Uchinchi Renessans va Bobur Mirzoning ma’naviy-huquqiy merosi

Ulug‘ ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Boburni, avvalambor, Hindistonda 300 yildan ortiq hukm surgan buyuk Boburiylar saltanatining asoschisi bo‘lmish Temuriy podshoh hamda jahonda e’tirof etilgan muhtasham qomusiy ma’naviy yodgorlik – “Boburnoma” va “Mubayyin” huquqiy asarining muallifi maqomida yaxshi bilamiz. Tabiiyki, Mirzo Bobur dilbar shoir bo‘lib, g‘azallari, ruboiy va masnaviylari adabiyotimizning gultoj asarlari sifatida hamisha yuksak qadrlanadi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 yanvarda qabul qilingan «Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori mamlakatimiz ma’naviy hayotida mantiqan to‘la asosga ega ulkan voqea bo‘ldi.  

Qaror mazmun-mohiyatining teranligi va qamrovdorligi bilan nihoyatda katta ahamiyatga ega. Chunki ijodi serqirra, betakror bo‘lgan shoh va shoir bobomizning qutlug‘ tavallud sanasini Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev shaxsan tasdiqlagan Dastur asosida – mamlakatimizda va jahon miqyosida tizimli tartibda hamda keng ko‘lamda nishonlayapmiz.

Mustaqillik yillarida mutafakkir bobolarimizning boy ma’naviy-ma’rifiy merosini har tomonlama o‘rganishga e’tibor tubdan kuchaydi. Shu jumladan, Bobur hazratlarining ijodini teran tahlil va tadqiq etish imkoniyatlari nihoyatda kengaydi. O‘tgan davrda “Boburnoma”, “Mubayyin” huquqiy asari, Boburning she’riy devoni qayta-qayta chop etildi. Ushbu asarlar talqiniga bag‘ishlangan kitob va risolalar, ilmiy-ommabop maqolalar muntazam e’lon qilinmoqda.

Chindan ham, keyingi yillarda Toshkent va Andijon shaharlarida Bobur Mirzoning muazzam haykallari o‘rnatilgani, uning tug‘ilib o‘sgan yurti – Andijon shahrida Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi va uning tasarrufidagi “Bobur va jahon madaniyati” kitob muzeyi faoliyat ko‘rsatayotgani, “Bobur ensiklopediyasi”, “Bobur kulliyoti”, “Babur. Baburidы. Bibliografiya” deb nomlangan salmoqli asarlarning nashrdan chiqarilgani, “Bobur va dunyo” jurnalining tashkil qilingani madaniy hayotimizda katta voqea sifatida e’tirof etildi.  

Ayni chog‘da, Yurtboshimizning mazkur qarori 2023 yil – Vatanimizda «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili» deb e’lon qilingani bilan chambarchas bog‘liqdir. Nega deganda, Bobur Mirzo ijodiy merosini o‘rganishning eng muhim jihatlarini oliy ta’lim muassasalari hamda maktab ta’limi o‘quv dasturlarining mazmun-mundarijasiga singdirib borish masalasi davlatimiz rahbari tomonidan dolzarb vazifa sifatida belgilab berildi.  

Bu, o‘z navbatida, Bobur hazratlarining hassos kitoblari, xususan, «Boburnoma», «Devon», «Aruz risolasi», «Risolai volidiyya», «Mubayyin» kabi asarlarini har tomonlama chuqur o‘rganishga yanada ravon yo‘llarni ochmoqda. Eng asosiysi, endilikda ushbu nodir asarlarni turli bayonu sharhlari bilan o‘quvchi va talabalarga taqdim etish, ularning qat-qatidagi haligacha ochilmay kelayotgan ma’nolari mag‘zini chaqish vazifalari kun tartibidan joy oladi.

Shu o‘rinda, dastavval, Zahiriddin Boburning shohu shoirlik qatori fiqh ilmi, hozirgi zamon iborasi bilan aytganda, huquqshunoslik bilan ham shug‘ullangani va bu mavzuda “Mubayyin” deb atalgan e’tiborli asar yaratgani haqida so‘z yuritamiz. Bobur Mirzo umrining so‘nggi yillarida, ya’ni 1521 yilda o‘g‘illari Humoyun Mirzo va Komron Mirzoga atab yozgan mazkur kitobi – islom va fiqh asoslarini bayon etuvchi yirik asar bo‘lib, e’tiqod, salot (namoz), zakot, savm (ro‘za) va haj masalalariga bag‘ishlangan beshta qismdan iborat.

Kaminaga ushbu asar haqida ilk bor bundan yigirma yilcha burun atoqli boburshunos olima, akademik Sabohat Azimjonova gapirib bergandi. O‘sha suhbatlarimizda e’tirof etilganidek, Bobur Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya”, Imom Buxoriyning “al-Jomi’ as-Sahih”, Imom Moturidiyning “Tavhid”, Faxriddin Ali Safiyning “Rashahot ayn al-hayot”, Alisher Navoiyning “Siroj ul-muslimin” va boshqa mashhur muhaddis, fiqhshunos va mutafakkir zotlar asarlarini diqqat bilan o‘rgangan.

Mutaxassislarning qayd etishicha, Bobur Mirzoning ijtimoiy-falsafiy va diniy-huquqiy qarashlari Abu Hanifa mazhabidagi islom faqihlari qarashlari majmuasining tarkibiy qismini tashkil etgan. Shu bois, ul zot yuqorida sanab o‘tilgani kabi ko‘plab sara asarlar mutolaasi orqali o‘tmish va o‘z davri tafakkurining ijtimoiy-falsafiy va estetik mazmun-mohiyatini yaxshi o‘zlashtirgan. Ulug‘ ajdodimiz bu asarlarni nainki chuqur o‘zlashtirgan, balki yetuk olim sifatida o‘zi yashab turgan davr tafakkur darajasini yana bir pog‘onaga rivojlantirgan.

“Mubayyin” – masnaviy janrida yozilgan bo‘lib, fiqhiy masalalar olim, adib va shoh Boburning o‘ziga xos bayon uslubi orqali chuqur bilimdonlik bilan tushuntirib berilgan. Asarda islom dini asoslarini o‘quvchi ongiga sekin-asta va mustahkam singdirib borish maqsadida badiiy vositalarning bobma-bob san’atkorona qo‘llangani tahsinga loyiqdir.

Bularning barchasi, o‘z navbatida, bugungi kunda Bobur Mirzoning e’tiqodiy qarashlari, faqih, ya’ni fiqhshunos olim sifatida diniy ilmlarga qo‘shgan hissasini ilmiy jihatdan o‘rganishga asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Istiqlol yillarida mamlakatimizda Bobur Mirzoning “Mubayyin” asari uch marta nashrdan chiqarilgan. Birinchi nashri – “MUMTOZ CO’Z” nashriyotida 2011 yili, ikkinchisi – Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyotida 2000 yili va uchinchi nashri – “Sharq” nashriyotida 2020 yili chop etildi.

Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub “Mubayyin” asari nashrdan-nashrga mukammallashgan holda o‘quvchiga yetkazilayotgani har qancha e’tibor va ehtiromga munosibdir. Binobarin, o‘z tarixiga, to‘plangan tajribaga, dunyoda eng katta boylik sanalgan intellektual salohiyatga chuqur hurmat bilan yondashish har qanday davlatning moddiy va ma’naviy taraqqiyoti asosini tashkil etadi.

Aytish joizki, ushbu kitobning uchinchi nashriga taniqli shoir, tarjimon va alloma Mirzo Kenjabek qo‘l urgani bejiz bo‘lmagan. Zotan, “Mubayyin”, bir tomondan, o‘zbek tilida yaratilgan va mumtoz shoir qalamiga mansub bo‘lgan e’tiborli asarlar turkumiga kirsa, ikkinchi tomondan, tilimizning shirasi va boyligini to‘laligicha aks ettiradigan diniy va badiiy adabiyotning yorqin namunasi hisoblanadi. Bu asar islomshunos va huquqshunoslar, tarixchi va faylasuflar, tilchi va adabiyotshunoslar kabi turli soha tadqiqotchilari uchun qimmatli manbadir.

Kezi kelganda, Bobur Mirzo hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyatini tadqiq etishga nainki O‘zbekistonda, balki dunyo miqyosida katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim. Bevosita “Mubayyin” asarining o‘rganilishi va chop etilishi haqida so‘z borganda, Sharqda – Shayx Zayn, Mulla Mir Maxdum Toshkandiy, S.Azimjonova, S.Shukrullaeva, O.Husanboev, N.Rasulzoda, Ye.Berezin, A.Samoylovich kabi olim va noshirlar, Fuod Ko‘prulu, Tanju O‘ral Seyhan, shuningdek, hind olimlari Abul Fazl Allomiy va Badouniy, G‘arbda – Bevirij, Springer kabi sharqshunoslarning xizmatlarini alohida qayd etish maqsadga muvofiqdir. 

Ma’lumki, Bobur Mirzo o‘z davrida Xoja Ubaydulloh Ahror qalamiga mansub “Risolai volidiyya” asarini forsiydan o‘zbek tiliga tarjima qilgan bo‘lib, keyingi yillarda tasavvufga oid bu kitob ilmiy muomalaga kiritildi. Shuningdek, Boburning “Kulliyot”i Tehron milliy kutubxonasidan topib kelindi. “Xatti Boburiy” alifbosida ko‘chirilgan Qur’oni karim Mashhad muzeyidan Vatanimizga keltirildi.

 Bobur hazratlari shaxsi, tarixi, ijodi va dovrug‘ining jahonshumul miqyosi borasidagi yurtdoshlarimizdagi tushuncha, tasavvur va bilimlar muntazam boyib bormoqda. 1998 yildan boshlab Bobur xalqaro jamg‘armasining boburshunoslik sohasidagi xalqaro mukofoti ta’sis etilib, o‘tgan davrda bu yo‘nalishda ulkan ilmiy-ijodiy izlanishlarini e’lon qilgan o‘zbekistonlik va xorijlik bir qator atoqli olim va adiblar mazkur mukofot bilan taqdirlangani diqqatga sazovor, albatta.

Ushbu mukofotning ilk sovrindorlaridan biri – yapon olimi Eyje Manoning “Boburnoma” bo‘yicha amalga oshirgan beqiyos ishlari har qancha tahsinga loyiq. Yoki bo‘lmasa, amerikalik olim S.Berkning “Akbarshoh – Boburiylarning eng buyugi” asari, taniqli ingliz adibasi Rumer Goden xonimning “Gulbadan”, Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy” asarlari kabi bir qancha noyob kitob va risolalarning bizga,  Bobur avlodlariga yetkazib berilishi  – bularning barchasi ma’naviy hayotimizda katta voqea bo‘ldi, desak, aslo yanglishmaymiz.

Avstriyalik nemis olimi va yozuvchisi Fris Vyurtle tomonidan nemis tilida yozilgan “Andijon shahzodasi” (“BABUR, der TIGER”, so‘zma-so‘z tarjimasi: “Bobur-yo‘lbars”) nomli sarguzasht-qissa Bobur xalqaro jamg‘armasi ilmiy ekspeditsiyasining keyingi safarlaridan birida, Germaniyada qo‘lga kiritilgan yana bir muhim kitobdir. Bugungi kunda asl nusxasi Bobur xalqaro jamg‘armasining Andijondagi muzeyida saqlanayotgan ushbu kitob 1947 yilda Avstriyada, Vena shahridagi “S. Jőrgl & Co” nashriyotida chop etilgan.

Boshqacha aytganda, mazkur asar bani bashar Ikkinchi jahon urushidan qutilib, Yer yuzida fashizm balosi tugatilganidan keyin atigi ikki yil o‘tib nashr etilgan. Bu, o‘z navbatida, dunyoni qurol-yarog‘ bilan emas, balki ilm-ma’rifat, adabiyot, she’ru g‘azal bilan fath etmoqlik naqadar ezgu va ulug‘ligini isbotlagan ajdodlarimiz ruhi-pokiga butun insoniyat hurmat-e’tiborining ifodasidek yangraydi.

Afsuski, asar muallifi hayoti va tarjimai holi haqida aniq sanalar, fakt va raqamlarni topishning imkoni bo‘lmadi. Kitobning o‘zbekcha nashriga g‘oyatda sermazmun va batafsil so‘zboshi yozgan O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid qayd etganidek, Fris Vyurtle “Veneraning qaytishi”, “Rassom va model” singari, asosan san’at, san’atshunoslik, dizayn, kino, madaniyat sohalariga bag‘ishlangan asarlar bitganidan xabardormiz, xolos. Shu ma’noda, “Bobur-yo‘lbars” muallifning yakka-yagona badiiy asari bo‘lsa ham ajab emas.

Sarguzasht-qissani nemis tilidan shu sohaning tajribali mutaxassisi, zahmatkash olima Yanglish Egamova mahorat va chuqur bilim, mehr va ishtiyoq, zavq va ixlos bilan o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Kezi kelganda, olimaning nasrda ham, nazmda ham buyuk so‘z ustasi bo‘lgan Gyote asarlarini ommalashtirish va badiiy talqin etish yo‘lida mehnati singgan tarjimon ekanini eslatib o‘tish o‘rinlidir.

Ayni vaqtda Ya.Kjijovskiy Bobur Mirzo nazmiy javohirlaridan bir shodasini polyak tiliga tarjima qilib, alohida kitob holida nashr ettirdi. Ushbu to‘plam 2013 yili Varshavada “Indo-Polish Cultural Committee” nashriyoti tomonidan chop etilgan. Kitobning kirish qismidan ulug‘ shoh va shoir bobomiz hayoti va faoliyatiga oid, shuningdek, she’riyati tahlil etilgan maqolalar o‘rin olgan.

To‘plamda Bobur Mirzo nazmiy javohirlaridan sara namunalar berilgani tahsinga sazovor. Nega deganda, shu paytga qadar dunyoda asosan “Boburnoma”ni tarjima qilish hamda tadqiq etish, Bobur va boburiylar sulolasi tarixini o‘rganishga e’tibor qaratilgani holda, Bobur she’riyatini turli tillarga o‘girish va keng targ‘ib etish masalasi e’tibordan bir qadar chetda qolib kelayotgani sir emas. Polyak tarjimoni Ya.Kjijovskiy tomonidan taqdim etilgan Boburning polyak tilidagi saralangan she’rlar to‘plami – bu boradagi bo‘shliqni to‘ldirish yo‘lida jiddiy va muhim qadam, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Yana bir ahamiyatli jihat – to‘plamni tayyorlashda Sharq she’riyatining devon tuzish an’analariga rioya qilishga intilish kuzatiladi. Ya’ni, Boburning nafaqat g‘azallari, balki boshqa she’riy janrlarda bitilgan asarlaridan ham namunalar polyak tilidagi ushbu to‘plamga muayyan tartib bilan kiritilgan. Xususan, kitobdan Bobur qalamiga mansub 116 ta g‘azal, 146 ta ruboiy, 5 ta qit’a, 16 ta fard va 8 ta masnaviy, jami 291 ta she’riy asar tarjimalari joy olgan.

To‘plam oxirida muxtasar lug‘at ham ilova qilingan. Bu, shubhasiz, Bobur nazmiy asarlarida qo‘llanilgan eski o‘zbek tilidagi ba’zi murakkab so‘z va atamalarni, milliy mumtoz adabiyotimiz an’analari, xalqimizning olis tarixi bilan bog‘liq ayrim muhim tushuncha va istilohlarni bilish hamda to‘g‘ri talqin qilishda polyak kitobxonlariga yaqindan ko‘mak beradi.

Dilbar shoirimizning go‘zal she’rlari tarjimalaridan jamlangan ushbu nazmiy guldasta faqat polyak kitobxonlari uchun ajoyib tuhfa bo‘libgina qolmay, ayni chog‘da xalqimiz ma’naviy hayotida ham muhim voqeadir. Nega deganda, Bobur she’riyatini uning vorislari bo‘lgan bizning o‘zimiz ham tom ma’noda o‘qib-o‘rganishga kirishganimizga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Chunki mustabid sho‘rolar zamonida qanchadan-qancha mo‘tabar ajdodlarimizning nomlarini tarix sahifalaridan butunlay o‘chirib yuborishga harakat qilinmadi, deysiz.

Muxtasar aytganda, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarini o‘rganish bo‘yicha qilingan har qanday ezgu amal, bu borada nashr etilgan har bir kitob – Bobur shaxsini, Bobur hayoti va ijodini yanada teran bilish hamda anglash uchun ochilgan yangi yo‘l va bu yo‘lda qo‘yilgan qutlug‘ qadamdir.

Zero, Prezident qarorida ta’kidlanganidek, “Jonajon Vatanimiz milliy rivojlanishning yangi bosqichiga – Uchinchi Renessans davriga qadam qo‘yayotgan, hayotimizning barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar yuz berayotgan bugungi kunda Bobur Mirzoning bebaho merosini chuqur o‘rganish va ommalashtirish yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda”.

 

Akmal Saidov,

akademik

«Ishonch» gazetasining 2023 yil 4 fevral kungi 17-soni

OMQP kutubxonasi

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech