Mamlakatimizda aholi soni va turizm oqimining oʻsishi oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabni ham oshirmoqda. Hozirgi kunda goʻshtga boʻlgan yillik talab 2 million 150 ming tonnani, ishlab chiqarish hajmi esa 1 million 600 ming tonnani tashkil etmoqda.
Shu bois, taqdimotda 2026-2028-yillarda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish boʻyicha ishlab chiqilgan kompleks choralar muhokama qilindi.
Faoliyat yuritmayotgan korxonalarni tiklash, chorvachilikka ixtisoslashgan tumanlarni qoʻllab-quvvatlash, aholi xonadonlarida yengil konstruksiyali molxonalar qurish va yangi loyihalarni amalga oshirish hisobiga qoʻshimcha 190 ming tonna goʻsht ishlab chiqarish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Jumladan, faoliyati toʻxtab qolgan 103 ta chorvachilik korxonasini sogʻlomlashtirish rejalashtirilgan. Ularning qarzlarini restrukturizatsiya qilish yoki oʻn yilga boʻlib toʻlash, ozuqa yetishtirish uchun yer maydonlari ajratish va naslli mollar bilan taʼminlash taklif etildi. Natijada 33 ming bosh qoramol parvarishlanib, yiliga 12 ming tonna goʻsht va 40 ming tonna sut ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Chorvachilikka ixtisoslashgan 13 ta tumanda 75 ming gektar ozuqa maydonidan samarali foydalanish, kichik chorvachilik loyihalarini moliyalashtirish, sut qabul qilish punktlari va ozuqa sotish shoxobchalarini tashkil etish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, aholi xonadonlarida 20 sotix maydonda yengil konstruksiyali 11 mingta molxona qurish va ularda 421 ming bosh qoramol parvarishlash rejalashtirilgan.
Umumiy qiymati 3 trillion soʻm boʻlgan 802 ta yangi loyiha doirasida 68 ming boshdan ziyod qoramol hamda 186 ming bosh qoʻy va echki parvarishlash koʻzda tutilgan. Ushbu loyihalar yiliga qoʻshimcha 20 ming tonna goʻsht va 120 ming tonna sut ishlab chiqarish imkonini beradi.
Qoraqalpogʻiston misolida chorvachilik komplekslarini sogʻlomlashtirish boʻyicha sunʼiy intellekt yordamida tayyorlangan tahlil natijalari ham koʻrib chiqildi. Oʻrganilgan 20 ta kompleksning qarzi 109,6 milliard soʻmni tashkil etib, ularning yarmi yuqori xavfli toifaga kiritilgan. Aksariyat obyektlarda ozuqa maydonlari va zarur infratuzilma yetarli emas.
Shundan kelib chiqib, qarz yukini yengillashtirish, ozuqa bazasini shakllantirish, komplekslarni dastlab pilot tartibida, keyinchalik bosqichma-bosqich ishga tushirish va naslli mollar bilan taʼminlash boʻyicha takliflar bildirildi.
Moʻgʻulistondan 150 ming bosh qoʻy, Xitoy va Yevropa davlatlaridan 100 ming bosh naslli qoramol, Belarus Respublikasidan 2 ming bosh mol olib kelish rejalashtirilmoqda. Bu orqali yiliga qoʻshimcha 44 ming tonna goʻsht ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Umuman, chorvachilik tarmogʻini rivojlantirish uchun 463 million dollar miqdorida mablagʻ yoʻnaltirish koʻzda tutilgan.
Aholi xonadonlari va chorvachilikka ixtisoslashgan mahallalarni qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Respublikada 191 ta tumanda 2 ming 407 ta chorvachilikka ixtisoslashgan mahalla mavjud boʻlib, ularda 823 mingta xonadon va 3,9 million nafar aholi istiqomat qiladi.
Ushbu xonadonlarga arzon chorva mollari yetkazib berish, sigirlarni sunʼiy urugʻlantirish, yem-xashak taʼminoti va zooveterinariya xizmatlarini yaxshilash, nasldor buzoqlarni identifikatsiya qilish hamda ular uchun subsidiya ajratish taklif etildi. Natijada xonadonlarda chorva bosh soni va mahsuldorlik ortishi, aholi uchun qoʻshimcha daromad manbalari yaratilishi kutilmoqda.
Naslchilik sohasida 13 ta tumanda har biri 200 bosh qoramolga moʻljallangan xoʻjaliklar tashkil etish, yiliga 500 ming bosh sigirni saralangan urugʻ bilan sunʼiy urugʻlantirish va embrion transplantatsiyasi texnologiyalarini keng joriy qilish rejalashtirilgan.
Taqdimotda Oʻzbekiston chorvadorlar uyushmasini tashkil etish taklifi ham koʻrib chiqildi. Yangi tuzilma chorvadorlar manfaatlarini himoya qilish, kooperatsiyani rivojlantirish, naslchilik ishlari, ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash, moliyaviy koʻmak koʻrsatish hamda tashqi bozorlarga chiqishga koʻmaklashish bilan shugʻullanadi.
Fermerlar va aholi uchun “Smart Fermer” yagona raqamli yordamchisi ham taqdim etildi. Mobil ilova orqali chorva mollarini identifikatsiya qilish, veterinar chaqirish, sunʼiy urugʻlantirish, oziqlantirish va yaylovlarni boshqarish boʻyicha maʼlumot olish, subsidiyalarga murojaat qilish va sunʼiy intellekt asosida maslahat olish mumkin boʻladi.
Parrandachilik sohasida umumiy qiymati 432 million dollar boʻlgan loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. Mazkur loyihalar hisobiga 2028-yilgacha qoʻshimcha 100 ming tonna parranda goʻshti ishlab chiqarish, ozuqa-yem quvvatini 3,3 million tonnaga yetkazish va zamonaviy soʻyish tizimi qamrovini 20 foizdan 50 foizga oshirish maqsad qilingan.
Davlatimiz rahbari loyihalarning iqtisodiy samaradorligini chuqur tahlil qilish, mablagʻlarni manzilli yoʻnaltirish, raqamli hisob va monitoringni yoʻlga qoʻyish, ichki bozorni sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan barqaror taʼminlash boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
