13-oktabr – Xalqaro halokatlar xavfini kamaytirish kuni
1989-yilda BMT Bosh Assambleyasining 44-sessiyasida qabul qilingan rezolyutsiyaga binoan 1990-1999-yillar tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish o‘n yilligi deb e’lon qilingan. Shu davr mobaynida har yili oktabr oyining ikkinchi chorshanbasi Xalqaro tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish kuni deb e’lon qilingan.
Bu borada keng miqyosdagi chora-tadbirlarni davom ettirish maqsadida BMT Bosh Assambleyasining 2017-yil 17-yanvardagi rezolyutsiyasiga asosan har yilning 13-oktabr sanasi muntazam ravishda Xalqaro halokatlar xavfini kamaytirish kuni deb e’lon qilindi.
Darhaqiqat, tabiiy ofatlar inson hayoti, infratuzilma va tabiat uchun jiddiy tahdid hisoblanadi. Har yili toshqinlar, zilzilalar, bo‘ronlar, sel va qurg‘oqchilik kabi ofatlar minglab inson hayotiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli xavflarning oldini olish, bunga tayyorgarlik ko‘rish muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozirgi iqlim prognozlariga ko‘ra, 2030-yilga borib, dunyo har yili 560 ga yaqin tabiiy ofatlarga duch keladi, deyiladi BMT hisobotlrida. Iqlim o‘zgarishi va ofatlar ta’sirida qo‘shimcha 100,7 million kishi o‘ta qashshoqlik sharoitida yashaydi. Xavfni oldindan tahlil qilish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ofatdan oldin himoyalanish muhim.
Buning uchun tabiiy hududlarni himoya qilish va degradatsiyadan saqlash, ekologik toza hududlar tizimini qonuniy mustahkamlash, suv resurslari va tuproq salomatligini saqlashda barqaror infratuzilma va tabiiy muvozanatni tiklash dolzarb o‘rin tutadi. Shuningdek, fuqarolarda ekologik xabardorligini va xavflar tuyg‘usini shakllantirish, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik va zudlik bilan reaksiya tizimini kuchaytirish lozim bo‘ladi.
M.Komilova, O‘zA
