20 may kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining 2018 yil 4 maydagi Qo'shma qarori bilan tasdiqlangan din va e'tiqod
erkinligini ta'minlash, sohadagi taklif va tavsiyalarni amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” ijrosi yuzasidan parlament eshituvi o'tkazildi, deb xabar berdi parliament.gov.uz sayti.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida videokonferentsiya tarzida bo'lib o'tgan parlament eshituvida deputatlar, senatorlar, vazirliklar va idoralar rahbarlari, ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, fuqarolik institutlari, O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan diplomatik vakolatxonalar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Yanada e'tiborlisi shundaki, onlayn-muhokamalarda BMT Inson huquqlari kengashining Din va e'tiqod erkinligi masalasi bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Ahmad Shahid, BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi va mazkur Boshqarmaning Markaziy Osiyo bo'yicha vakolatxonasi, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi, AQSH Davlat departamenti va ushbu Departamentning Xalqaro diniy erkinliklar bo'yicha komissiyasi, “Global ishtirok instituti” xalqaro nodavlat tashkiloti hamda Brigam Yang universiteti vakillari qatnashdilar.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari – Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov dastlab BMT Inson huquqlari kengashining Din va e'tiqod erkinligi masalasi bo'yicha maxsus ma'ruzachisi A.Shahid 15 yil davomida O'zbekistonga 2017 yilning oktyabr oyida ilk bor tashrif buyurganiga e'tibor qaratdi. Mazkur tashrif yakunlarida bildirilgan 12 ta tavsiya e'tiborga olingan holda, mamlakat parlamenti tomonidan e'tiqod erkinligini ta'minlash bo'yicha “Yo'l xaritasi” tasdiqlandi.
Bugungi kunda koronavirus pandemiyasi dunyoning ko'plab mamlakatlarida diniy murosasizliklarga turtki berdi. Oqibatda nafrat uyg'otuvchi hislarni avj oldirish, virus tarqalishida boshqa din va e'tiqod vakillarini ayblash kabi holatlar o'tkir tus olgani kuzatildi.
Keyingi davrda O'zbekistonda e'tiqod erkinligi borasida yuz berayotgan tub o'zgarishlar Prezident Shavkat Mirziyoev siyosiy-huquqiy islohotlarining tarkibiy qismi sanaladi. Bu islohotlar O'zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni ta'minlashga bo'yicha ustuvor vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Bu haqda so'z borganda, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2018 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasining “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” deb nomlangan Rezolyutsiyasi qabul qilingani tarixiy voqea bo'lganini alohida ta'kidlash lozim.
Parlament eshituvi davomida O'zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o'rinbosari A.Toshqulov, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi o'rinbosari D.Eshnaev va Xalqaro islom akademiyasi prorektori I.Usmonovning axborotlari eshitildi.
Adliya vaziri o'rinbosari A.Toshqulov diniy tashkilotlarni huquqiy tartibga solishda katta o'zgarishlar ro'y bergani to'g'risida to'xtaldi. Xususan, hozirgi kunda ro'yxatdan o'tkazganlik uchun davlat boji besh baravargacha kamaygan bo'lsa, taqdim etiladigan hujjatlar soni ham sezilarli darajada qisqartirilgan.
Diniy tashkilotlarning ro'yxatdan o'tkazuvchi organga har chorakda hisobot berishi bekor qilinib, bir yilda bir marotaba elektron tarzda qisqartirilgan hajmda ma'lumot taqdim etish yo'lga qo'yilgan. Adliya organlarining diniy tashkilotni tugatish to'g'risida qaror qabul qilish vakolati, diniy tashkilot qonun yoki ustav talablariga rioya etmaganligi uchun unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida jarima qo'llash tartibiga barham berilgan.
Shuningdek, yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi qonun loyihasiga kiritilayotgan qo'shimchalar va o'zgartirishlar haqida batafsil ma'lumot berildi. Qonun loyihasini tayyorlash jarayonida davlat va din o'rtasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishda milliy, xorijiy va xalqaro tajriba e'tiborga olinganligi ta'kidlandi.
Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi o'rinbosari D.Eshnaev “Yo'l xaritasi”ga muvofiq amalga oshirilgan ishlar natijalari bo'yicha ma'lumot berdi. Bugungi kunda O'zbekistonda 16 ta konfessiyaga mansub 2 ming 277 ta diniy tashkilot mavjud.
Shundan 2 ming 94 tasini islomiy diniy tashkilotlar, jumladan, 2 ming 67 tasini masjidlar tashkil etadi. Shu bilan birga, 166 ta xristian diniy tashkiloti, 8 ta yahudiy va 6 ta bahoiy jamoalari, bittadan krishnachilar jamiyati va buddaviylar ibodatxonasi hamda konfessiyalararo O'zbekiston Bibliya jamiyati faoliyat yuritmoqda.
Din ishlari bo'yicha qo'mita huzuridagi Konfessiyalar ishlari kengashi o'z yig'ilishlarini yiliga ikki marta o'tkazib kelmoqda. Diniy ta'limda ham tub o'zgarishlar yuz berdi, ilmiy-tadqiqot faoliyati izchillik bilan olib borilmoqda.
“Yo'l xaritasi”da belgilangan xalqaro uchrashuv va tadbirlar muntazam ravishda tashkil qilinmoqda. Misol tariqasida 2019 yil noyabr` oyida Toshkent va Samarqandda AQShning Global jalb qilish instituti hamkorligida "Din va qonun ustuvorligi” mavzusida o'tkazilgan O'zbekiston — Amerika ilmiy-amaliy seminarini keltirish o'rinlidir.
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori professor I.Usmonov bugungi kunda mamlakatda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, “Mir
Arab” oliy madrasasi, 9 ta madrasa, jumladan, 2 ta ixtisoslashtirilgan xotin-qizlar bilim yurti, Toshkent pravoslav diniy seminariyasi, Toshkent protestant seminariyasi kabi o'quv muassasalari faoliyat yurityotganini xususida to'xtaldi.
Bundan tashqari, keyingi yillarda O'zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy hamda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilgan. Viloyatlarda kalom, hadis, fikh, aqida va tasavvuf ilmi maktablari ochilgan. Shuningdek, O'zbekiston to'liq Injil xristianlari markazi, O'zbekiston Injil xristian-baptistlar cherkovlari ittifoqi faoliyat yuritmoqda.
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Dinshunoslik”, “Fikh”, “Qur'on”, “Hadis” kabi yangi diniy mutaxassisliklar bo'yicha o'quv rejasi joriy etildi. Akademiyada diniy ta'lim sohasida malakali kadrlar tayyorlash maqsadida “Qur'onshunoslik va hadisshunoslik”, “Islom tarixi va manbashunoslik”, “Aqida” kabi kafedralar ochildi. Ushbu diniy mutaxassisliklar bo'yicha 100 nafar talaba o'qishga qabul qilingan.
Parlament eshituvida BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Din va e'tiqod erkinligi masalasi bo'yicha maxsus ma'ruzachisi A.Shahid nutq so'zladi. U O'zbekistonda e'tiqod erkinligini ta'minlash sohasida sezilarli o'sishga erishilganini e'tirof etdi.
Parlament eshituvining boshqa ishtirokchilari ham O'zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida muhim islohotlar ro'y berayotganini ta'kidladilar. Diniy konfessiyalar vakillari ta'kidlaganlaridek, qonunchilik va amaliyotdagi o'zgarishlar davlat diniy sohadagi siyosatni amalga oshirish yo'lida real va jiddiy qarorlar qabul qilganining yaqqol tasdig'idir.
Shu bilan birga, mamlakatimizda COVID-19 pandemiyasi sharoitida infektsiya tarqalib ketishining oldini olishda turli diniy tashkilotlar vakillari ham katta hissa qo'shayotgani alohida qayd etildi. Turli konfessiyalar yetakchi namoyandalarining koronavirus infektsiyasi yuqishining oldini olish bo'yicha aholi orasida olib borayotgan faol targ'iboti va keng ma'rifiy faoliyati yurtimizdagi sanitariya-epidemiologik vaziyatga ijobiy ta'sir ko'rsatdi.
Parlament eshituvi yakunida bildirilgan taklif va tavsiyalarni inobatga olgan holda, “Yo'l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni samarali bajarishga doir qaror qabul qilindi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.05.2020
- Ko'rishlar: 4674
- Chop etish