Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Yuridik soha: Texnologiyalar — tahdidmi yoki imkoniyat?

(Akademik Akmal Saidovning «Yuridik fan va yurist kasbi raqamli asrda» kitobini o‘qib ..)

 

Global raqamli transformatsiya sharoitida mehnat bozori va kasblarga bo‘lgan talab jiddiy o‘zgarishlarga uchramoqda. Avvalo, raqamlarga murojaat qilaylik. 2030-yilga borib faol rivojlanayotgan yangi texnologiyalar hisobiga taxminan 50 foiz ish o‘rinlari avtomatlashtirilishi mumkin. Hozirning o‘zidayoq qariyb 60 foiz holatlarda mehnat jarayonlarining kamayti deganda uchdan bir qismini avtomatlashtirish imkoniyati mavjud. Barcha sohalardagi «Ertaga nima bo‘ladi?» degan savollar ko‘plab olimlarni ilmiy tadqiqotlar olib borishga undamoqda. Yaqinda men  Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidovning «Yuridik fan va yurist kasbi raqamli asrda» deb nomlangan ocherklar to‘plamini o‘qib chiqdim. Yuridik fanni raqamli asr bilan qiyosiy holda faqatgina kam sonli olimlar tadqiq qilmoqdalar. Muallif kitobxon oldiga muhim savol qo‘yadi: raqamlashtirish yuridik fanga qanday ta’sir ko‘rsatadi va raqamli asrda yuristlarning o‘rni qanday bo‘ladi?

Bugungi kunda global raqamlashtirish jarayonlari jadal sur’atlarda rivojlanayotgan bir paytda, raqamli texnologiyalar, ayniqsa sun’iy intellekt yuridik faoliyatning muhim va ajralmas qismiga aylanmoqda. Raqamli yechimlar zamonaviy huquqiy munosabatlarni tartibga solish, huquqiy tahlil o‘tkazish, sud va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish hamda yuridik xizmatlar samaradorligini oshirishda keng qo‘llanilmoqda. Shuning uchun huquq sohasiga raqamli texnologiyalarni integratsiya qilish yurist faoliyatining mazmuni va usullarini yangi bosqichga olib chiqmoqda, deyish xato bo‘lmaydi. Olim LawTech, LegalTech va ChatGPT texnologiyalarining yurist kasbiga ta’siri haqida asoslangan fikrlarni keltiradi. Kitobda hatto Singapurning sudlarda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish tajribasi ham tahlil qilingan.

Texnologiyalarning kelajakdagi yuridik faoliyatdagi roli haqida yagona fikr mavjud emas. So‘rov qatnashchilarining 43 foizi texnologiyalarni imkoniyat sifatida baholasa, 25 foizi ularda tahdid ko‘rmoqda, yana 26 foizi esa ularni bir vaqtning o‘zida ham imkoniyat, ham tahdid deb hisoblaydi. So‘rovnoma ma’lumotlarini tahlil qilar ekan, olim bir qator dalillarni keltiradi. «Ba’zi oliy o‘quv yurtlari professorlari kelajakda talablarni ishga joylashishda asosiy raqobatchisi robotlar bo‘lishi haqida hazillashadilar. Prognozlarga ko‘ra, yaqin kelajakda robot-sudyalar va neyrotarmoq-advokatlar real voqeaga aylanadi. Masalan, Xitoyda virtual sudyalar ishlaydigan kibersudlar paydo bo‘ldi. Xitoy hukumati ishlarni ko‘rib chiqish jarayonini takomillashtirish maqsadida sud tizimiga sun’iy intellekt, kibermakon texnologiyalari, blokcheyn va bulutli hisoblashlarni joriy etishga katta qiziqish ko‘rsatmoqda», — deb qayd etadi olim.

Shuningdek, WeChat ijtimoiy tarmog‘ida bir yil ichida 3 milliondan ortiq sud ishini ko‘rib chiqishga ulgurgan «Mobil sud» paydo bo‘ldi. Xanchjou kibersudi onlayn-interfeys orqali ishlaydi. Da’vogar va javobgar videoaloqa formatida ishtirok etadi, sun’iy intellekt asosida yaratilgan kibersudya esa ishglarni ko‘rib chiqadi. Xanchjou kibersudi internetdagi sotuvchilar va xaridorlar o‘rtasidagi nizolarni, mualliflik huquqining buzilishi bilan bog‘liq ishlarni, shuningdek, tarmoqdan sotib olingan tovarlarning sifati bo‘yicha da’volarni ko‘rib chiqadi. Da’vogar arizani onlayn rejimda ro‘yxatdan o‘tkazadi va keyinchalik kibersud tizimida ishtirok etish uchun taklif oladi.

Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sud tizimi samaradorligini oshirish, ishlarni tezkor ko‘rib chiqish va jarayonlarni avtomatlashtirishning muhim vositasi hisoblanadi. Xitoy kabi mamlakatlarda kibersudlar tomonidan nizolarni onlayn ko‘rib chiqish amaliyotini joriy etish raqamlashtirishning amaliy misoli bo‘lib xizmat qiladi. Biroq sud faoliyatining negizida inson huquqlari, adolat, mustaqillik va xolislik prinsiplari yotadi. Sun’iy intellekt dalillarni tahlil qilishi, hujjatlarni tayyorlashi yoki protsessual yordam ko‘rsatishi mumkin, lekin yakuniy qarorni qabul qilish inson-sudyaning vakolati bo‘lib qoladi, bu esa huquqiy davlat prinsiplariga ko‘proq mos keladi. Shuning uchun raqamli texnologiyalarga sudya yoki advokatning o‘rnini bosuvchi vosita sifatida emas, balki ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydigan intellektual vosita sifatida qarash maqsadga muvofiqdir. Bu yondashuv O‘zbekistonda raqamli odil sudlovni rivojlantirish jarayoni uchun ham dolzarb ahamiyatga ega. Yaqinda Prezidentimiz tashabbusi bilan «Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish va sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmon imzolandi. Aynan mazkur hujjatda «Raqamli sud» konsepsiyasining huquqiy asoslari yaratildi. Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun qulayliklar yaratish hamda sud muhokamasini soddalashtirish maqsadida «Raqamli sud» konsepsiyasini amalga oshirish doirasida quyidagilar belgilandi:

