Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

AQSH Suriyani 50 yildan so‘ng terrorizm ro‘yxatidan chiqardi (+video)

Qariyb 50 yildan so‘ng AQSH Suriyani terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqardi. Bu qaror mintaqa geosiyosatida yangi davrni boshlab berishi mumkinmi?

AQSH Davlat departamenti Suriyani qariyb 50 yildan keyin terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqardi. Shuningdek, Suriyada Bashar Asad rejimi ag‘darilgach, hokimiyatga kelgan hukumatga qarshi AQSH sanksiyalari ham bekor qilindi.

AQSH Moliya vaziri Skott Bessent bu qarorni izohlar ekan, shunday dedi:
«Moliya vazirligi Prezident Trampning Suriya xalqiga rivojlanish uchun imkoniyat berish haqidagi va’dasini amalga oshirmoqda. Bugun qabul qilingan choralar Suriyaga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilishga va mamlakatdagi siyosiy hamda iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga yordam beradi».

Vashington 2024-yil oxirida 50 yildan ortiq hukmronlik qilgan Asadlar sulolasi ag‘darilganidan keyin Suriyaga nisbatan sanksiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilmoqda. Hokimiyatni qo‘lga olgan Hay’at Tahrirash-Shom va uning rahbari, muvaqqat prezident Ahmad ash-Shara’ ko‘plab G‘arb davlatlari, jumladan Germaniya va Donald Tramp ma’muriyati bilan munosabatlarni yaxshilashga erishdi. 2025-yil iyun oyida AQSH prezidenti Donald Tramp Suriyaga qarshi avval joriy qilingan sanksiyalarning aksariyatini bekor qilgan edi.

Suriyaning muvaqqat hukumatidagi tashqi ishlar vaziri Asadash-Shayboniy mamlakatning AQSH ro‘yxatidan chiqarilishini «muhim tarixiy bosqich» deb atadi. Uning aytishicha, Damashq xalqaro izolyatsiya oqibatlarini bartaraf etish va shaffoflik, o‘zaro manfaat hamda hurmatga asoslangan muhit yaratish ustida ishlashda davom etadi.

Suriyaning yangi hukumati G‘arb davlatlari bilan munosabatlarni yaxshilashga harakat qilmoqda. Ammo qo‘shni Isroil bilan munosabatlar hali ham keskin.

Isroil hukumati va Suriyaning yangi rahbariyati o‘rtasida bir nechta jiddiy kelishmovchilik mavjud. Jumladan, Isroil Suriyada Turkiyaning harbiy ishtiroki kuchayishiga qarshi. Turkiya esa Suriyani qo‘llab-quvvatlaydi va Isroilning Falastin hududlariga nisbatan siyosatini keskin tanqid qilib keladi.



Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA

Nashr sanasi 26.08.2026 Ko'rishlar 134
Ulashish