O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va unga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka va huquqni qo'llash amaliyotiga tizimli va bosqichma bosqich implementatsiya qilishning o'zbek modeli shakllandi.
O'zbekiston inson huquqlari sohasida 70 dan ziyod xalqaro hujjatga, shu jumladan, BMTning 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta Fakultativ protokoliga qo'shilgan va ularning bajarilishi yuzasidan milliy ma'ruzalar BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi hamda shartnomaviy qo'mitalariga doimiy ravishda taqdim etib bormoqda.
Ilk bora Qonunchilik palatasida Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasi, Xalqaro ishlar va parlamentlararo qo'mitasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktning bajarilishi yuzasidan O'zbekiston Respublikasining Beshinchi davriy hisobotini ko'rib chiqilishi yakunlariga bag'ishlangan O'zbekiston hukumat delegatsiyasining hisoboti yuzasidan parlament eshituvi videokonferentsiya tarzida o'tkazildi.
Eshituvda delegatsiya a'zolari Jeneva konferentsiyasidagi tassurotlari bilan o'rtoqlashdilar.
Yig'ilishni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari A.Saidov olib bordi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy Sud, Bosh prokuratura, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Markaziy saylov komissiyasi vakillari, Bolalar ombudsmani va Biznes ombudsmani, BMTning O'zbekistondagi doimiy koordinatori, AQShning O'zbekistondagi elchisi, YEXHTning loyihalari bo'yicha koordinatori, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi milliy markazi, xalqaro hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Parlament eshituvida ta'kidlanganidek, BMTning Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasida so'nggi yilda O'zbekistonda inson, uning huquq va erkinliklarini himoya qilishda amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar yuqori baholangan. Qo'mita jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish, sud hokimiyatining mustaqilligini ta'minlash, bolalar mehnati va majburiy mehnatga jalb etishni bartaraf etish hamda korruptsiyaga qarshi kurashish borasida fuqarolik jamiyati institutlarining ahamiyatini yanada ko'tarishni ijobiy qabul qilgan. Ayniqsa, O'zbekiston tomonidan hisobot davrida fuqarolik va siyosiy huquqlar sohasida qonunchilik va institutsional choralari ko'rilayotgani, inson huquqlari bo'yicha xalqaro-huquqiy mezonlar O'zbekistonning milliy qonunchiligiga tizimli joriy etilayotgani har tomonlama ma'qullandi.
O'zbekistonda korruptsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri sanaladi. “Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi qonun, tegishli Davlat dasturi qabul qilingani buning amaliy ifodasidir. O'zbekiston korruptsiyaga qarshi kurashish yo'nalishida Stambul harakatlar rejasi doirasida iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotida faol qatnashmoqda.
Yig'ilishda shular bilan bir qatorda, O'zbekistonda penitentsiar tizimini isloh qilish, yarashtiruv institutini joriy etish, ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan bog'liq bo'lmagan muqobil jazo turlarini qo'llash, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari ko'magida sobiq mahkumlarning ijtimoiy moslashuvini ta'minlash, eng muhimi, Jasliqdagi jazoni ijro etish maxsus koloniyasining yopilishi Inson huquqlari bo'yicha qo'mita tomonidan yuqori baholangani alohida ko'rsatib o'tildi.
Beshinchi davriy hisobotda ayollarning huquq va manfaatlarini ta'minlash, gender tengligi sohasida qabul qilinayotgan qonun hujjatlari loyihalarini ekspertizadan o'tkazish, onalik va bolalikni himoya qilish, oila institutini mustahkamlash yo'nalishida Inson huquqlari bo'yicha qo'mitaning oldingi tavsiyalari O'zbekiston tomonidan ijrosi ta'minlanganligi katta yutuq, deb e'tirof etilgan.
Videokonferentsiya ishtirokchilari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasi tomonidan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktning bajarilishi yuzasidan O'zbekiston Respublikasining Beshinchi davriy hisobotini batafsil ko'rib chiqishdi.
Qizg'in muhokamalardan so'ng BMT Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasining tavsiyalari asosida milliy qonunchilikni takomillashtirish, xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish, muntazam ravishda jamoatchilikka keng axborot berish, BMTning tegishli tuzilmalariga yetkazish borasida “Yo'l xaritasi”ni ishlab chiqish maqsadga muvofiq, deb topildi.
Manba: O'zA
- Qo'shildi: 02.05.2020
- Ko'rishlar: 4763
- Chop etish