a) sudga ariza berishdan oldin sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi va kutilayotgan xarajatlar shakllantiriladi;

b) murojaatlar sudga elektron shaklda yuboriladi;

v) ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga bormaydi va sud majlislarida masofaviy tarzida ishtirok etadi;

g) ishda ishtirok etuvchi taraflar va boshqa shaxslarga sud jarayonlarida barcha ish materiallari bilan elektron shaklda tanishish imkoniyati yaratiladi;

d) sud xarajatlari elektron shaklda hisoblanadi va to‘lanadi, ijro varaqalari esa ijroga avtomatik tarzda yuboriladi;

ye) sud ishlari zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda to‘liq elektron shaklda yuritiladi;

j) sud majlislari bayonnomalari sun’iy intellekt yordamida real vaqt rejimida matnli formatda tayyorlanadi;

z) sud hujjatlari loyihalari avtomatik tarzda shakllantiriladi.

Akademik Akmal Saidovning ilmiy risolasi aynan mana shu jarayonlar tahlili sifatida qimmatlidir. Xususan, kitobda xulosalar bilan birga aniq takliflar ham berilgan. Ular orasida:

– «Raqamli iqtisodiyotda yurist» va «Raqamli iqtisodiyotni huquqiy ta’minlash» kabi o‘quv dasturlari va kurslarini joriy etish;

– Turli xil tanlovlarni tashkil etish;

– Raqamli jamiyat yuristlarining internetda inson va mulkni huquqiy himoya qilish tizimini ishlab chiqish bilan shug‘ullanishi. Yangi avlod yurist-huquqshunoslar virtual fazoda biznes qanday qonunlar asosida qurilishini tushunishi kerak. Yosh kadrlar internet-startaplarning ishlash prinsiplarini biladilar, blokcheyn texnologiyalarida a’lo darajada mo‘ljal oladilar. Kelajakda huquqshunoslar katta ma’lumotlar (Big Data), neyrotexnologiyalar va sun’iy intellekt, taqsimlangan reyestr tizimlari, kvant texnologiyalari va simsiz aloqa texnologiyalari, virtual va to‘ldirilgan reallik kabi asosiy raqamli texnologiyalarni huquqiy jihatdan rasmiylashtirishni ta’minlashlariga to‘g‘ri keladi. Bo‘lajak yuristlar uchun quyidagi masalalarni o‘rganish ham muhimdir:

  • raqamli iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish;

  • kriptovalyuta va mayningni huquqiy tartibga solish;

  • intellektual mulk va innovatsiyalar sohasida raqamli texnologiyalar;

  • smart-kontraktlarning huquqiy maqomi;

  • raqamli bozorlar ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va boshqalar. Bu masalalar bo‘yicha o‘quv-uslubiy adabiyotlarni ishlab chiqish zarur.

Kitob davomida ko‘pchilikni tashvishga solayotgan «SI aynan yuristning o‘rnini bosa oladimi?» degan savolga javob beriladi. «Menimcha, yo‘q. SI uning ishini sezilarli darajada yengillashtirishi mumkin: hujjatlarni tayyorlashda, qonunchilikni tahlil qilishda, huquqiy eksperiment o‘tkazishda. Ammo to‘liq almashtira olmaydi va almashtirmasligi ham kerak: chunki qonun harfidan tashqari, qonun ruhi ham bor».

Kitobda shuningdek, «raqamli asrda huquq dualizmi», «raqamli parlament», «mediakontent» va «Raqamli kodeks» tadqiqotlariga bag‘ishlangan ilmiy tahlillar va maqolalar ham to‘plangan. Xulosa qilib aytish mumkinki, raqamli transformatsiya davri yurisprudensiya uchun faqat tahdidlarni emas, balki ilgari hech qachon ko‘rilmagan imkoniyatlarni ham o‘zida mujassam etadi. Sun’iy intellekt qanchalik takomillashmasin, u qonunning quruq matni doirasidan chiqa olmaydi – qonunning haqiqiy ruhi, adolat va insoniy mas’ullik doimo inson qo‘lida qoladi. Biroq ertalabki kunning haqiqiy egalari raqamli texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirgan va yangi zamon talablariga javob bera oladigan yangi avlod yuristlari bo‘ladilar. Ta’lim tizimini bugun o‘z vaqtida va to‘g‘ri isloh qilish, «raqamli yurisprudensiya»ning mustahkam poydevorini qo‘yish – kelajakdagi adolatli va barqaror raqamli jamiyatning eng muhim kafolatidir. Olimdan chuqur mulohazalarga undaydigan shu kabi yangi asarlarni kutib qolamiz.

 

Saidakmal Mamasoliyev, 

Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi

«Yangiyo‘l» gazetasining   2026-yilning 9-oktyabr №41-42(9339-9340)

Nashr sanasi 09.10.2026 Ko'rishlar 51
Ulashish