Akmal Saidov O'zbekiston delegatsiyasi tarkibida AQShga tashrif buyurdi

O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasining AQShga amaliy tashrifi boshlandi. Tashrif 22 noyabrgacha davom etadi.

Delegatsiya tarkibida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ham bor.

Mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasidan ma'lum qilishlaricha, O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari AQSH Davlat departamentida bo'lib o'tadigan siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundida ishtirok etadi. Mazkur tadbir doirasida ikki mamlakat o'rtasidagi siyosat va xavfsizlik, savdo va investitsiyalar, madaniy-gumanitar sohalardagi o'zaro aloqalar, strategik sheriklikning hozirgi holati va istiqbollari to'g'risida fikr almashish rejalashtirilgan.

Shuningdek, O'zbekiston delegatsiyasining tashrifi dasturidan AQSH Milliy xavfsizlik kengashi, Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi, Savdo vazirligi va Savdo vakili idorasi, Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi, Eksimbank hamda mamlakat kompaniyalari va ekspert doiralari vakillari bilan uchrashuvlar o'rin olgan.

Delegatsiya a'zolari — O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o'rinbosari Sodiq Safoev va Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidovning AQSH senatorlari va kongressmenlari bilan uchrashuvlari ham rejalashtirilgan.

Shuningdek, delegatsiya a'zolari AQShning yetakchi tahlil markazlari — Tinchlik instituti (USIP) va Atlantika kengashida bo'lib o'tadigan brifinglar va «davra suhbatlari»da ishtirok etishi nazarda tutilgan.

Ushbu tadbirlar doirasida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va o'zgarishlarning natijalari, tashqi siyosat va iqtisodiyotning ustuvor yo'nalishlari, mamlakatimizning Afg'onistonda tinchlik jarayoni va ushbu davlatning iqtisodiy tiklanishini qo'llab-quvvatlashdagi roli haqida so'z yuritilishi kutiladi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech