Davlatimiz rahbarining 2024 yil 8 noyabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan muntazam shug‘ullanishini yo‘lga qo‘yish, sport inshootlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish va ularga zarur shart-sharoitlarni yaratish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar belgilab berilgan.
O‘tgan 2024 yil 15 dekabrdan boshlab, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga murojaat qilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat mulkidagi sport inshootlarida sport bilan bepul shug‘ullanish uchun yo‘llanmalar berish boshlandi. Yo‘llanmalardan respublikaning barcha hududlaridagi maxsus muassasalar, maktab, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport majmualarida foydalanish mumkin. Qo‘shimcha ma’lumot uchun mahalliy “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki mahalladagi ijtimoiy xodimlarga murojaat qilish lozim.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, 2025 yil 15 yanvardan nogironligi bo‘lgan shaxslarning davlat mulkida bo‘lgan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida tashkil etilgan sport to‘garaklaridagi ishtiroki “Inson” markazi tomonidan yo‘llanma berilgan kundan boshlab har olti oyda bir marotaba joyiga chiqqan holda yoki “ERP-sport” yagona elektron boshqaruv tizimi orqali monitoring qilib boriladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb qilishni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Farxod Rasulov mazkur tartib borasida gapirib berdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
- Qo'shildi: 24.01.2025
- Ko'rishlar: 495
- Chop etish