Sud tizimiga sun’iy intellektni joriy qilish qanday ahamiyat kasb etadi?

Zamonaviy axborot texnologiyalari rivoji barcha sohalarda yangilanishlar yuz berishiga yo‘l ochmoqda. Ayniqsa, sun’iy intellektning cheksiz imkoniyatlari insoniyat uchun katta qulayliklar ham yaratmoqda. Sud tizimiga sun’iy intellektni joriy qilish qanday ahamiyat kasb etadi?

Shu haqda Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ibrohim Alimov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

– Sun’iy intellekt zamonaviy texnologiyalarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, uning imkoniyatlari turli sohalarda inqilobiy o‘zgarishlarga olib kelmoqda. Inson fikrlashiga taqlid qiluvchi dasturlar va algoritmlar orqali murakkab jarayonlarni tezlashtirish, samaradorlikni oshirish va yangi yondashuvlarni yaratish imkoni yaratilmoqda.

Ayniqsa, sun’iy intellektning huquqiy sohada qo‘llanilishi yuridik jarayonlarni modernizatsiya qilish va samaradorlikni oshirishda katta istiqbollarni ochib bermoqda.

Huquqiy tizimda sun’iy intellektdan foydalanish qonunchilik bazalarini avtomatlashtirilgan tahlil qilish, yuridik maslahat berish, hujjatlarni tizimli shaklda saralash, hatto, sud qarorlarini prognoz qilish kabi jarayonlarni o‘z ichiga oladi.

Bu texnologiyalar yuristlar va sudyalar uchun vaqt va mablag‘ tejashga xizmat qilsada, ularning keng qo‘llanilishi bilan bog‘liq yangi savollar va qiyinchiliklar paydo bo‘lmoqda. Jumladan, ilmiy doiralarda axloqiy prinsiplar, ma’lumotlar maxfiyligi va inson huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq masalalar ko‘p muhokama qilinmoqda.

Dunyoda sun’iy intellekt yordamida qabul qilingan sud qarorlari kamdan-kam uchraydi, biroq ular huquqiy amaliyotda yangi bosqichni boshlab berdi. Masalan, 2012 yilda Nyu-Yorkda ko‘rilgan Da Silva Mur – Publicis Groupe ishi sun’iy intellekt yordamida dalillarni baholash uchun qo‘llangan ilk holatlardan biri sifatida tarixga kirdi.

Bu ishda javobgarning 3 milliondan ortiq elektron hujjatlari tahlil qilinishi kerak edi. Sudya Endryu Pek dalillarni saralash va tahlil qilish uchun sun’iy intellektning “prediktiv kodlash” usulini qo‘llashni taklif qildi. Bu usul tezkorlikni oshirish imkonini bergan bo‘lsa-da, taraflarning noroziliklari va apellyatsiyalarga sabab bo‘ldi. Ularning asosiy noroziligi dasturning ishonchliligi va g‘arazsizligini tekshirish bilan bog‘liq edi.

Xuddi shunday, 2016 yilda Buyuk Britaniyada ko‘rilgan Pyrrho Investments Ltd – MWB Property Ltd ishi ham sun’iy intellektni sud jarayonida qo‘llash bo‘yicha muhim tajriba hisoblanadi. Bu ishda 17,6 million hujjatdan iborat dalillar yig‘ilgan bo‘lib, ularni oddiy qo‘l mehnati yordamida tekshirish katta mablag‘ va vaqt talab qilardi. Sudya Pol Metyuz “prediktiv kodlash” usulining afzalliklarini tan olgan holda, uni qo‘llash uchun muhim asoslarni keltirdi. Bu usul elektron hujjatlarni samarali tahlil qilish imkonini yaratdi, ammo ushbu yondashuvning yuridik va axloqiy jihatlari bo‘yicha savollar hanuz muhokama mavzusi bo‘lib qolmoqda.

Sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri Xitoy hisoblanadi. Sun’iy intellekt nafaqat iqtisodiyot yoki sanoat sohalarida, balki huquq va sud tizimida ham katta rol o‘ynamoqda. Ta’kidlash lozimki, Xitoy hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan “Aqlli sudlar” (Smart Courts) tashabbusi sud jarayonlarini raqamlashtirish, jarayonni tezkor va samarali qilishni nazarda tutadi.

