Voyaga yetmagan va 60 yoshdan oshgan shaxslar pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortilmaydi

Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bo‘yicha ma’ruza qilgan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov  Konstitutsiyaning 32-moddasida qonuniy asoslarda O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan har kim mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqiga egaligi belgilab qo‘yilganini ta’kidladi.  

Qayd etish joizki, hozirda globallashuv va integratsiyalashuv jarayonlari natijasida migratsiya oqimining kuchayishi xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bilan bir qatorda, shaxsning erkin harakatlanishi hamda yashash uchun turar joy tanlashiga doir huquqlarini samarali kafolatlash mexanizmlarini joriy etishni taqozo etmoqda.  

Amaldagi “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qonun bilan o‘rnatilgan ayrim cheklovlar fuqarolarning respublikamiz hududida erkin harakatlanishi, yashash joyi va kelgan joyni tanlash bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlaridan to‘laqonli foydalana olmasliklariga sabab bo‘layotir.  

Bundan tashqari, doimiy yashash yoki vaqtinchalik turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi respublika bo‘yicha bir xil emasligi fuqarolarni Toshkent shahri va viloyatida doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazishda byurokratik to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda. Jumladan, 2024 yil 11 oyi davomida Toshkent shahrida 243 ming 197 nafar va Toshkent viloyatida 271 ming 541 nafar fuqaro doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan.  

Fuqarolar doimiy ro‘yxatdan o‘tishlari uchun amaldagi qonun bilan tasdiqlangan ro‘yxatda keltirilgan toifalarga mansubligini tasdiqlovchi qo‘shimcha hujjatlarni, ya’ni tug‘ilganlik, nikoh, vasiylik to‘g‘risidagi guvohnoma va boshqa hujjatlarni taqdim etib kelmoqda.  

Fuqarolarning doimiy yashash va vaqtincha ro‘yxatga olingani haqidagi ma’lumotlardan aholi soni statistikasi va hududlar infratuzilmasini shakllantirishda, fuqarolarni ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarida hamda ijtimoiy himoya sohasida qo‘llab-quvvatlashda, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish va unga qarshi kurashishda keng foydalaniladi.  

Senatorlar tomonidan qizg‘in muhokama qilingan qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishlari va turar joyi bo‘yicha xabardor qilishlari, ularni yashash va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish sohasidagi asosiy prinsiplar hamda tushunchalar belgilanmoqda.  

Shuningdek, IIVning yashash joyi va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda.  

Fuqarolarga hamda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish uchun o‘zlariga qulay bo‘lgan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, davlat xizmatlari markazlari orqali shaxsan hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn tarzda murojaat qilish imkoniyati yaratilmoqda.  

“Ye-xabar berish” tizimi joriy etilib, turar joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishga murojaat qilgan O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ularning hisobini yuritish mazkur tizim orqali amalga oshirilishi belgilanmoqda.  

Fuqarolarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yilmasdan istiqomat qilish muddati 15 kundan 10 ish kunigacha qisqartirilib, fuqarolar va turar joy egalarining o‘z vaqtida yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish borasidagi mas’uliyati oshirilmoqda.  

Pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jarimalar huquqbuzarliklarning ijtimoiy xavflilik darajasidan kelib chiqqan holda maqbullashtirilib, ularning aniq miqdori belgilanmoqda.  

Bundan tashqari, qonun bilan 18 yoshga to‘lmagan va 60 yoshdan oshgan shaxslar pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortilmasligi to‘g‘risidagi yangi qoida kiritilmoqda.  

Senatorlar ma’qullagan qonun bilan aholining erkin harakatlanishiga oid konstitutsiyaviy huquqi ta’minlanadi. Qonun huquqni qo‘llash amaliyotida ortiqcha byurokratiyaning hamda korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.  

Norgul Abduraimova,  

Nosir Haydarov (surat),  

O‘zA

Powered by GSpeech