AYOL BORKI, OLAM MUNAVVAR!

Yurtimizda  yasharish, yangilanish fasli bo'lgan bahor bayramlar bilan boshlanadi. Bahorning ilk bayrami 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kunidir.

Ushbu sana birinchi marotaba 1908 yili Amerika Qo'shma Shtatlarida bayram qilingan. Dastlab bayramning qaysi kuni nishonlanishi borasida ancha chalkashliklar bo'lgan. Shuning uchun u 1909 yildan 1913 yilga qadar fevral` oyining oxirgi yakshanbasida nishonlab kelingan. 1911 yildan Xalqaro xotin-qizlar kuni Germaniya, Avstriya, Daniya va Shveytsariyada - 19 martda,  keyinchalik esa 12 mayda nishonlana boshlangan. Nihoyat, 1914 yildan e'tiboran 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni sifatida belgilangan.

Bugungi kunda faol, o'z kasbining ustasi, ijodkor ayol va qizlarning jamiyatimizdagi o'rni tobora mustahkamlanib bormoqda. Ayollarning nozik didi, har ishga qunt bilan yondashuvi, tabiatan saranjom-sarishtaligi ularning barcha sohalarda samarali mehnat qilayotganlarining sababidir.

Mehribon ona, suyukli yor, jonkuyar farzand bo'lishi bilan bir qatorda, ayollarning yurtimiz farovonligi, xalqimiz ravnaqi yo'lidagi xizmatlari hamisha maqtovga va e'zozga sazovor. Latofat va nafosat sohibasi, ezgulik va fidoyilik ramzi, xonadonlarimizning fayzu farishtasi bo'lmish ayol zoti haqida tariximizda ulug' shoiru adiblar go'zal she'r va dostonlar bitgan bo'lsa, donishmand mutafakkir ajdodlarimiz qanchadan-qancha hikmatlarni bayon etganlar.

Ayol azal-azaldan mehr-shafqat va sadoqat timsoli bo'lib kelgan. Ayol deganda, ko'z o'ngimizda, avvalo, ulug' va tabarruk ona siymosi gavdalanadi. Inson zoti borki, olamdagi barcha yaxshilik va ezguliklarni, hayot siru asrorlari va saboqlarini onaning mehru saxovati tufayli o'rganadi.

Bu haqda fikr yuritganda,  “Jannat onalar oyog'i ostidadir”, degan Hadisi sharifni eslash kifoya. Ya'ni, biz - farzandlar onalarimizni boshga ko'tarishga, ularga hamisha shafqatli, xokisor bo'lishga, xizmatlarini qilishga buyurilganmiz.

Ulug' donishmandlar Vatanga eng munosib  ta'rif sifatida uni Ona siymosiga qiyos etganliklarida katta ma'no bor. Dunyoda “muqaddas” degan so'zga eng munosib zot ham – Onadir. Onani e'zozlash – bizning millatimiz, xalqimiz uchun oliy qadriyat darajasiga ko'tarilgan fazilat. Chunki ayollarni qancha ulug'lasak, hayotimizning charog'boni, umrimizning guli deb e'zozlasak, demakki, oilamizni, Vatanimizni e'zozlagan bo'lamiz.

Ayol borki, olam munavvar! Ayol borki, hayot go'zal va maftunkor! Inson, oila, ayol tushunchalarini bir-biridan ajralgan holda tasavvur etib bo'lmaydi. Oilani ham, jamiyatimizni ham birlashtirib, unga fayzu baraka kiritadigan, xonadonlarimizni mehr-muhabbat, nafosat, ezgulik nuri bilan munavvar qiladigan zotlar ham aslida mo''tabar onalarimiz, munis opa-singillarimizdir. 

Chindan ham, ayollarimizning oilada tutgan o'rni beqiyosdir. Oqila, go'zal ayollar o'zlarining g'amxo'rligi, mehribonligi, qalbidaryoligi bilan oiladagi, qolaversa, butun jamiyatdagi muvozanatni, poklik, halollik, samimiyat hamda adolat muhitini saqlab turadilar.

Mustaqil O'zbekistonimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzining oshishida ham, turmush tarzining osudaligi, baxtu saodati va totuvligi, bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlarida ham ayollarimizning aql-zakovati, o'tkir zehni mujassam.

Dunyoda davlat va jamiyatning nufuzi, demokratik tafakkuri, madaniy darajasini ko'rsatadigan mezonlar ko'p. Lekin har qaysi millat va xalqning ma'naviy kamolotini go'yoki oynadek aks ettiradigan shunday bir mezon borki, u ham bo'lsa, jamiyatning xotin-qizlarga bo'lgan munosabati, hurmati bilan belgilanadi. 

Shu nuqtai nazardan qaraganda, ayollarni ulug'lab, ardoqlab, ko'klarga ko'tarib yashaydigan xalq o'zining yuksak madaniyati va olijanob qadriyatlarini amalda namoyon qiladigan xalq sifatida jahonda obro'-e'tibor qozonadi.

Bu haqda so'z borganda, ayollarimiz xonadonlarimiz, mahallalarimiz, butun yurtimizda har doim o'zaro hurmat va hamjihatlik, mehr-oqibat muhitining, ta'bir joiz bo'lsa, hayot qo'rg'onining eng zabardast posboni bo'lib kelgan hamda bugun ham ana shunday fazilatlari bilan insonni - inson, oilani - oila qilib kelmoqda, desak, yanglishmaymiz.

Fursatdan foydalanib, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining barcha xotin-qizlarini, shu jumladan erkak xodimlarimizning onajonlari, turmush o'rtoqlari, opa-singillari va qizlarini, butun yurtimiz ayollarini ushbu sana bilan qutlaymiz!

Aziz opa-singillar, dilbar ayollar! Nafosat va go'zallik, lobarlik, zebolik Sizlarni hech kachon tark etmasin!

Oilangiz, farzandlaringiz va yaqinlaringiz, elu yurtimiz baxtiga hamisha sog'-omon bo'ling!

Bayramingiz muborak bo'lsin!

MUXLISA HASANOVA,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali tahririyati katta muharriri

Powered by GSpeech