Ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, aholi uchun qulay muhit yaratish dolzarb masalalardan hisoblanadi. Chunki, global iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish darajasining ortib borayotgani shuni taqozo qilmoqda.
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib berdi:
– Aytib o‘tish kerakki, keyingi paytda ekologik masalalarga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarmoqda. Xalqimizda yangicha tafakkur, dunyoqarash shakllanib, ekologik madaniyati yuksalmoqda. Har bir insonda atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissi ortmoqda.
Ekologik barqarorlikning muhim omili sifatida hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, daraxtlarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish, ularni saqlab qolish borasida tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Prezidentimizning tegishli farmoni bilan o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga qarshi muddatsiz davrga moratoriy e’lon qilindi. Shu bilan birga, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 million ko‘chat ekish yo‘lga qo‘yildi.
Umuman, ekologiya va atrof - muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida mukammal tizim shakllandi. O‘tgan davr mobaynida ushbu sohada 30 dan ortiq qonun, 300 ga yaqin boshqa me’yoriy - huquqiy hujjat qabul qilindi.
Ijro hokimiyati tizimidagi faoliyatni Ekologiya, atrof -muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda uning hududlardagi tizimlari amalga oshirmoqda. Bundan tashqari, bu borada davlat nazoratini amalga oshiruvchi bir necha vazirlik, qo‘mita va tashkilot faoliyat yuritmoqda.
Yirik korxonalarda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat faoliyatining atrof - muhit va aholi salomatligiga ta’siri uchun mas’ul bo‘lgan ekologiya bo‘limlari va mutaxassislar xizmat qilmoqda.
Respublikadagi 10 mingga yaqin fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida ekologiya, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha komissiyalar tuzilgan. Mamlakatimiz hududlarida 100 dan ortiq ekologik nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ekologik xavfsizlikni ta’minlashning o‘sib borayotgan talablariga javob beradigan, atrof - muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanishni boshqarish tizimi qayta tashkil etildi. Oliy ta’lim muassasalari, vazirlik va idoralarning o‘quv markazlarida ekolog kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish tizimi takomillashtirildi.
Atrof - muhitni muhofaza qilishda jamoatchilik ishtiroki faollashdi. O‘zbekiston Ekologik partiyasi, parlament qo‘yi palatasida uning fraksiya va mahalliy vakillik organlarida deputatlik guruhlari, mahalliy kengashlarda doimiy komissiyalari faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston ekologik harakati samarali faoliyat olib bormoqda. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Jahon hamjamiyati tomonidan eng o‘tkir global ekologik muammolardan biri sifatida tan olingan Orol falokati oqibatlarini yumshatish bo‘yicha innovatsion yondashuvlar amalga oshirilmoqda.
Orol dengizining qurigan tubini o‘rmonlashtirish, Orolbo‘yi aholisi uchun qulay yashash sharoiti yaratishni qamrab olgan ishlarda minglab davlat organlari xodimlari samarali mehnat qilib kelmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda atrof - muhitni muhofaza qilish sohasida 15 mingdan ortiq xodim mehnat qiladi. Bu borada jamoatchilik ekologik nazoratini tashkil etishni 500 mingga yaqin fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari vakillari va yoshlardan iborat ko‘ngillilar amalga oshirmoqda. Umuman olganda, bu sohaga 300 mingga yaqin mutaxassis, olim va jamoatchilik vakillari jalb etilgan.
Aynan shunday kishilarning mehnatini rag‘batlantirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi. 2025 yil 19 martda kuchga kirgan mazkur qonun bilan “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritildi.
Qonun bilan ta’sis etilgan unvon mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini rivojlantirish, tabiatni asrab - avaylash, bioxilma - xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash borasida salmoqli natijalarga erishgan fuqarolarga beriladi.
Shuningdek, ekologik jihatdan toza va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish, yashil hududlarni kengaytirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbus ko‘rsatgan, shu bilan birga, aholining ekologik madaniyatini oshirish, yosh avlodni tabiatga hurmat ruhida tarbiyalash hamda tizimda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash borasida fidokorona mehnat qilayotgan xodimlar, soha vakillari, shuningdek, mazkur yo‘nalishda jamoatchilik nazoratini olib borayotgan ekofaollar ham bu unvon bilan taqdirlanishi mumkin.
Qonun ekologiya va atrof - muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarni rag‘batlantirishga huquqiy asos bo‘ldi. Bundan tashqari, qonun atrof - muhitni muhofaza qilish borasida turli soha vakillarining faolligini oshirishga, jamoatchilik ekologik nazoratini kuchaytirish va uning ta’sirchanligi ortishiga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 25.03.2025
- Ko'rishlar: 334
- Chop etish