Joriy yilning 9 may sanasida fashizm ustidan qozonilgan g'alabaga 75 yil to'ladi. O'zbekistonda 9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi.
O'zbekiston xalqi butun taraqqiyparvar insoniyat qatori Ikkinchi jahon urushida erishilgan g'alabani ta'minlashga ulkan hissa qo'shdi. Yuz minglab navqiron vatandoshlarimiz jang maydonlarida qon to'kib, jon berdilar. Ularning jasoratidan kam bo'lmagan jon fidolik namunalari sifatida front ortida ham ayollar, keksalar, yosh bolalar chinakam qahramonlik ko'rsatdilar.
Ikkinchi jahon urushi boshlangan davrda O'zbekiston aholisi 6,5 million kishi edi. Shulardan 1,5 milliondan ortig'i urushda qatnashdi. Frontda O'zbekiston aholisining 22 foizi jang qildi.
O'sha olovli yillarda O'zbekistonda yetti yoshdan yetmish yoshgacha butun xalqimiz “Hamma narsa – front uchun, hamma narsa – g'alaba uchun!” deya ishladi, yashadi, orom va halovatdan voz kechib, tinimsiz og'ir mehnat qildi. O'zbekiston front uchun zarur barcha narsalarni yetkazib beradigan muhim tayanch markazlardan biriga aylandi. Ishlab chiqarish korxonalari harbiy maqsadlarda qayta tashkil etildi.
Yurtdoshlarimiz butun kuch va imkoniyatlarini O'zbekistonga ko'chirilgan 100 dan ortiq zavod va fabrikalarning faoliyatini g'oyat qisqa muddatda qayta yo'lga qo'yishga safarbar qildilar. Urush yillarida respublikamizdan jang maydonlariga 2 mingdan ziyod samolyot, ko'plab tank va qurol-yarog'lar, yuzlab harbiy-sanitar poezdlari, dala oshxonalari, palatkalar, ulkan miqdorda oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazib berildi.
Urush o'chog'iga aylangan hududlardan O'zbekistonga qariyb 1 million kishi, jumladan, 200 mingdan ortiq yosh bolalar evokuatsiya qilindi. O'sha qonli yillarda xalqimiz so'nggi burda nonini ham ular bilan baham ko'rdi. O'sha mashaqqatli davrda xalqimizga azaldan xos bo'lgan insonparvarlik, mehribonlik va qalb saxovati kabi fazilatlar ayniqsa yorqin namoyon bo'ldi.
O'zbekistonlik 120 mingdan ziyod askar va ofitser jang maydonlarida ko'rsatgan jasorati uchun jangovar orden va medallar bilan mukofotlandi. Ularning 301 nafari “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoniga, 74 nafari uchala darajadagi “Slava” (shuhrat) ordeniga sazovor bo'lgan.
Urushda halok bo'lgan har bir o'zbekistonlik – Vatanimiz farzandi edi. Ularni yoddan chiqarishga hech birimizning haqqimiz yo'q.
Ikkinchi jahon urushi boshlanganda bobom Ahmadjon Rahimov Xorazmdagi o'qituvchilar tayyorlash institutida tahsil olayotgan ekan. Urganch shahrining “Ko'hna qal'a” mahallasidagi birinchi ziyoli, hammaga o'rnak inson bo'lganlar.
Otalari Rahimboy aka urushdan yarador bo'lib kaytib kelgach, bobom ko'ngillilardan bo'lib, urushga ketganlar. Onalari Shukurjon momo paxtadan “guppi” tikib berganlar. Butun mahalla bobomni va boshqa yigitlarni kuzatib qolgan. O'sha paytda bobom “Biz albatta g'alaba bilan qaytamiz” degan qat'iy ishonch bilan frontga otlangan.
Bobom jismoniy jihatdan baquvat bo'lgani uchun harbiy desant qo'shinlari safiga qabul qilingan. U kishi mash'um urushda vatanini nemis fashistlardan himoya qilgan mohir
razvedkachi sifatida 28 marta dushman ortiga parashyutdan sakrab, qo'shinlarimizga bexatar yo'llarni topib berish bilan shug'ullangan.
Bobom bir necha marta yaralangan (dushman o'qlari jismida umrining oxirigacha qolib ketgan). Shunga qaramay, janggohlarda dushmanga qarshi mardonavor kurashib, vayron bo'lgan shahar va qishloqlarni ozod qilishda qatnashgan. Kechayu kunduz o'z postida sergak turib, topshiriqlarni tezkorlik bilan bajargan.
1944 yili yurtimizda yosh avlodni tarbiyalash uchun o'qituvchilar yetishmasligi sababli frontdan qaytarilib, Koromon qishlog'ida o'qituvchilik qilgan. Bir necha tuman maorif bo'limlarida ishlab, ta'lim sohasini rivojlantirishga hissa qo'shganlar. Mehnatlari hukumat tomonidan munosib taqdirlangan. Bobomiz “Xalq maorifi a'lochisi”, “Urush va mehnat faxriysi” unvonlariga sazovor bo'lgan. U kishining ko'ksini bir kator orden va medallar bezab turardi.
Bobom fidoyi, ziyoli inson - momom Poshshajon Rahimboeva bilan turmush qurganlar. Momom ham front ortida astoydil mehnat qilib, G'alabaga o'z hissalarini qo'shgan. “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan o'qituvchi”, “Xalq maorifi a'lochisi” unvonlari, shuningdek “Hurmat belgisi” kabi bir necha orden va medallar sohibi bo'lgan.
Bobom va momom uch nafar farzandni tarbiyalab, oliy ma'lumotli, ziyoli insonlar qilib voyaga yetkazgan. Katta o'g'illari temir yo'l muhandisi kasbini egallab, “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan transport xodimi” unvoniga erishgan. Ikkinchi o'g'illari avtomobil muhandisi, qizlari shifokor bo'lib, xalq xizmatida mehnat qilishgan.
Bobom uzoq yillar ishlagan Urganch shahridagi 5–son maktab jamoasi va “Ma'rifat” mahallasi ahli xamisha u kishini xotirlab, munosib darajada e'zozlab kelmoqda.
Bobomning mardligi, jasorati fidoiyligi biz uchun hamisha namuna maktabi bo'lib kelgan. Bugungi farovon hayotimizni ta'minlashda jasorat ko'rsatgan bobom xotirasi oldida ta'zim qilaman.
Xotira – odamlarning vafotidan keyin ham bu dunyoda yashashi uchun imkon beradigan birdan-bir makon. Xalqning xotirasiz yashashi aslo mumkin emas.
Shuning uchun Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75 yilligiga bag'ishlab Toshkent shahrida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida G'alaba bog'i barpo etilmoqda. Mazkur bog' bobom kabi Vatanga sadoqatli, o'z hayotini tinchlik va ozodlik uchun fido qilgan insonlarning o'lmas jasorati va yorqin xotirasi oldidagi yuksak hurmat-ehtiromning amaliy namunasi bo'lib qoladi.
Oybek Ahmadov,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bo'lim boshlig'i
- Qo'shildi: 09.05.2020
- Ko'rishlar: 6958
- Chop etish