Asosiy qonun inson huquq va manfaatlarini samarali ta’minlashga qaratilgani bilan mukammallik kasb etdi
8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 21 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi asosida “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” g‘oyasi asosida yurtimizda Bosh qomusimizning 33 yilligi nishonlanmoqda.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti Shirin Hamdamova Bosh qomusimizda aks etgan inson huquqlari himoyasi haqida gapirib berdi:
– Yangilangan Konstitutsiyada O‘zbekiston – huquqiy davlat, deb belgilandi. Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi, deya e’lon qilinar ekan, unda inson huquqlariga oid normalar 3 baravardan ortiqqa ko‘paytirildi. Umuman, Asosiy qonun inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlashga qaratilgani bilan yanada mukammallik kasb etdi.
Bosh qomusimizning 54-moddasiga ko‘ra, insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadidir. Davlat inson hamda fuqaroning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi.
55-moddaga asosan har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli. Har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
Konstitutsiyaning 15-moddasiga muvofiq, mamlakatimizda Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Asosiy qonun mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.
O‘zbekistonda qabul qilinadigan har qanday normativ-huquqiy hujjat qonun, farmon, qaror yoki boshqa idoraviy hujjatlarning barchasi Konstitutsiyaga asoslanadi. Bu esa, huquqiy davlatning asosiy talabidir.
Inson huquq va erkinliklarining kafolatli himoyasini ta’minlash maqsadida umume’tirof etilgan “Xabeas korpus” va “Miranda qoidasi” institutlari konstitutsiyaviy darajada mustahkamlandi.
Inson huquqlarining sud himoyasi kafolatlarini ta’minlash maqsadida telefon so‘zlashuvlarini eshitish va tintuv o‘tkazishga sanksiya berish vakolati prokuraturadan sudga o‘tkazildi.
Asosiy qonunda aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi belgilandi.
Bu “Aybsizlik prezumpsiyasi” prinsipining amalda ro‘yobga chiqarilishining kafolati bo‘ldi. Har kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi Konstitutsiyada aniq belgilab qo‘yildi.
Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi kabi muhim normalar ham qomusdan o‘rin oldi.
Inson huquqlarini sud orqali himoya qilish tizimi izchil takomillashtirilib, tergov sudyalari instituti joriy etildi. Fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash uchun sud qarorlarini qayta ko‘rishning yangi tartibi, ya’ni taftish instansiyasi joriy etildi.
Bularning barchasi amalda inson huquqlarini himoya qilishga xizmat qilmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский