“Yopiq muassasalar va ozodlikdan mahrum etish joylari monitoringi”: trening mashg'ulotlarining uchinchi kuni

Yopiq muassasalar va ozodlikdan mahrum etish joylarini monitoring qilish borasida xorijiy davlatlarda qanday tajriba to'plangan? Buyuk Britaniya Jazoni ijro etish muassasalari boshqarmasi vakili Janet Xol o'z mamlakatining amaliyoti misolida ushbu savolga javob bo'ladigan muhim ma'lumotlarni trening mashg'ulotlari ishtirokchilariga taqdim etdi.

Buyuk Britaniyada qamoqxonalarni monitoring qilish tarixi 1800 yilga borib taqaladi, dedi Janet Xol. O'shanda bu faoliyat bilan ilk bor Jon Xovard shug'ullangan. Keyinchalik, 1835 yili ushbu sohani tartibga soladigan qonunchilik ishlab chiqilgan. 1952 yili qamoqxonalar to'g'risidagi qonun qabul qilingan bo'lsa, 2003 yilga kelib Qiynoqlarga qarshi konventsiyaning Fakul`tativ protkoli ratifikatsiya etilgan.

Bundan tashqari Buyuk Britaniyada 1982 yili qamoqxonalarni monitoring qiladigan mustaqil inspektsiya tuzilgan. 2009 yili Milliy preventiv mexanizm (MPM) tayinlangan. Bugungi kunda mamlakatda 21 ta MPM mavjud. Ularning faoliyati Buyuk Britaniya Jazoni ijro etish muassasalari boshqarmasi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.

Boshqarmaning yillik byudjeti 4,5 million funt-sterlingni tashkil etadi va bu mablag'ning 83 foizi bevosita xodimlar uchun sarflanadi.

Britaniyadagi MPMlarning har biri o'z mandatiga ega bo'lib, ular yiliga 3-4 marta yig'iladi. MPMlar parlamentga har yili hisobot beradi. Ularning vakolatiga, jumladan, qamoqxonalarni monitoring qilish uchun deyarli hamisha kutilmaganda kirib borish, ob'ektlar bilan tanishishda hech qanday taqiq qo'yilmasligi, cheklovlarsiz axborot to'plash imkoniyati va hisobotlarni chop etish huquqi kiradi. 

Buyuk Britaniya Jazoni ijro etish muassasalari boshqarmasi vakilining qayd etishicha, 2018-2019 yillarda ushbu mamlakatdagi MPMlar tomonidan qamoqxonalar monitoringi yakunlari bo'yicha 1 ming 599 ta tavsiya tayyorlangan. Shuningdek, 14 ta yozma va 8 ta og'zaki hisobot tegishli tartibda taqdim  etilgan.

Trening mashg'ulotlarining uchinchi kuni yopiq muassasalarda kuch ishlatish, turli qurol va maxsus vositalarni qo'llashga doir xalqaro standartlar atroflicha ko'rib chiqildi. Ekseter universiteti professori Abi Daymond bunday tiyib turish vositalarini amaldagi standartlar asosida qo'llash zarurligini ta'kidladi. 

Masalan, ko'zdan yosh oqizuvchi gazni qamoq kamerasida ishlatish mumkin emas. Kameradagi mahbusni kishlanlash ham noto'g'ri. Qamoqxona xodimlari "dubinka", ya'ni to'qmoqni ko'z-ko'z qilmasdan taqib yurishi lozim. O'q otar quroldan esa xodimlar faqat o'zini himoya qilish yoki boshqalarning hayotini saqlab qolish yo og'ir jarohat olishiga yo'l qo'ymaslik maqsadidagina foydalanishi mumkin.

Bu qaltis mavzu MPM doirasidagi monitoring guruhi a'zolari uchun qanchalik muhim? Xalqaro ekspertning fikricha, yopiq muassasalarda ishlatiladigan qurol va maxsus vositalarni ko'zdan kechirish orqali ham o'sha muassasada qonun talablariga nechog'lik rioya qilinayotgani xususida zarur tushunchaga ega bo'lish mumkin.

Misol uchun, tiyib turish uchun mo'ljallangan maxsus vostalarning qachon va qaerda ishlab chiqarilganiga doir ma'lumotlar bilan tanishish, avvalambor, bu maxsus vositalarning ushbu muassasada qo'llanilishiga rasman ruxsat etilgani borasida aniq ma'lumot olish imkonini beradi. Shu bilan birga, muddati o'tgan yo nobop saqlangan tiyib turish vositalari mavjudligini aniqlash mumkin bo'ladi. Zero, rezina o'q muddati o'tganidan so'ng qattiqlashishi, kimyoviy vosita esa eskirishi oqibatida insonga me'yordan ortiq azob berishi mumkin.

Ma'lumki, tartib-qoidalarga binoan, tiyib turish vositalari muayyan hodisalar munosabati bilan qo'llaniladi va bu holatlarning har biri alohida qayd etib boriladi. Qayd etish daftarlari bilan tanishilganda esa, mahbuslarning shikoyatlari bilan qurol va maxsus vositalar qo'llanilgan holatlar o'rtasidagi bog'liqlikni tahlil qilish imkoni tug'iladi.

Mashg'ulot davomida xalqaro ekspertlar mahbuslarning o'z joniga qasd qilishi muammosiga ham atroflicha to'xtaldilar.

BMT Qiynoqlarning oldini olish bo'yicha kichik qo'mitasi raisi o'rinbosari Viktor Zaxariya qamoqxonalarga monitoring uchun borilganda bo'ladigan yoki shunday tashrifdan keyin kelib tushadigan shikoyatlar bilan ishlash masalasi bo'yicha mavjud pirintsiplar, yondashuvlar va mexanizmlar haqida so'z yuritdi. Bu boradagi xalqaro standartlar va ilg'or amaliyot bilan tinglovchilarni tanishtirdi.

Inson huquqlari bo'yicha 
O'zbekiston Respublikasi 
Milliy markazining 
matbuot xizmati

Powered by GSpeech