O‘zbekistonning 105 yillik demografik ko‘rsatkichlari e’lon qilindi

1920 yilda O‘zbekistonda atigi 4,4 million doimiy aholi yashagan. Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan O‘zbekistonning 105 yillik demografik ko‘rsatkichlari bilan tanishing.

So‘nggi yillarda aholining barqaror o‘sishi kuzatilmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda mamlakat aholisi 33,9 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, oradan besh yil o‘tib, bu ko‘rsatkich 3,6 million kishiga oshgan. Shundan 18,9 millioni (50,4 foizi) erkaklar, 18,6 millioni (49,6 foizi) ayollardir. Shahar aholisi 19,1 million (51 foiz), qishloq aholisi 18,4 million (49 foiz) kishini tashkil etadi. 2024 yilda 926,4 ming bola tug‘ildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 3,7 foizga kam. 

Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan tarixiy ma’lumotlarga nazar tashlasak, 1920 yilda O‘zbekistonda atigi 4,4 million kishi yashagan. Yillar davomida bu raqam sezilarli darajada o‘sib, 1990 yilda 20,2 million, 2000 yilda esa 24,5 million kishiga yetgan. XXI asrda ham demografik o‘sish sur’ati yuqori bo‘lib, 2010 yilga kelib aholi soni 28 million, 2020 yilda esa 33,9 million kishini tashkil etgan.

Aholi sonining ko‘payishi mamlakat rivojlanishi uchun imkoniyat ham, muammo ham bo‘lishi mumkin. Muhimi, O‘zbekiston iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy infratuzilmalarni aholining o‘sish sur’atiga moslashtirib bormoqda.

Umidjon Qurbonov tayyorladi.

O‘zA

Powered by GSpeech