Keyingi paytlarda jamoatchiligimiz e'tiborini jalb etgan, qator viloyatlar rahbarlarining qonun doirasida bo'lmagan xatti-harakatlariga Prezidentimiz tomonidan berilgan tegishli bahodan keyin ehtiroslar muayyan darajada pasaydi. Bu ana shu voqealarni vazminlik bilan tahlil etish, mamlakatimiz ijtimoiy hayotida tobora jadallashib borayotgan o'zgarishlar xususida ayrim xulosalar chiqarishga imkon beradi, degan fikrdamiz.
Ana shu hodisalarda, eng avvalo, elektron jurnalistikamiz to'rtinchi hokimiyatga da'vogarligini namoyon eta oldi, deyish mumkin. Internet saytlari va blogerlar tomonidan yuzaga kelgan muammolarning keng jamoatchilikka yetkazilishi, sodir bo'lgan qonunbuzarliklar aks-sadosi yurtimizda nafaqat so'z erkinligi qaror topayotganligini, shuningdek ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi o'rni va nufuzi tiklanayotganligini ham ko'rsatdi.
Shu bilan birga, o'ylashimizcha, bu voqealar qator juda jiddiy masalalarni ham kun tartibiga qo'ydi. Hamkasblarimiz demokratlashtirish jarayonlariga dog' tushirgan hodisalarni dadil fosh etayotganini ta'kidlagan holda, ayrim rahbarlarning amaldagi huquqiy qoidalarni shu qadar mensimasligiga taajjublanmaslikning iloji yo'q.
Nahotki, viloyat hokimi davlat byudjeti mablag'lari hisobidan xaridlar kim oshdi, hozirgi paytda esa elektron savdolar orqali amalga oshirilishidan bexabar bo'lsa? Mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsuloti erkin bozor sharoitida raqobatbardosh bo'lmasa, bunga kim aybdor? Monopol ishlab chiqaruvchilarga hamma imtiyozlar muhayyo qilib qo'yilganligi uchun o'zimizda yig'ilgan avtomobillar, ularni ishlab chiqarmaydigan mamlakatlarnikidan qimmat ekaniga hammamiz guvoh bo'lib turibmiz-ku!
Axir, viloyatning sog'liqni saqlash boshqarmasi rahbari bu huquqiy qoidaga amal qilmaganligi uchun faqat ma'muriy emas, balki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Shu sababli mazkur masala bo'yicha o'zining bevosita boshlig'i – vazirga murojaat qilishga majbur bo'lganligi uchun uni nafaqat ayblash, insoniy munosabatlarda tasavvur etib bo'lmaydigan tarzda haqoratlash ayrim rahbarlarning ma'naviy qiyofasini oshkor qilib qo'ydi.
Ana shu masalada viloyat hokimligi matbuot xizmatining ovoza bo'lgan ko'ngilsizliklar bir yoqda qolib, elektron jurnalistika vakillarini faqat bir yoqlamalikda, ya'ni bu yerda bo'layotgan ijobiy ishlarni tilga olmasdan, nuqul xatolarni tanqid qilishda ayblashi ham ajablantirmay qolmaydi.
Mamlakatda huquqning eng birinchi himoyachisi hisoblangan sobiq Bosh prokuror esa tibbiyot anjomlari xarid qilish masalasida qonun buzilishiga yo'l qo'yilishi mumkinligi to'g'risida ogohlantirayotgan sog'liqni saqlash boshqarmasi rahbarini qo'llab-quvvatlash o'rniga, muammoni o'zaro hal qilishni viloyat hokimiga havola etgan ekan.
Ro'y bergan voqealar rahbarlarning madaniyati darajasida ham qusurlar borligini namoyon qildi. Ularning yoshi kattalarni ham mansabi quyiligi uchungina sansirashi, inson sha'nini yerga uradigan haqoratli so'zlarni keng doirada tap tortmasdan tilga olishi, ochiqdan-ochiq haqoratlashini oqlab bo'lmaydi. Zero, buning uchun Jinoyat kodeksida tegishli moddalar belgilab qo'yilgan.
Aslida, bunday bedodlik uchun haqoratlangan kishining o'z sha'nini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qilishga jur'at eta olmaganining sababi bor. Ochig'i, hozircha fuqarolarimizning hokim bilan sudlashib, o'z huquqini himoya qilishga ishonchi komil emas.
To'g'ri, eng rivojlangan davlatlarda bo'lganimizda ham xodimlarning o'z rahbarlaridan hayiqishiga guvoh bo'lganmiz. Jumladan, AQShga borganimizda bizni xonadonlarida yashashga taklif qilgan ko'ngillilarning oila a'zolari ba'zan ishga kechikib qolishlaridan nihoyatda tashvishlanib, bu “jiddiy muammolar tug'dirishi”ni ochiq tan olishgan. Chunki, ularda ham intizomsizlik, mas'uliyatsizlik shafqatsiz jazolanadi.
Biroq sizni hammaning oldida aslo haqoratlashmaydi, hatto “ishdan bo'shataman” deb po'pisa ham qilishmaydi. Juda oddiygina ish tutishadi: qo'lingizga konvert tutqazishadi. Unda “bundan buyon xizmatingizga muhtoj emasmiz” degan bildirgi va hisob-kitob qilingan ish haqingiz bo'ladi.
Endi boshka korxona yoki tashkilotga ishga joylashmoqchi bo'lsangiz, avvalgi ishlagan joyingizdan tavsiyanoma olib kelishingiz kerak. U yerdagilar biznikilarnikiga o'xshab “o'zing yozib kel, qo'l qo'yib beraman” demaydi. Aksincha, qanday xizmat qilgan bo'lsangiz, shundayligicha ta'rifl berilgan tavsiyanoma tayyorlashadi. Nohaq ishdan bo'shatilgan xodimlar haq-huquqining qudratli himoyachilari – kasaba uyushmalar borligi ish beruvchilar bilan yollanma xodimlar manfaatlarini mutanosiblashtirib turadi, albatta.
Yoki tadbirkorning ne mashaqqat bilan qurayotgan binosiga, aholining yashab turgan imoratlariga bul`dozer va ekskavator solish-chi? Rahbarlarimiz, ayniqsa, hokimlarimiz orasida bugungi kunda oliy ma'lumotga ega bo'lmaganlar topilmasa kerak.
Konstitutsiyamizda “Har kim o'z sha'ni va obro'siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega” deb muhrlanib qo'yilgan 27-moddaga ularning biror marta ko'zi tushmaganmi? Aslida bu masalani hal qilishning qonuniy yo'llari bor.
Mintaqalarda birinchi rahbarlarning mutlaq hukmronliklarini muayyan darajada chegaralash maqsadida hokimlarning ham ijro etuvchi, ham qonun chiqaruvchi organlarga rahbarligini bekor qilish masalasini katta ijobiy qadam sifatida baholash lozim. Ushbu tartib joriy etiladigan bo'lsa, hokimlarning qaysi siyosiy partiyaga mansubligi ham ahamiyat kasb etgan bo'lardi.
Aytmoqchimizki, bunda partiya o'z vakilini ana shu lavozimga saylanishiga erishish orqali dasturlarida belgilab qo'yilgan maqsadlarini amalga oshirish va aholi o'rtasida o'z mavqeini mustahkamlashga muvaffaq bo'ladi. Aksincha, xatolarga yo'l qo'ygan rahbar faqat mansabidan chetlashtirilibgina qolmasdan, o'z partiyasining obro'siga ham dog' tushirgani uchun ham javob beradi.
Mamlakatimiz parlamentiga saylovlar yaqinlashib kelayotganligi uchun ushbu masalaning dolzarbligi yanada ortishi aniq. Bu galgi saylovlar yangi qabul qilingan qonun hujjatlari asosida, fikrimizcha, qizg'in siyosiy kurash ostida o'tishi kutilmoqda.
Keyingi bir necha yil ichida mamlakatimizda, jamiyatimiz hayotida ham keng ko'lamli, ham chuqur o'zgarishlar davom etmoqda. Ko'p yillar davomida odat bo'lib qolgan ma'muriy boshqaruv usullarining yangi islohotlarni amalga oshirish davrida ko'zlangan samaraga erishishda ojizligi yaqqol sezildi.
Yakka hokimlikka o'rganib qolgan ba'zi rahbarlarning bugungi hayotimizdagi shiddatli o'zgarishlarni anglashi va ularga mutanosib ravishda ish olib borishi mashaqqatli kechayotganidan ham ko'z yumolmaymiz. Ammo endi eskicha fikrlab ham, eskicha ishlab ham bo'lmaydi.
Erkin ERNAZAROV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali Bosh muharririning o'rinbosari
- Qo'shildi: 18.08.2019
- Ko'rishlar: 7362
- Chop etish