2019 yilda Shenchjen shahri sudi Xitoyda sun’iy intellektdan foydalangan holda qabul qilingan ilk sud qarorini e’lon qildi. Mazkur onlayn savdo platformasida to‘lov tizimlari bo‘yicha bahsga oid ishda sudyalar tomonidan foydalanilgan “Fa syao” (FaXiao) nomli sun’iy intellekt platformasi ish jarayonini tezlashtirishga yordam bergan.

Platforma sudyalarga dalillarni avtomatik ravishda saralash, qonuniy pretsedentlarni tahlil qilish va qarorni asoslashda yordam berdi. Sudya sun’iy intellekt orqali taqdim etilgan dalillar asosida insonning etik nuqtai nazarini saqlagan holda qaror qabul qildi. Bu qaror Xitoyda huquqiy tizimda sun’iy intellektdan foydalanishning yangi bosqichi sifatida baholandi.

Xitoyning “Aqlli sudlar“ dasturiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu dastur 2017 yildan beri amalda bo‘lib, u sud jarayonlaridagi asosiy vazifalarni avtomatlashtirishni o‘z ichiga oladi: sud robotlari: fuqarolarga qonuniy maslahat berish, sud hujjatlarini tayyorlash va ularni avtomatik tahlil qilishni amalga oshiradi; avtomatik dalil tahlili: sun’iy intellekt platformalari elektron hujjatlardan kerakli ma’lumotlarni tezkorlik bilan topadi; prognoz qilish va baholash: sun’iy intellekt o‘tmishdagi sud qarorlarini tahlil qilib, yangi ishlarning ehtimoliy natijalarini taxmin qiladi.

Xitoyning bu borada erishgan natijalari ham ko‘zga ko‘rinarli. Xususan, 2019 yilda ishga tushirilgan “Zhangyi Court” elektron platformasi sun’iy intellekt yordamida ishlarni avtomatik ravishda ko‘rib chiqishga mo‘ljallangan. Platforma taraflarning tomonlarni kuzatuvchi videokonferensiya orqali ishtirok etishiga imkon beradi va hujjatlarni raqamlashtirib, ish jarayonini tezlashtiradi.

Shu kabi, Jiangsu provinsiyasida sun’iy intellekt 9 milliondan ortiq ishni avtomatik ravishda saraladi, bu esa katta vaqt va mablag‘ tejashga yordam berdi.

Xitoyning “Aqlli sudlar” dasturi sun’iy intellekt texnologiyalarini sud tizimida joriy etishning ilg‘or namunalaridan biri bo‘lib, bu tajriba boshqa mamlakatlar uchun ham yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.

Biroq, bu yo‘nalishdagi huquqiy va axloqiy asoslarni mustahkamlash hali ham dolzarb vazifa sifatida qolmoqda. Shuni ham ta’kidlash joizki, sun’iy intellektni sud jarayonlariga joriy etish imkoniyatlari qanchalik jozibador bo‘lmasin, uning amaliy qo‘llanilishi bilan bog‘liq qator muammolar mavjud. Bular huquqiy asoslarning yetarli emasligi, dasturiy ta’minotning xolisligini baholash murakkabligi hamda ishtirokchi tomonlarning teng huquqliligini ta’minlash zarurati kabi dolzarb masalalarni o‘z ichiga oladi.

Shu o‘rinda sun’iy intellektni shartli ravishda kuchsiz va kuchli turlarga ajratish mumkin. Ayni vaqtda ko‘plab davlatlarda sud tizimini axborotlashtirishda faqatgina tor ixtisoslashtirilgan vazifalarni hal qilish uchun vosita sifatida foydalaniladigan kuchsiz sun’iy intellekt elementlari qo‘llanilmoqda. Bunday sun’iy intellekt odatda belgilangan algoritmlar asosida ishlaydigan dastur hisoblanadi.

Bunday avtomatlashtirilgan axborot tizimi asosan sud hujjatlarini tayyorlash, ishlarni ro‘yxatga olish va yuritish, sud jarayonining turli bosqichlarida ma’lumotlarni qayta ishlash, shuningdek, sud qarorini chiqarish uchun zarur bo‘lgan axborotlarni tezkor qidirishni ta’minlaydi. Bunday tizimlar, shuningdek, statistik ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish, ishlarning toifalari bo‘yicha taqsimlanishi va sudlarda yuklamani baholash imkonini beradi.

Ammo, sun’iy intellekt imkoniyatlari faqat avtomatlashtirilgan axborot tizimlari bilan cheklanib qolmasligi lozim. Undan foydalanishning yanada keng ko‘lami mavjud. Jumladan, yuridik bilimlarni avtomatik ravishda yangilash va rivojlantirish imkonini beradigan sudyalar, prokurorlar va advokatlar uchun masofaviy o‘quv platformalari; huquqiy hujjatlarni to‘g‘ri va tezkor tahlil qilish uchun intellektual tizimlar; jinoyat va huquqbuzarliklarni prognoz qilish va oldini olish.

Shu bois, bu g‘oyalarni amalga oshirish uchun sun’iy intellektning kuchli modellarini ishlab chiqish zarur. Bunday modellar inson fikrlash qobiliyatiga yaqin bo‘lgan tahlil qilish va qaror qabul qilish imkoniyatlarini yaratishi kerak. Shu bilan birga, bunday tizimlarning ishlash samaradorligini oshirish uchun yozuvlarni mustaqil ravishda o‘rganish, o‘zlashtirish va ko‘nikmalarni yangilash qobiliyatiga ega bo‘lishi ham talab qilinadi.

Bundan tashqari, sun’iy intellekt inson omilini qisqartirish, shu jumladan, sud ishlarini ko‘rib chiqishdagi sub’ektivlikni kamaytirishga xizmat qilishi mumkin. Masalan, algoritmlar ishlarni avtomatik ravishda turkumlashtirish va ularni qonuniy normalarga muvofiq baholash uchun ishlab chiqilishi mumkin. Bu sudyalarga ob’ektiv qaror qabul qilishda yordam beradi.

Boshqa bir muhim jihat – axborot xavfsizligi. Sun’iy intellekt asosidagi tizimlar foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish, sud ishlari haqidagi ma’lumotlarni maxfiy saqlashni ta’minlashi lozim. Buning uchun zamonaviy kriptografik texnologiyalar, ma’lumotlarni shifrlash va himoya qilishning boshqa mexanizmlaridan foydalanish talab etiladi.

Huquqiy sohada sun’iy intellektning yana bir istiqbolli yo‘nalishi – yuridik maslahatlar berish. Bunday tizimlar foydalanuvchining savollariga aniq va to‘g‘ri javoblar berishi, qonunchilik bazasini tahlil qilib, turli vaziyatlarda qonunlarni qanday qo‘llash mumkinligini tushuntirishi mumkin.

Yana bir muhim bir masala – sun’iy intellekt tizimlarini ishlab chiqish va joriy qilishdagi muhim talablardan biri ularning ishonchliligi va shaffofligidir. Bu faqat insonlarning ishonchini oshiribgina qolmay, balki yuridik tizimning samaradorligini ham ta’minlaydi. Har qanday sun’iy intellekt platformasini qonuniy qoidalarga muvofiq ravishda sertifikatlash va nazorat qilish jarayoni yo‘lga qo‘yilishi zarur.

Sun’iy intellektning huquqiy sohada qo‘llanilishi nafaqat tizimni yaxshilaydi, balki jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Shuning uchun bu yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlar va amaliy qo‘llashni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Biroq, sun’iy intellektdan foydalanish bilan bog‘liq xavf-xatarlar ham bor. Masalan, noto‘g‘ri yoki adolatsiz qarorlarni qabul qilish xavfi, algoritmlarning muayyan ijtimoiy yoki iqtisodiy guruhlarga nisbatan og‘ishlarga ega bo‘lishi mumkinligi, shuningdek, shaxsiy ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash bilan bog‘liq muammolar.

Shu sababli, sun’iy intellektni huquqiy sohada qo‘llashda jiddiy va mas’uliyatli yondashuv talab etiladi. Bu, eng avvalo, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish prinsiplariga asoslangan texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishni anglatadi. Qolaversa, sun’iy intellektdan foydalanish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan axloqiy va qonuniy muammolarni aniqlash va bartaraf etish uchun aniq reglamentlar ishlab chiqilishi zarur.

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech