Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini yanada oshirish, nomativ-huquqiy hujjatlarni davlat tilida sifatli tayyorlash, qabul qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu sohada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019 yil 21 oktyabrda "O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi, 2020 yil 20 oktyabrda "Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonlar qabul qilindi.
Shuningdek, "2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi" tasdiqlandi. Unga asosan 2025 yilga qadar mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish, davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va barcha soha mutaxassislarining nutq madaniyatini oshirish, davlat tilida sohaviy ish yuritish hujjatlarining yagona elektron namunalarini ishlab chiqish kabi ustuvor vazifalar belgilandi.
Bu sohadagi ijro sifatini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 oktyabrdagi qarori bilan "Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida"gi Nizom tasdiqlandi.
"Ekspertiza" so‘zi lotincha "expertus" atamasidan olingan bo‘lib, "tajribali, bilimdon" degan ma’nolarni anglatadi.
Normativ-huquqiy hujjat ekspertizasi deganda, normativ-huquqiy hujjat loyihasining shu sohadagi yetuk, professional darajadagi mutaxassis, ya’ni ekspert tomonidan xalqaro normalar, fan va texnikaning ilg‘or yutuqlaridan kelib chiqqan holda o‘rganilishi, tahlil qilinishi, loyiha bo‘yicha xulosa, taklif va tavsiyalar berilishi tushuniladi.
Shu nuqtai nazardan 2022 yilda Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan nashr etilgan professor Shuhrat Ko‘chimovning "Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan o‘tkazish" nomli qo‘llanmasi muhim ahamiyat kasb etadi. Avvalo, metodik qo‘llanmada "yuridik til" atamasining ma’nosiga sodda va ravon tilda ta’rif berilgani e’tiborlidir.
Sh.Ko‘chimov qayd etganidek, "yuridik til" deganda — huquqshunosning o‘z fikrini va huquqiy normalarni ifodalashda til birliklari majmui: tovush, qo‘shimcha, so‘z, atama, so‘z birikmasi va gaplardan qanday foydalanishi tushuniladi.
Ushbu metodik qo‘llanmaning quyidagi ijobiy xususiyatlarini ko‘rsatish mumkin.
Birinchi xususiyati: hozirda Oliy Majlisda normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishdan avval uni har tomonlama ekspertizadan o‘tkazish instituti joriy etildi. Bunda qonun loyihasi huquqiy, xalqaro, korrupsiyaga qarshi, siyosiy, iqtisodiy, moliyaviy, lingvistik yo‘nalishlarda ekspertizadan o‘tkazilmoqda.
Darhaqiqat, normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishda ekspertiza muhim o‘rin tutadi. Zero, aynan ekspertiza har qanday huquqiy hujjatning har tomonlama mukammal bo‘lishini ta’minlaydi.
Ikkinchi xususiyati: mazkur sohani yanada rivojlantirish uchun so‘nggi yillarda mamlakatimizda 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, ushbu hujjatlar ijrosini ta’minlash mexanizmi takomillashdi. Xususan, o‘zbek tilini davlat tili sifatida yanada rivojlantirish uchun tom ma’noda yangi tuzilma — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti va uning joylardagi davlat tili bo‘yicha maslahatchilari tizimi joriy etildi.
Uchinchi xususiyati: normativ-huquqiy hujjat loyihasini lingvistik ekspertizadan o‘tkazishga qo‘yiladigan yurislingvistik talablar, jumladan, yuridik til, grammatik norma va yuridik terminologiya qoidalariga qat’iy rioya qilish masalalarida muhim manba hisoblanadi. Bunday ekspertiza normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashda yuridik texnika qoidalariga asoslangan holda uni sifatli ishlab chiqish, yuridik til talablaridan kelib chiqqan holda mukammal darajada tuzish, tayyorlash va belgilangan tartibda rasmiylashtirishni to‘g‘ri bajarishda yordam beradi.
To‘rtinchi xususiyati: normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlovchi va uni lingvistik ekspertizadan o‘tkazuvchi mutaxassislar, davlat tilida ish yuritish bo‘yicha mas’ul xodimlarning lingvistik ekspertiza bo‘yicha bilim, malaka va amaliy ko‘nikmalarini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Binobarin, lingvistik ekspertiza o‘ziga xos bilim va fanlar majmui bo‘lib, dunyo ilmiy texnik taraqqiyotida ushbu soha maxsus fan darajasiga ko‘tarilgan. Shu bois dunyoning ilg‘or oliy o‘quv yurtlarida ayni soha bo‘yicha maxsus mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Beshinchi xususiyati: Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 oktyabrdagi "Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qaroriga asosan 2023 yil 1 yanvardan boshlab loyihani ishlab chiquvchining tashabbusi bilan yoxud topshiriqqa ko‘ra, vazirlik, idoralar bilan kelishishdan oldin loyiha matni davlat tili qoida va talablariga muvofiqligini tekshirish maqsadida lingvistik ekspertizadan o‘tkazilishida metodik qo‘llanma hisoblanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda qonun loyihalarining til va uslub jihatdan yanada mukammal bo‘lishi, uning lingvistik ekspertizasida qonun ijodkorligi, sud lingvistikasi ekspertizasi, lingvokriminalistik ekspertiza sohalarini tom ma’noda rivojlantirish uchun huquq va til integratsiyasi, ya’ni yurislingvistikaga asoslangan ixtisoslashgan kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish dolzarb vazifadir.
Shu nuqtai nazardan, ushbu metodik qo‘llanma bugungi kunda normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlovchi va uni lingvistik ekspertizadan o‘tkazuvchi mutaxassislar, davlat tilida ish yuritish bo‘yicha mas’ul xodimlarga muhim ko‘makchi vazifasini o‘taydi.
Akmal Saidov,
akademik
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 16.09.2022
- Ko'rishlar: 5450
- Chop etish