va xorijiy tillarga tarjimalarini tashkil etishni tavsiya qilaman. Asarni xorijiy tillarga (ayniqsa, ingliz va turk tillariga) tarjima qilish hamda xalqaro ilmiy bazalarda raqamli platformasini (E-book) kengroq targ‘ib etish kerak.

Uchinchi taklif: ilmiy-amaliy nuqtayi nazardan, kitob yakunida Amir Temurning strategik boshqaruv va diplomatiya sohasidagi merosini bugungi kun milliy davlatchilik tizimi va tashqi siyosat amaliyotida qo‘llash bo‘yicha amaliy xulosalarni alohida faslda taqdim etish zarur, menimcha.

To‘rtinchi taklif: kitob nomidagi “imperiya” so‘zini “saltanat” deb o‘zgartirgan ma’quldek tuyuladi.

“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga ko‘ra, imperiya – birinchidan, podshoh, qirol, imperator boshqaradigan yirik, ko‘p millatli davlat; ikkinchidan, bir qancha mustamlaka yerlari bo‘lgan, totalitar tuzumga asoslangan yirik davlat.

Milliy ensiklopediyada ham “imperiya” tushunchasiga 2 xil mazmundagi izoh berilgan. Birinchi izohga ko‘ra, imperiya – imperator boshqargan monarxiya davlatining nomi. Ikkinchi izohga binoan, imperiya – mustamlakalari bo‘lgan yirik davlatlarning atalishi.

Ko‘rinib turganidek, har ikki manbada keltirilgan “imperiya” so‘zining birinchi mazmuni tarixiy haqiqatga xilof bo‘lsa, keyingi mazmuni tagida salbiy ma’no bor, ya’ni bosqinchilikka ishorat yaqqol seziladi.

O‘z navbatida, Milliy ensiklopediyada “Saltanat” so‘ziga ham 2 xil izoh berilgan: 1) sultonlik, yakka xon, amir yoki podsho hukmronligi hamda ularning mavqei; 2) mustamlakalari yoki tobe o‘lkalari bo‘lgan yirik davlatlar; imperiya.

Bu o‘rinda, xolis aytadigan bo‘lsak, saltanat tushunchasining dastlabki mazmuni Amir Temur davlatchiligiga nisbatan qo‘llash uchun bir qadar to‘g‘ri keladi.

Beshinchi taklif: kitobdagi “Sohibqiron tuzgan davlatning imperiya shakli...”  degan iboradagi mantiqsizlikni tuzatish tavsiya etiladi. Chunki imperiya – davlatning shakli emas.

Bilasizki, boshqaruv shakliga ko‘ra, davlat – monarxiya va respublika shaklida bo‘lishi mumkin. Tuzilish shakliga ko‘ra esa, davlat – unitar davlat, federatsiya yoki konfederatsiya shaklida bo‘ladi.

Masalaga yanada chuqurroq yondashadigan bo‘lsak, siyosiy rejimiga ko‘ra, demokratik davlat, antidemokratik davlat, avtoritar davlat va totalitar davlat shakllari tasniflanadi.

Oltinchi taklif: foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatini to‘ldirish tavsiya etiladi. Masalan, hozirgi ro‘yxatda milliy manbalardan – taniqli temurshunos olima Shohista O‘ljayevaning bironta kitobi kirmagan; xorijiy manbalardan – YUNESKOning Markaziy Osiyo tarixi haqidagi 6 jildlik nufuzli to‘plami aks etmagan.

Xulosa qilib aytganda, kamina 1996-yillarda O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi bo‘lib ishlagan. O‘shanda Amir Temur bobomizning qutlug‘ to‘ylarini Parijda o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish asnosida, ulug‘ Sohibqiron haqidagi ko‘plab bebaho adabiyotlar bilan astoydil tanishishga to‘g‘ri kelgan.

O‘tgan 30-yil ichida shu mavzuda o‘zbek, rus, ingliz, fransuz, nemis va boshqa xorijiy tillarda nashr etilgan  ancha-muncha kitoblarni o‘qib chiqdim. Ayni chog‘da, To‘lqin akaning ushbu kitobidan, baribir, yangi va qiziqarli ma’lumotlar oldim.  Masalan, Amir Temurning diplomatik xatlari bilan bog‘liq nisbatan keng tafsilotlar bilan tanishganimdan xursand bo‘ldim.

 

Akmal SAIDOV,

akademik

«Hurriyat» gazetasining 2026-yil 5-avgust kungi 31 (1509)-soni 

Nashr sanasi 05.08.2026 Ko'rishlar 38
Ulashish